ILLATGA ALDANGANLARNING NAJOTKORI yoxud viloyat narkologiya dispanserida ishlayotgan fidoyilar haqida


Bundan bir necha yil muqaddam bir erkakni dispanserga olib kelishdi. U o‘zining agressivligi bilan yaqinlari va hatto shifokorlarni ham juda qiyin ahvolga solib qo‘ygandi. Keyin ma’lum bo‘lishicha, Buxoro tumanidagi mahallalardan birida yashovchi bu inson ichkilikka shu qadar berilganidan atrofdagi kishilarning halovatini o‘g‘irlagan: to‘y va ma’rakalarda janjallar ko‘targan, bemahalda odamlarning uylariga borib ularning tinchini buzgan, o‘z farzandlarini qishning sovuq kunlarida ko‘chaga haydagan… Vaqt o‘tishi bilan hammasi iziga tushib ketdi. Psixologik suhbatlar, muolajalar o‘z samarasini berdi. Hozir oltmish yoshdan oshib qolgan bu kishi ichkilikni butunlay tashlab, o‘z biznesini boshlagan. Har zamonda dispanserga kelib, bu yerdagi shifokorlarga rahmat aytib ketadi…

Giyohvandlikka qarshi kurashish va ichkilikbozlikning oldini olish, bu illatga mubtalo bo‘lgan bemorlarni davolashda mamlakatimizda izchil ishlar olib borilmoqda. Bu boradagi amaliyotning ham o‘z tarixi bor. Bir so‘z bilan aytganda, bugun ushbu sohada hukumat tomonidan o‘ndan ortiq me’yoriy hujjatlar qabul qilingan bo‘lib, shular asosida chora-tadbirlar belgilanib, hamkorlikdagi ishlar bajarib kelinmoqda.
Viloyatda aholiga o‘ttizdan ortiq vrach-narkolog xizmat ko‘rsatadi. Ularning 13 nafari oliy toifali, 6 nafari birinchi hamda 3 nafari ikkinchi toifali bo‘lib, 11 nafari klinik ordinaturani tamomlagan mutaxassislardir. Ayni paytda dispanserda yigirmadan ortiq narkolog, yuzdan ortiq hamshira va shuncha kichik tibbiy xodim mehnat qilayotir. Jamoaga Jahon Xolov rahbarlik qilmoqda.

Mavjud 142 statsionarning 50 tasi ixtiyoriy hamda 92 tasi majburiy davolanish bo‘limari uchun ajratilgan. Bu yerda bemorlar uchun tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya dasturlari tuzilgan, shifokorlar tomonidan individual, guruh, oilaviy psixoterapiya usulida davolash ishlari olib boriladi. Majburiy davolanish bo‘limida IIB qo‘riqlash bo‘limi nazorat o‘rnatgan. Vazirlar Mahkamasining tegishli farmoyishiga asosan, Buxoro hamda Kogon shahridagi tibbiy hushyorxona dispanserga “Mastlik holatidagi shaxslarni reabilitatsiya qilish punkti” sifatida ko‘chirilgan.

Agar o‘tgan yil va joriy yil birinchi choragi ko‘rsatkichlariga e’tibor qaratdigan bo‘lsak, surunkali alkogolizmga chalingan shaxslarni aniqlash va dispanser nazoratiga olish, birlamchi kasallanish holatlari kamaygan. Bunda tibbiyot hamda organ xodimlarining o‘zaro hamkorligi muhim ahamiyatga ega bo‘lmoqda. Hisobot davrida dispanserizatsiya qilingan bemorlar ko‘rsatkichini hududlar kesimida taqqoslaydigan bo‘lsak, Buxoro shahri (1452 – ichkilikboz, 74 – giyohvand), G‘ijduvon (557 – ichkilikboz, 5 – giyohvand), Buxoro tuman (351 – ichkilikboz, 5 – giyohvand)lari ro‘yxatning oldini band etgan.
2018 yil 24 dekabrda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Jamoat xavfsizligini ta’minlash samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-4075-sonli qarori ijrosini ta’minlash bo‘yicha dispanserda 20 o‘ringa mo‘ljallangan reabilitatsiya punkti joriy etildi. Tumanlarda 10 o‘ringa moslashtirilgan shunday punktlar ayni paytda jihozlanmoqda. Ayrimlarida ta’mirlash va pardozlash ishlari olib borilmoqda va ular aprel oyining ikkinchi o‘n kunligida shay holga keltiriladi.

Spirtli ichimlik ichishga mukkasidan ketgan kishilar bilan ishlash jiddiy mas’uliyat va nazoratni talab etadi. Aksariyat hollarda Milliy gvardiya va ichki ishlar xodimlari tomonidan olib kelingan bemorlar tekshiruvdan o‘tkazilib, hushyorxonaga joylashtiriladi. Organizmi ichkilikka tobe bo‘lganlar bu yerdan tezroq chiqish ilinjida har qanday xatti-harakatdan qaytmaydi. Atrofdagilar bilan ziddiyat chiqarishga, hatto o‘z salomatligiga jiddiy shikast yetkazishga intiladi. Organ xodimlari tan jarohati yetkazish mumkin bo‘lgan ashyolarni olib qo‘yadilar.
31 yildan buyon tizimda mehnat qilib kelayotgan tajribali narkolog Sobir Nabiyev bu yerda amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida bizga gapirib berdi.

Yo‘l-patrul xizmati xodimlari tomonidan olib kelingan sarxush insonlarni tekshiruvning ham qator usullari mavjud. Turli harakatlar va mashqlar bajartirish, tez aytish orqali bemorning holatiga aniqlik kiritiladi. Masalan, vrach unga turgan joyida o‘n marotaba aylanib to‘xtashni, to‘g‘ri chiziq bo‘ylab yurishni, polga tashlangan tangalarni terib olishni, qo‘llarni oldinga uzatgan holda o‘ng oyoqni orqaga bukish, ruchka uchiga qarab boshni turli taraflarga siljitish, jadvaldagi mavjud sonlar ketma-ketligini aniqlash kabi vazifalarni buyurishi mumkin. Tez aytish orqali shifokorlar ularning nutqi va so‘zlash qobiliyatini tekshiradilar. Mastlik holatini aniqlashda zamonaviy Metaanalizator AKPE-01 apparati yaqindan yordam beradi.

Tekshiruvlardan bo‘yin tovlash yoki tekshiruv xulosasidan qat’iy nazar, ichkilik ichganini tan olmay turadigan holatlar ham uchrab turadi. Ichkilik ta’siri 3 va hatto 12 soatgacha o‘zgarmay qolgan bemorlar ixtiyoriy davolash bo‘limiga jalb etiladi. Sarxushlik holatida inson o‘z xatti-harakatiga javob bera olmay qoladi, shu sabab ko‘pincha ma’lum vaqt o‘tib hushini yig‘ib olgach, qilgan agressiyasi uchun bu yerga keluvchilarning o‘zlari uyalib qolgan va tibbiyot xodimlaridan kechirim so‘ragan kezlar ko‘p kuzatilgan.
-Yoshim 66da. Qurilishda ishlab, nafaqaga chiqqanman. Ko‘p yillar muqaddam tikuv fabrikasi binosida ta’mirlash ishlarini olib borayotganda tasodifan balandlikdan yiqilib, bosh miya chayqalishi, degan daxmazani orttirib oldim. Keyinchalik shu narsa meni ichkilikka berilishimga sabab bo‘ldi. Eng yomoni, ichsam o‘zimni idora qila olmaydigan bo‘ldim. Bora-bora bu illat o‘z salomatligimga ham putur yetkaza boshladi. Shifokorlar ichkilik men uchun oxiri voy bo‘lishini tushuntirishdi. Yigirma kunlik muolajalardan keyin o‘zimni og‘ir yuklardan xalos bo‘lgandek yengil his qilayapman. Shifokorlar va hamshiralardan minnatdorman, baraka topishsin, – deydi Buxoro shahridan kelgan Sharif Eshonqulov.

-Bu illat ta’siriga tushib qolganimga o‘n besh yil bo‘ldi. Buning oqibatida oilamni – bolalarimni yo‘qotdim. Yolg‘iz qoldim. Yaqinda yonimga opam ko‘chib keldi. Uning ham tinchini o‘g‘irladim. Meni davolatish ilinjida qo‘lidan kelganini qilayapti. O‘ylab qarasam, bu yerda davolanayotganimga olti yil to‘layapti. Yoshim ellikdan oshdi. Demak, umrning eng shiddatli davrlari o‘tib ketibdi. Boshqalar kabi bag‘rim but, farzandlarim yonimda bo‘lsa edi deyman. Ko‘p narsani boy berganimni endi tushunib yetdim, – deydi bemorlardan biri O‘ktam Nekov.
Shifokorlar – Ilhom Toshev, Azamat Fayziyev, Nodira Gaziyeva, Azizbek Elbekov, Baxtiyor Hojiyev, Siroj Islomov, Malika Reimbayeva, hamshiralar va feldsher – Mubina G‘aybullayeva, Sakina Boboyeva, Orif Azimov, Ramazon Qilichev, Sadoqat Ro‘ziyeva, kichik tibbiy xodim va xodimalar – Nozim Fayzullayev, Gulsanam Yuldashevalardan bugun bemorlar minnatdor.

Hamzabek TURDIYEV

This entry was posted in Yangiliklar. Bookmark the permalink.