Beparvolik – yomon oqibatlarning boshi yoxud Buxorodagi “COVID-19”dagi vaziyat haqida

Buxoro viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i G‘afur SAIDOV O‘zA muxbiriga quyidagilarni ma’lum qildi.

– Shu yil 14 martga qadar Buxoro viloyatida koronavirus infeksiyasi bilan yotgan birorta ham bemor yo‘q edi. Bizda o‘tgan yili 8 bemor vafot etgan, hozirgacha 1 ming 378 nafar bemor sog‘ayib chiqqan. Afsuski, 14 martda yana bitta COVID-19 bemori, 15 martda 3 nafar , 16 martda  2 nafar, 17 martda 6 nafar, 18 martda 5 nafar, 19 martda ham 5 nafar bemor aniqlandi. Ayni paytda ana shu 22 nafar bemorning 2 nafari og‘ir ahvolda bo‘lgani uchun viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasining maxsus bo‘limiga yotqizilgan. Qolganlari yengil formadagi (qoniqarli) bemorlar bo‘lgani uchun uy sharoitida davolanmoqda. Ularga barcha profilaktik-davolanish sharoitlari yaratib berilgan.

Shahar va tumanlar kesimida oladigan bo‘lsak, aniqlangan bemorlarning 7 nafari Romitan tumanidan, 11 nafari Buxoro shahridan, 3 nafari Vobkent tumanidan va 1 nafari Buxoro tumanidan.

Shuni ham aytish kerakki, aholi uchun “xavotirlanishga o‘rin yo‘q” degan gapni faqat tibbiy muassasalarning va shifokor kadrlarning tayyorgarlik darajasiga nisbatan ishlatish mumkin. Chunki viloyat bo‘yicha o‘tgan yilgi tajribadan so‘ng bemorlarni yotqizish uchun 4 ming 321 ta zaxira o‘rin tayyor holda turibdi. (Avvalo, buncha sonda bemor bo‘lmasin, deya niyat qilamiz). O‘rinlarning 2 ming 65 tasi kislorod nuqtalari bilan ta’minlangan. Bundan tashqari, COVID-19 kasalligini boshidan o‘tkazgan fuqarolar uchun tibbiyot muassasalarida 260 ta reabilitatsiya o‘rinlari mavjud. Kasallarni davolash uchun ishlatiladigan 49 turdagi jami 1 milliard 133 million so‘mlik dori vositalari zaxirada turibdi.

Aholiga esa “xavotirlanishga o‘rin yo‘q” deya olmaymiz. Chunki, beparvolik, xotirjamlik infeksiyaning yana tarqalishiga olib kelishi mumkin. Karantin yumshatilgan, lekin bekor qilingani yo‘q. Shuning uchun fuqarolardan niqob taqib yurish, antiseptik vositalardan foydalanish, joylarda odamlar orasida masofani saqlash talab etiladi. O‘zini asraganni xudo asraydi, degan hikmatni unutmaslik kerak. Shu o‘rinda, jamoatchilik vakillaridan ham, ayniqsa, mahalla, maktab, bog‘cha va boshqa muassasalar rahbarlaridan koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish uchun o‘z nazoratlari ostidagi joylarda e’tiborni yana bir karra oshirishlarini so‘rar edik. Kirish joylarida dezinfeksiya, tana haroratini o‘lchab ko‘rish ishlari davom etishi kerak. Beparvolik – yomon oqibatlarning boshi. Ahvol yomonlashuvidan saqlanish uchun hushyorlikni boy bermaslik lozim. Doim ta’kidlaganimizdek, kasallikni davolashdan ko‘ra oldini olgan afzalroqdir.

Uza.uz

This entry was posted in Yangiliklar. Bookmark the permalink.