Saraton (rak) haqida nimalar bilamiz?

Saraton kasalligi – epiteliy to‘qimasidan rivojlanadigan xavfli o‘sma. Epiteliy hujayrasi bor barcha a’zolar – teri, shilliq qavatlar, qizilo‘ngach, o‘pka, me’da-ichak yo‘llari, siydik-tanosil a’zolari, shuningdek, miya va hokazolarda paydo bo‘ladi. Rak hujayralari juda tez bo‘linadi va rivojlanadi hamda atrofdagi sog‘lom hujayralarni yemirib boradi.

Boshqa xavfli o‘smalar kabi, rak ham, odatda, o‘zi o‘rnashgan joydagi to‘kimani yemirishi, retsidiv, metastaz berishi va organizmning umumiy holatiga ta’sir ko‘rsatishi, kaxeksiya (qoqsuyak bo‘lib ozib ketish) bilan xavfsiz o‘smalardan farq qiladi. Rak alohida viruslar faoliyati, shuningdek, turli fizik, kimyoviy va biologik omillar, kanserogen moddalarning odam organizmiga ta’siri hamda organizmning o‘zida sodir bo‘ladigan endogen (ichki) kanserogen moddalar, radioaktiv nurlar ta’sirida vujudga kelishi mumkin.

Rak to‘satdan paydo bo‘lmaydi, ko‘pincha, rak nishonasi deb atalib, surunkali kechadigan patologik o‘zgarishlardan so‘ng rivojlanadi, shuningdek, teri, me’da, bachadon bo‘ynidagi uzoq vaqt bitmaydigan yaralar, poliplar, sut bezlari fibroadenomatozi va boshqalar oqibatida ham paydo bo‘ladi. Ammo shu kasalliklardan keyin, albatta, rak rivojlanadi deb bo‘lmaydi, chunki saratonga sabab bo‘ladigan kasalliklar o‘z vaqtida uzil-kesil davolansa, uning oldini olish mumkin.

Erkaklarda ko‘proq me’da, bronxlar, teri, pastki lab, og‘iz bo‘shlig‘i, halqum, o‘pka (xususan, kashandalarda), tanosil a’zolari saratoni uchraydi; ayollarda esa bachadon, ovqat hazm qilish a’zolari, sut bezlari va teri raki kuzatiladi.

Rak boshlanayotganda, u tananing qaysi qismida rivojlanishidan qatiy nazar, qattiq og‘riq bermaydi. Shu sababli, bemor shifokorga, ko‘pincha, kech murojaat qiladi, natijada kasallik ancha zo‘rayib ketadi. Rakni davolash imkoni boricha erta boshlansa, yaxshi natijalarga erishish mumkin.

Pastki lab raki, ko‘pincha, pastki lab qizil hoshiyasi ustida uzoq vaqt bitmaydigan yara va qon sizib turadigan yoriqchalar, oq dog‘lar (leykoplakiya) bo‘lishi natijasida vujudga keladi. O‘smaning oldini olish uchun pastki lab va og‘iz bo‘shlig‘i kasalliklarida, albatta, chekishni tashlash lozim.

Qizilo‘ngach saratoni («qiltomoq» kasalligi) aksariyat rak oldi kasalliklari oqibatida kelib chiqadi. Qizilo‘ngach saratonida bemor dastlab quyuq, keyinchalik suyuq ovqatlarni ham yuta olmay qoladi. Ko‘pincha, to‘sh orqasida, ba’zan ko‘krak pastida va qorin sohasida og‘riq sezadi. Ovqat yutganda salgina qiyinchilik sezilsa, darhol shifokorga murojaat qilish kerak.

Me’da raki ko‘p uchraydigan va aksariyat surunkali me’da yarasi, polipi, shuningdek, surunkali gastritning ba’zi shakllari oqibatida kelib chiqadi. Me’da raki bilan ayollarga nisbatan erkaklar ko‘proq og‘riydi; odatda, 40-60 yoshli kishilar o‘rtasida ko‘p uchraydi.

Kasallik boshda sezilmaydi, bemorning damoni kuriydi, mehnat qobiliyati susayadi, ozib keta boshlaydi, rangi siniqadi; keyinchalik ishtaha yo‘qolishi, ko‘ngil aynishi, jig‘ildon qaynashi, hiqichoq tutishi, kekirish, ba’zan qusish alomatlari, shuningdek, me’dada qattiq og‘riq paydo bo‘ladi. Bunday alomatlar ro‘y berganda darhol shifokorga murojaat qilish zarur.

To‘g‘ri ichak raki ko‘proq ichakdagi polidan paydo bo‘ladi. Bunda soxta hojat kistashi, shilliq yoki qon aralash ich kelishi kuzatiladi, kasallik avj olgandan so‘ng ichakdan qon oqadi. Qon ketishi, ko‘pincha, bavosirda ham ro‘y beradi, shuning uchun qon ketishi sababini faqat vrach aniqlashi mumkin.

O‘pka raki o‘pkaning surunkali kasalliklari (o‘pka sili, zotiljam, bronx poliplari, pnevmokonioz) bilan tez-tez og‘rib turish va h. k. oqibatida vujudga kelishi mumkin.    Bu saraton ko‘proq kashandalarga “hamroh” bo‘ladi.

Sut bezlari raki ko‘proq sut bezlarida hosil bo‘ladigan qattiq, og‘riqsiz tugunchalar, rak oldi o‘smasi (xavfsiz o‘sma), fibroadenomatolarni o‘z vaqtida davolamaslik natijasida rivojlanadi. Sut bezlarida arzimagan tuguncha borligi sezilsa, darhol shifokorga murojaat qilish kerak.

Ayollarda ko‘p uchraydigan bachadon raki bachadondan surunkali kasalliklar – eroziya, polip va oq dog‘lardan paydo bo‘ladi. Tug‘ruq va abortda bachadonning jarohatlanishi, uni o‘z vaqtida davolatmaslik ham bachadon rakiga sabab bo‘ladi. Kasallik hech qanday belgisiz kechadi, keyinchalik avj olganidan so‘ng bemorda oqchil ko‘payib, hayz sikli buziladi, qon ketadi va, nihoyat, og‘riq paydo bo‘ladi. Shu bois har bir ayol jinsiy hayot kechira boshlagan kundan boshlab kamida bir yilda 2 marta (klimakteriya davrida 4 marta) ginekolog ko‘rigidan o‘tib turishi shart.

M.SHARIPOV,

RIO va RIATM Buxoro filiali vrach onkologi

 

This entry was posted in Yangiliklar. Bookmark the permalink.