Tayanch harakat tizimiga doir murakkab amaliyot

Ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamning zamonaviy va samarali tizimini yanada takomillashtirish, profilaktika va kasalliklarni barvaqt aniqlash choralarini kuchaytirish, aholiga, shu jumladan, hududlarda yuqori malakali ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish samaradorligini oshirish maqsadida so‘nggi yillarda qator ishlar amalga oshirildi.

Ayni paytda onkologiya va radiologiya, neyroxirurgiya, travmatologiya va ortopediya, allergologiya, nevrologiya, nefrologiya, bolalar xirurgiyasi kabi ko‘plab yo‘nalishlar takomillashmoqda. Soha rivojida tajribali soha mutaxassislarining hududlarga chiqib ko‘rsatayotgan amaliy yordamlari va o‘tkazayotgan mahorat darslari muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Xabaringiz bor, viloyatimizga Prezident tashrifi va bu tashrif doirasida berilgan topshiriqlardan so‘ng bu boradagi amaliy ishlar yanada jadallashdi.

«Tayanch-harakat tizimi o‘smalari» yo‘nalishida amaliyotga tadbiq etilayotgan tashxislash va davolashga doir yangi zamonaviy usullardan samarali foydalanish, mahalliy mutaxassislar bilan sohaga aloqador kamchiliklarni muhokama qilish, murakkab jarrohlik amaliyotiga muhtoj bemorlarga joylarga chiqib amaliy yordam berish maqsadida Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi katta ilmiy xodimi, tibbiyot fanlari nomzodi Xurshid Ganjiyevich Abdikarimov viloyatimizga tashrif buyurdi.

Tashrif doirasida mutaxassis tomonidan RIORIATM Buxoro filialida davolanayotgan bemorlarning ko‘rigi o‘tkazildi va ularga tegishli tavsiya, maslahatlar berildi.

Son va katta boldir suyagi xavfli o‘smalari bilan filialda davolanayotgan ikki bemorga Buxoro viloyatida ilk bor a’zo saqlovchi, rekonstruktiv qayta tiklash yuqori texnologik – tizza bo‘g‘imini endoprotezlash jarrohlik amaliyoti bajarildi.

Operatsiya davomida tajribali mutaxassisga filial jarrohlari Q.Odilov va R.Hakimovlar assistentlik qilishdi. Operatsiyaning muvaffaqiyati va samaradorligi shundaki, amaliyotdan bir kun o‘tib har ikkala bemor o‘z oyoqlarida mustaqil harakatlana oldi.

Buxoro viloyat SSB Axborot xizmati

 

This entry was posted in Yangiliklar. Bookmark the permalink.