Yangiliklar

(O`zbek) YOSHLAR – QUDRATLI QANOTLARIMIZ

Yoshlarga oid siyosat O‘zbekiston Respublikasi davlat faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib, uning maqsadi yoshlarning ijtimoiy shakllanishi va kamol topishi, ijodiy iqtidorini jamiyat manfaatlari yo‘lida imkon boricha to‘la-to‘kis ro‘yobga chiqish uchun ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy, tashkiliy jihatdan shart-sharoit yaratish hamda ularni kafolatlashdan iborat.

Har qanday mamlakat o‘z kelajagini jismoniy va ma’naviy jihatdan barkamol yoshlarda ko‘rishi tabiiy. Barkamol, sog‘lom avlod tarbiyasi uchun qayg‘urish, ularning huquqlarini himoya qilish va ro‘yobga chiqarish har bir jamiyat, oila, qolaversa, har bir fuqaroning muqaddas burchi, insoniylik mas’uliyatidir. Mamlakatimizda  yoshlar muammosiga u yoki bu darajada aloqador bo‘lmagan birorta tashkilot yoki shaxsning o‘zi yo‘q. Yoshlarni barkamol etib tarbiyalashda har birining o‘z o‘rni, ahamiyati, o‘ziga xos ta’siri bor.Ushbu dolzarb masalani nazarda tutgan holda

2016 yil 14 sentyabrda 406 -sonli O‘zbekiston Respublikasining

“ Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risidagi” Qonun qabul qilindi. Ushbu qonun 4 bob va 33 moddadan iborat.

Barkamol avlodni tarbiyalashda oila, mahalla, ta’lim muassasasi hamkorligi, ta’lim va tarbiya sohasiga e’tiborni kuchaytirish, bu borada hukumatimiz tomonidan qabul qilingan qonun va hujjatlar, ma’muriy ko‘rsatmalarni samarali bajarish uchun oila, mahalla, ta’lim muassasasi hamkorligi faoliyati o‘ziga xos pedagogik tizim, uslub va shakllarga ega bo‘lishi zarur.

Yoshlar o‘rtasida o‘tkazilayotgan tadbirlar har tomonlama, puxta, mantiqan teran, ko‘rgazmali va qiziqarli, ta’sirchan, ommabop, amaliy jihatdan qisqa va lo‘nda, estetik jihatdan keng ko‘lamli bo‘lishiga ahamiyat berilishi lozim.

Ushbu tadbirlar urf-odatlarimizni, madaniyat va tarixni o‘rganish, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularda sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, milliy xunarmandchiligimizni e’zozlash, milliy g‘ururni yuksaltirish, tashkiliy-tarbiyaviy ishlar samarasini oshirish, sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalashda muhim ahamiyatga ega.

Yoshlar tarbiyasi ikki tomonlama – oila va jamoatchilik tomonidan amalga oshiriladi. Oila tarbiyasi azaldan sog‘lom fikrlovchi, yuksak axloqli, ijtimoiy faol insonni shakllantirishning asosiy omillaridan bo‘lib kelgan. Bugungi kunda oilaning bu sohadagi mas’uliyati yanada kuchayib bormoqda. Ayniqsa, “ma’naviy hayotimizni yuksaltirishda, jamiyatimizda ezgu insoniy fazilatlarni keng qaror toptirishda, tobora kuchayib borayotgan, bizning milliy tabiatimiz, urf-odatlarimizga mutlaqo zid bo‘lgan har qanday zararli ta’sirlar, buzg‘unchi g‘oyalarga qarshi turishda, azaliy qadriyatlarimizni asrab-avaylashda oilani mustahkam tayanch deb bilamiz”. Bozor iqtisodiga o‘tish bilan bog‘liq muammolar ham har bir oilada farzandlar tarbiyasiga yanada jiddiyroq yondoshish, ularning davr ruhi, muhiti, muammolarini chuqurroq tushunib olishni, to‘g‘ri yo‘lni tanlab olishlariga ko‘maklashishni talab qilmoqda.

Oiladagi tarbiya avvalo bolalar axloqini shakllantirish maqsadini nazarda tutadi. Shu jarayonda mahalla odobi ham o‘rgatib boriladi. Har qaysi ota-ona dastavval mahalla keksalarini hurmat qilish, kattalar oldida o‘zini tutish, nasihatlarga quloq solish, sog‘lom turmush tarzi tamoyillariga rioya qilish, giyohvandlik, axloqsizlik, chetdan kirib kelayotgan har xil zararli ta’sirlardan “ommaviy madaniyat” niqobi ostidagi tahdid va xatarlardan asrashga harakat qiladi.

O‘smirlik yoshidanoq kiyinish odobiga o‘rgatish mahallaga hurmat hissini shakllantira boradi. Zero, mahalla ahli har bir kishining, xususan, yoshlarning xulq-atvoriga baho berar ekan, avvalo kiyinishiga e’tibor beradi. Kiyinishdagi kamtarlik, odob-hayo yoshlar odobi ifodasi sanaladi. Maromida kiyingan, me’yorida bezak taqqan yoshlar mahalla e’tibori, ehtiromiga sazovor bo‘ladi. Qizlar hayo va iboni dastlab oilada, keyin mahallada o‘rganadi, kattalardan dakki eshitmay deb ochiq-sochiq ko‘chaga chiqmaydi. Bo‘lajak kelin yoki kuyovlarining kimligini ota-onalar mahalla kattalaridan surishtiradi. Sovchilar ham kelin yoki kuyov bo‘lmishning uyiga qadam ranjida qilishdan avval qo‘shnilarining xonadoniga kirib, ularning xolis bahosiga qarab ish tutadilar. Shuning uchun ham “Bir bolaga etti qo‘shni ota-onadir”, degan naql bor. Tarixan tarkib topgan milliy va ma’naviy qadriyatlarni e’zozlash va izchil targ‘ib qilish, xalqimizning eng yaxshi udum va an’analarini keng ommalashtirish, respublikaning mahallalari o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi madaniyatini shakllantitish, madaniy va ma’rifiy ishlarni keng yo‘lga qo‘yish, shuningdek ularni ijtimoiy va iqtisodiy jihatdan yanada mustahkamlash borasida bugungi kunda  qator tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Hozirgi kunda mahallalarning ta’lim-tarbiya muassasalari bilan hamkorligi ortib bormoqda. Bu holni o‘tkazilayotgan turli tadbirlar misolida ko‘rish mumkin: “Bebaho milliy qadriyatlarimiz”, “Yoshlar orasida turli ko‘rinishdagi huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish”, “Orttirilgan zararli odatlar”, “Sog‘lom turmush tarzi”, “Sog‘lom hayot- sog‘lom zurriyot”, “Giyohvandlik – illat” mavzusidagi ma’naviy-ma’rifiy hamda madaniy tadbirlar, davra suhbatlari, bahs va munozaralar yoshlar uchun tarbiya maktabi bo‘lmoqda. Etuk mutaxassislar, shifokorlar, olim, yozuvchi va shoirlar ishtirokida o‘tkazilayotgan bunday tadbirlar, shubhasiz yoshlarda katta taassurot qoldirmoqda, ular ongida ona-Vatanga muhabbat, milliy qadriyatlarimiz, an’analarimizga hurmat hamda faxr-iftixor tuyg‘ularini oshirishga, shu bilan birga ma’naviyatini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.

Zero, sog‘lom, ma’naviy etuk va madaniyati yuqori bo‘lgan yoshlar yurt kelajagidirlar.

 

 

 

 

K.X.Abduraxmanov

Salomatlik va tibbiy statistika instituti vrachi

Показать больше

Related Articles

Close
Close