Yangiliklar

(O`zbek) Saylov – 2016: Fuqarolar bo‘lajak saylovga katta qiziqish bilan tayyorgarlik ko‘rmoqda

Joriy yilning 4-dekabr kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga joylarda puxta hozirlik ko‘rilmoqda.

Poytaxtimizning Olmazor tumanida joylashgan 247-saylov uchastkasida saylovchilar uchun qulay sharoitlar yaratilgan. Mazkur saylov uchastkasi “Mustaqillik” mahalla fuqarolar yig‘ini binosida joylashgan bo‘lib, bu yerda 2 ming 156 saylovchi ro‘yxatga olingan. Uchastka internet tarmog‘iga ulangan komputer, faks, nusxa ko‘chirish apparatlari va boshqa jihozlar, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, ovoz berish kabinalari, saylov qonunchiligiga oid me’yoriy-huquqiy hujjatlar, qo‘llanmalar, targ‘ibot vositalari bilan ta’minlangan. Ona va bola, tibbiyot xonalari tashkil etilgan.

– Fuqarolar bo‘lajak saylovga katta qiziqish bilan qarayotir, – deydi 247-uchastka saylov komissiyasi raisi Jamoliddin Najmiddinov. – Hududimizdagi saylovchilarning bir mingdan ortig‘ini yoshlar tashkil etadi, birinchi marta ovoz berayotganlar esa 74 kishidan iborat. Ular saylov huquqini to‘la ro‘yobga chiqarish uchun alohida tayyorgarlik ko‘rildi.

Hududda 27 nogiron fuqaro ro‘yxatga olingan. Jismoniy imkoniyati cheklangan, keksa yoshdagi insonlar hamda ba’zi sabablarga ko‘ra saylov kuni saylov uchastkasiga kelolmaydigan fuqarolarning ro‘yxati tuzilib, ularga uy sharoitida ovoz berish imkoniyati yaratib beriladi.

Mahalla fuqarolar yig‘ini faollari tomonidan aholiga istiqlol yillarida yurtimizda yaratilgan milliy saylov tizimi, shuningdek, “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi qonun, unga so‘nggi yillarda kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar mazmun-mohiyati, shu jumladan, saylovchilarning qonunlarda mustahkamlab qo‘yilgan huquqlari va erkinliklari atroflicha tushuntirilmoqda.

– Saylovga tayyorgarlik ko‘rish davrida aholining huquqiy va saylov madaniyatini yanada yuksaltirishga qaratilgan tashviqot ishlari izchil olib borilmoqda, – deydi «Mustaqillik» mahalla fuqarolar yig‘inining diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi Yulduz Rahimova. – Fuqarolarning saylov jarayonidan xabardorlik darajasini yanada oshirish maqsadida “Men shaxsan o‘zim ovoz beraman!”, “Bizning oilamizda har birimiz o‘z ovozimizga egamiz!”, “Mening ovozim Vatan kelajagiga daxldor!”, “Saylovchilar ro‘yxatida bormisiz?” degan mavzularda targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilmoqda.

Manba uza.uz

Показать больше

Related Articles

Close
Close