Yangiliklar

Salomatmisiz, faxriylar

Prezidentimizning joriy yil 26 martdagi Xotira va qadrlash kuni umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko’rish va uni o’tkazish to’g’risidagi farmoyishiga muvofiq “Hech kim mehr va e’tibordan chetda qolmasin!” shiori ostida mamlakatimiz bo’ylab o’tkazilayotgan salomatlik haftaligi Samarqand viloyatida ham yuqori saviyada tashkil etilmoqda.

Viloyat sog’liqni saqlash boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan tadbir doirasida viloyatda istiqomat qilayotgan Ikkinchi jahon urushi va mehnat fronti faxriylari, nuroniy otaxon va onaxonlar yurtimizdagi etakchi tibbiy muassasalarning yuqori malakali mutaxassislari, oliy o’quv yurtlari professor-o’qituvchilari tomonidan tibbiy ko’rikdan o’tkazilmoqda. Buning uchun joylardagi poliklinikalarda zarur sharoitlar yaratilib, zamonaviy tibbiy uskunalar, tashxis vositalaridan foydalanilmoqda. Nogiron va xasta faxriylar ko’chma tibbiy guruhlar tomonidan o’z yashash joylarida ko’rikdan o’tkazilib, ularga kerakli yordam ko’rsatilayotir.

– Davlat dasturi asosida yil boshidan buyon viloyatimizning barcha tuman va shaharlarida bu kabi tibbiy ko’riklar tashkil etilib, urush va mehnat fronti faxriylari, yoshi ulug’ insonlar salomatligi nazorat qilib borilmoqda, – deydi Samarqand viloyati sog’liqni saqlash boshqarmasi boshlig’i o’rinbosari Aziz Jo’raev. – Xotira va qadrlash kuni oldidan o’tkazilayotgan mazkur tadbir ham bu boradagi ishlarning uzviy davomi bo’lib, 280 nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi va 3 ming 200 dan ortiq mehnat fronti faxriysi terapevt, urolog, nevropatolog, oftalmolog, lor va boshqa mutaxassislar ko’rigidan o’tkazilmoqda.

Ko’rik natijalari bo’yicha har bir nuroniyga zarur tavsiyalar, dori-darmonlar berilmoqda. Shuningdek, zaruratga qarab, ularga salomatligini tiklashi uchun ixtisoslashtirilgan tibbiy markazlar, ilmiy-tekshirish institutlari va klinikalar, viloyat ko’p tarmoqli tibbiyot markazi va boshqa muassasalarga yo’llanmalar ajratildi.

– Yaratganga shukr, bu yil 100 yoshni qarshiladim – deydi Pastdarg’om tumani Qorag’uppa mahallasida yashovchi Samandar Pardaev. – Bu yurtimizdagi tinchlik-xotirjamlik, davlatimizning biz, keksa avlodga g’amxo’rligi tufaylidir. Tumanimiz shifokorlari tez-tez xonadonimizga kelib, salomatligimdan xabardor bo’lib turishadi. Bugun ham bir necha mutaxassislar ko’rikdan o’tkazib, zarur tavsiyalar berdi. Ilohim, ular umridan baraka topsin.

Manba: minzdrav.uz

Показать больше

Related Articles

Close
Close