Yangiliklar

(O`zbek) Reproduktiv salomatlik

Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi va uning aholi reproduktiv salomatlik markazi, «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati, viloyat o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi bosh¬qarmasi hamda viloyat adliya boshqarmasi hamkorligida hududlardagi ta’lim muassasalari, kasb-hunar kollejlari o‘quvchi yoshlari o‘rtasida aholi reproduktiv salomatligini mustahkamlash, orttirilgan immunitet virusi va OITS ga qarshi kurash samaradorligini oshirishga qaratilgan maxsus loyiha doirasida seminar va davra suhbatlari, profilaktik tadbirlarni o‘tkazish muntazam yo‘lga qo‘yilgan.

Ushbu loyiha mutasaddilari yaqinda Qorako‘l tumanida bo‘lib, qator kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari bilan ochiq muloqotga kirishdilar. Ular reproduktiv salomatlik mazmun-mohiyati, reproduktiv huquq, OIV va OITSning xavfli oqibatlari xususida batafsil chiqishlar qildilar. Tadbirda anketalar tarqatilib, yoshlarning bu boradagi bilimi, dunyoqarashi o‘rganildi.

—Bugun kollej yoki akademik litsey o‘quvchisi bo‘lgan yigit-qiz ertaga mustaqil hayotga qadam qo‘yadi. Albatta, oila va nikoh munosabatlariga kirishadi,—deydi viloyat aholi reproduktiv salomatligi markazi rahbari Nodira Xolova.—Jamiyatimiz uchun esa yangidan barpo bo‘layotgan har bir oilaning avvalo sog‘lomligi muhimdir. Shu nuqtai nazardan, bugungi yoshlarimiz o‘zlarini har qanday illatlardan asray bilishlari, to‘laqonli, mukammal oilaga asos solishlari zarur.

Shu o‘rinda bir mulohaza. Turmush, nikoh munosabatlari hayotiy ehtiyoj, albatta. Ammo erta turmush qurish har ikki tomon uchun ham bir umrlik anduhga aylanishi mumkinligi haqida ochig‘i kam o‘ylaymiz. Erta turmush qurish oqibatida ayollarda yuzga yaqin kasallik alomati kuzatilganini ilm-fan ko‘p bora isbotlagan.18 yoshda farzand ko‘rgan yosh kelinchaklar chaqaloqlari o‘rtasida o‘lim holatlari nisbatan ko‘p kuzatilyapti. Turmushga uzatilgan qiz uy-ro‘zg‘or yumushlarini to‘la-to‘kis uddalashi bilan birga qaynona-qaynotasi, qavm-qarindoshlari, hatto qo‘ni-qo‘shnining ko‘nglini topishi lozim. Buning uchun esa kelinchak hayotiy tajribaga ega bo‘lishi, muomala madaniyati, oila mas’uliyatini chuqur tushunib etgani bilan birga jismonan mustahkam sog‘lik, qolaversa jinsiy kamolotga erishgan bo‘lishi shart. Demak, biz tilga olayotgan yuqoridagi loyiha mohiyati ana shu maqsadga xizmat qilishi bilan ahamiyatli. Zero, aholi reproduktiv salomatligi har birimiz uchun hayot-mamot masalasidir.

Manba buxoronoma.uz

Показать больше

Related Articles

Close
Close