Yangiliklar

Narimon Umarovning Buxoro viloyati saylovchilari bilan uchrashuvi

O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Narimon Umarov 17-fevral kuni Buxoro viloyati saylovchilari bilan uchrashdi.

Uchrashuvni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 3-Buxoro okrug saylov komissiyasi raisi M.Daminov ochdi. Prezidentlikka nomzodning ishonchli vakili A.Tursunov yig‘ilganlarni nomzodning tarjimai holi bilan tanishtirdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Narimon Umarov o‘z saylovoldi dasturi yuzasidan nutq so‘zladi.
Nomzodning saylovoldi dasturida ijtimoiy himoya va uning amalda qo‘llanilishi doimiy e’tibordagi masala ekaniga alohida e’tibor qaratilgan. Mamlakatimizda «Islohot – islohot uchun emas, avvalo inson uchun» tamoyili asosida olib borilayotgan siyosatni rivojlantirish, amalga oshirilayotgan islohotlarni yanada jadallashtirishda, avvalo, qonun ustuvorligini ta’minlash, yoshi, millati va ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli, kelib chiqishidan qat’i nazar, barchaga teng imkoniyatlar yaratib berish, ijtimoiy adolat tamoyillari, fuqarolar huquqlari, qonuniy manfaat va erkinliklarini himoya qilish kabi muhim vazifalar ilgari surilgan.
Vobkent tumanidagi stomatologiya poliklinikasi bosh shifokori M.Hamidov, Buxoro shahridagi «Furqat servis plyus» mas’uliyati cheklangan jamiyati raisi F.Qodirov, Buxoro yengil sanoat va pedagogika kasb-hunar kolleji o‘qituvchisi X.Alimov va boshqalar nomzodning dasturi va unda ilgari surilgan asosiy vazifalar haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi ko‘ppartiyaviylik hamda muqobillik asosida o‘tayotgani mamlakatimizda demokratiya tamoyillariga amal qilinayotganidan, milliy saylov tizimimiz xalqaro normalarga to‘la mos kelishidan yaqqol dalolat ekanini ta’kidladi.
Manba uza.uz

Показать больше

Related Articles

Close
Close