Yangiliklar

Nanotexnologiyalarning katta imkoniyati

Bir necha o‘n yil avval «nanotexnologiya» tushunchasi haqida tasavvurga ham ega emas edik. Bugungi kunda har bir inson kundalik hayotida keng foydalanayotgan zamonaviy texnika vositalari esa mo‘jizadek tuyulardi.

Nanotexnologiya yutuqlari elektronika, biologiya, tibbiyot, energetika, materialshunoslik va boshqa sohalarda keng qo‘llanilmoqda. Ular sement, koshin, metall qotishmalari, lok-bo‘yoq va boshqa ko‘plab materiallar ishlab chiqarish jarayonlariga joriy qilingan. Biroq bunday ko‘rsatkichlarga erishilayotganiga qaramasdan, g‘oyat katta imkoniyatlarga ega nanodunyo haligacha to‘la o‘rganilgani yo‘q.
So‘nggi o‘n yilda nanotexnologiyalar O‘zbekiston sanoati, qishloq xo‘jaligi, tibbiyoti va boshqa qator sohalarida keng qo‘llanilmoqda. O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Yadro fizikasi instituti ham bu boradagi ishlarga salmoqli hissa qo‘shmoqda. Institutda 2008-yildan buyon nanotuzilmali materiallar sintezi va ularni qo‘llash bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar o‘tkazib kelinmoqda. Keyingi yillarda kumush, uglerod, mis, titan va boshqa elementlar nanozarrachalarini sintez qilish uchun energiya talab qilmaydigan texnologiyalar ishlab chiqildi. Mamlakatimiz korxonalari ulardan iqtisodiyotimizni rivojlantirishda izchil foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
O‘zbekiston aholisi nanotexnologiyalar asosida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlardan kundalik hayotida foydalanayotir. Masalan, institut olimlari tomonidan ishlab chiqilgan texnologiyalar asosida sintezlangan kumush nanozarrachalari qator gigiyena vositalariga qo‘shilmoqda. Bu esa mahsulotlarning bakteritsid hamda davolash xususiyatini oshirmoqda.
2014-yili Respublika ixtisoslashtirilgan dermatologiya va venerologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida o‘tkazilgan klinik tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, ishlab chiqirilayotgan kumush nanozarrachalari eritmasi teri yallig‘lanishi kasalliklari, xususan, ekzema, yuqumli dermatit, mikoz va boshqa xastaliklarda yordam beradi. Ayni paytda mamlakatimiz to‘qimachilik va lok-bo‘yoq korxonalari tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarga biotsid xususiyat beradigan kumush nanozarrachalari qo‘shish zarurligi haqida muzokaralar olib borilmoqda. Bu, ayniqsa, issiq iqlim sharoitlarida juda ham muhim. Gannover universitetidagi (Germaniya) hamkasblarimiz bilan birgalikda o‘tkazilgan va nufuzli xalqaro ilmiy jurnallarda chop etilgan ko‘plab tadqiqotlar natijalari O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Yadro fizikasi institutida sintezlangan nanokompozit materiallar konsentratsiyalaridan foydalanish ekologik xavfsiz va mutlaqo zararsiz ekanini yana bir bor isbotladi.
Yaqin kelajakda suvni kimyoviy tozalash tizimlarida ham kumush nanozarrachalaridan foydalanish istiqbolli yo‘nalishlardan biriga aylanishi mumkin. Mamlakatimizda isitish tizimini modernizatsiya qilish bo‘yicha ishlab chiqilayotgan dastur doirasida 2016-yildan ko‘p qavatli uylarni issiqlik bilan ta’minlashning yopiq tizimiga bosqichma-bosqich o‘tish va mahalliy qozonlar qurish rejalashtirilgan. Bunda har bir qozonga suvning qaynab ketishining oldini olish va xizmat muddatini uzaytirish uchun suvni kimyoviy tozalaydigan maxsus tizimlar o‘rnatish talab qilinadi. Ushbu tizimlar nafaqat avtomatlashtirilgan tartibda ishlashi, balki suv sifati va mahalliy iqlim sharoitlariga ham moslashtirilishi lozim.
Institutimizda soatiga 5 ming litr suvni yumshatish quvvatiga ega shunday tizimning namunasi ishlab chiqildi va u qozonxonaga yetkazib berilayotgan suvdan kalsiy va magniy ionlarini tozalaydi. Ushbu tizim kumush nanozarrachalari yordamida ishlov berilgan maxsus sorbentlar to‘ldirilgan metall kolonnalardan, shuningdek, eritmani qayta tiklash uchun maxsus idishdan iborat. Kumush nanozarrachalaridan foydalanish suvni tozalaydigan sorbentlar yuzasida bakteriya va bioplyonkalar ko‘payishining oldini olish imkonini beradi va shu tariqa ularning xizmat muddatini sezilarli darajada uzaytiradi. Ta’kidlash joizki, suvni kimyoviy tozalaydigan bunday tizim narxi chet elda ishlab chiqarilgan tizimga qaraganda ikki barobar past.
2015-yilning kuzida bunday tizimlarni ommaviy ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha tayyorlangan ilmiy loyiha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasi tomonidan har yili o‘tkazib kelinayotgan innovatsion loyihalar tanlovida taqdim etiladi. Loyihaning hayotga tatbiq etilishi 2017-yildan boshlab kichik qozonxonalarda yurtimizda ishlab chiqilgan suvni kimyoviy tozalash tizimlarini joriy etish va o‘rnatish imkonini beradi.
Bundan tashqari, uglerod nanozarrachalari asosida ishlab chiqilgan nanokompozit materiallarni qo‘llash mumkin. Misol uchun, ulardan qishloq joylarda namunaviy loyihalar asosida barpo etilayotgan zamonaviy uylarda o‘rnatilayotgan suvni zararsizlantirish tizimlarida foydalanish mumkin.
Ishlab chiqarilayotgan mazkur tizimlar soatiga 4 kub metr suvni zararsizlantirish quvvatiga ega bo‘lib, 60 Vt elektr energiyasi sarflaydi. Ultrabinafsha nurlanish asosida an’anaviy qo‘llanib kelinayotgan tizimlardan farqli ravishda nanotexnologiyalardan foydalanish qattiqlik va minerallashuv darajasi yuqori bo‘lgan suvni qayta ishlashda xavfsiz va barqaror zararsizlantirish imkonini beradi. Bunday xomashyo va materiallardan foydalanish samarasida ularning narxi chet elda ishlab chiqilgan shunday mahsulotlardan qariyb uch barobar arzon bo‘ladi. Suvni zararsizlantirish bo‘yicha tayyorlanayotgan tizimlar samaradorligi O‘zbekiston Respublikasi Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi tomonidan o‘tkazilayotgan sinovlarda tasdiqlandi.
Joriy yildan institutimizda «O‘zneftgazqazibchiqarish” aksiyadorlik kompaniyasi bilan hamkorlikda neft-gaz sohasi uchun dolzarb bo‘lgan ilmiy-tadqiqot loyihasini amalga oshirish boshlandi. Ya’ni, mis nanozarrachalaridan foydalangan holda tabiiy gazni tozalaydigan yangi texnologiya va tajriba qurilmasi ishlab chiqilmoqda. Gaz tarkibida oltingugurt vodorodining borligi uning sifati va jahon bozoridagi narxini belgilaydigan asosiy ko‘rsatkichlardan biridir. Ushbu modda quvurlar, nazorat asboblari va boshqaruv mexanizmlari faoliyatiga zararli ta’sir ko‘rsatadi. Ayni paytda mamlakatimizda gazni oltingugurt vodorodidan tozalash uchun asosan chet eldan olib kelinadigan qimmatbaho uskuna va kimyoviy moddalar talab qiladigan uslublardan foydalanilmoqda. Gazni oltingugurtdan tozalash uchun import o‘rnini bosadigan yangi adsorbentlar ishlab chiqish, shuningdek, mis nanozarrachalaridan foydalanish mahsulot tannarxini kamaytirish va adsorbatsiya xususiyatlarini yaxshilashni ta’minlaydi.
Nanokompozit materiallar an’anaviy o‘tkazib kelinayotgan Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar respublika yarmarkasida taqdim etilmoqda. Bu turli tashkilotlar bilan litsenziyalangan shartnoma va bitimlar tuzish imkonini berayotir. Zero, faoliyatimizning amaliy natijalaridan ishlab chiquvchilar ham, ishlab chiqaruvchilar ham manfaatdordir.
Manba: uza.uz
Показать больше

Related Articles

Close
Close