Yangiliklar

(O`zbek) “Moviy gulxan” quchog‘ida

“Oromgoh-2016”

Bolalikning shunday bir ajoyib, unutilmas kunlari bo‘ladiki, o‘sha kunlarni ulg‘aygach ham sog‘inch bilan, mehr bilan yodga olasan. Xotirada muhrlanib qoladigan voqealar lager ya’ni bolalar oromgohlarida bo‘lib o‘tadi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. YOz faslining issiq, jazirama kunlarida salqin, xushhavo oromgohlar bag‘rida dam olib,  chiniqib, yangi do‘stlar orttirishga, bolalikning baxtli onlarini shodlik bilan o‘tkazishga nima etsin! YOzgi ta’tilni tabiat qo‘ynida ko‘ngildagidek o‘tkazayotgan bolajonlar bu kunlarning sururini katta bo‘lgach ham aslo unutishmaydi.

Buxoro shahrining g‘arbiy tomonida, mashhur “Jo‘yi Zar” arig‘i yoqasida joylashgan “Moviy gulxan” oromgohi uzoq yillardan buyon viloyat gaz sanoati ishchi-xizmatchilarining farzandlariga xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Endilikda bu erda qabul qilish tartibi bo‘yicha boshqa joyda ishlaydigan fuqarolarning farzandlari bemalol dam olib, sog‘lomlashtirilmoqda.

Ayniqsa, ushbu  “Sog‘lom ona va bola” yili munosabati bilan oromgohda alohida tayyorgarlik ko‘rildi. Darvozadan kiraverishda dastur asosida tayyorlab, bezatilgan bannerlar beixtiyor e’tiboringizni tortadi. Toza, ozoda, soya-salqin  chorbog‘ning bir tarafida shashka-shaxmat, bir tarafida tennis, bir tarafida basketbol, futbol kabi o‘yinlarni o‘ynab yurgan bolajonlarning yuz-ko‘zlarida quvonch porlaydi.

YOzning diqqinafas issig‘ida soya-salqin go‘shalar kelajagimiz egalari bo‘lgan o‘g‘il-qizlarning mavsumni ko‘tarinki ruhda o‘tkazib, yangi kuch-g‘ayrat bilan maktablari bag‘riga qaytishlari uchun ayni muddaodir.

“Neftgazqurilishta’mir” AJ tasarrufidagi “Moviy gulxan” oromgohiga joriy yil yoz mavsumida jami sakkiz yuz nafardan ortiq dam oluvchilar jalb etilishi rejalashtirilgan bo‘lib, birinchi mavsumda 235, ikkinchi mavsumda 301 hamda navbatda uchinchi mavsumda 240 nafar bolajonlar qamrab olindi. O‘n ikki kunni o‘z ichiga olgan har mavsumda yoshlarning mazmunli dam olishlari uchun zarur sharoitlar yaratilgan.

Oromgohlarga bolalar yo‘llanma asosida qabul qilinadilar. Bitta yo‘llanma narxi 257 ming 926 so‘mni tashkil etib, uning 20 foizi ota-onalar, 28 foizi ijtimoiy sug‘urta badallari hamda qolgan qismi xo‘jalik organi hisobidan qoplanadi. Bir kunlik ovqat puli sarfi 14000 so‘mni tashkil qiladi. SHinamgina oshxonada bolalarga quvvat bo‘luvchi turli taomlar, noz-ne’matlar va salqin ichimliklar beriladi.

Mazkur maskanga tashrifimiz kuni sport maydonchasida uchta guruh o‘rtasida tashkil etilgan futbol musobaqasiga guvoh bo‘ldik. Sport yo‘riqchisi Nurali G‘afforov, tarbiyachilar – Nargiza To‘qsonova, Oftob Navro‘zova, Nasiba Nabievalar boshchiligida bahslar tashkil etildi. Xuddi shunday bahslar suzish bo‘yicha murabbiy Anvar Hamroev boshchiligida sport zalda ham o‘tkazilayotgan ekan. Oromgohning soya-salqin daraxtlar etagida o‘qituvchi Nilufar Jalolovaning 1-guruh dam oluvchilari bilan ingliz tili mashg‘ulotlarini  o‘tayotgani ustidan chiqdik. YOshlar ingliz tilida o‘rgangan so‘zlarni, she’rlarni ravon  va bexato ifoda etayotganliklari bizni quvontirdi.

– Men Toshkent shahridan kelganman. YUnusobod tumanidagi 265-umumiy o‘rta ta’lim maktabining 2-sinfini bitirdim. Ta’tilni mazkur oromgohda o‘tkazayotganimdan juda xursandman.    Sababi, bu erda turli qiziqarli mashg‘ulotlar, o‘yinlar, sport musobaqalari, intellektual bahslarda mahoratimni oshirish bilan birga  o‘zimga yaqin inoq do‘stlar orttirganim men uchun yanayam quvonchli bo‘ldi, – deydi 1-guruh dam oluvchisi Zebo Jalolova.

Oromgohda iqtidorli sportchi bolalar ko‘pligi bizni quvontirdi. Karate bo‘yicha AQSHda xalqaro musobaqada 1-o‘rinni olgan Laziz Zaripov, qo‘l jangi bo‘yicha viloyat musobaqasi g‘olibi Muhammad Ziyodullaev, karate bo‘yicha respublika chempionati sovrindori Mirfayz Sobirovlar, shaxmat-shashka bo‘yicha turnirlar g‘oliblari bo‘lgan qiz va o‘g‘il bolalar shu erda ham sevimli sport turlari bilan mashg‘ul ekan.

Oromgoh bosh etakchisi Roziya Bobomurodova bizni har bir dam olish go‘shasi, har bir mashg‘ulotxona, sport maydonchalari bo‘ylab sayr qildirar ekan, go‘zal Vatanimizning ana shunday so‘lim maskanida mehr va e’tibordan, tabiat havosidan bahra olayotgan kelajagimiz egalariga havasimiz keldi. O‘zbek, tojik, rus, qozoq, tatar va boshqa millatlarga mansub bolajonlar baynalmilal do‘stlik ruhida, yagona uyimiz – O‘zbekistonning tinch va osoyishta bag‘rida o‘sishayotganini his etishning o‘zi bir baxt!

Maskanning har biri ikki qavatli  uchta yotoqxonasi bor. Unda orom oluvchi o‘g‘il-qizlar uchun zarur sharoitlar shay etilgan. Har bir qavatda televizor, dush, hojatxona bor. Koridorlar gullar hamda boshqa tasviriy vositalar bilan bezatilgan bo‘lib, ijodkor yoshlarning qo‘li bilan yaratilgan mahorat ishlari uchun ham alohida burchaklar tashkil qilingan. Ulardan qalam tasvir, akvarel ishi va tikuvchilik namunalari o‘rin olgan.

Tibbiyot xonasiga Buxoro shahridagi markaziy poliklinika oliy toifali terapevti Erkin Atamuradov biriktirilgan. Unga hamshiralar – Durdona G‘aybullaeva hamda Maqsad Fayzievalar yaqindan yordam berib kelishmoqda. Qorin, bosh og‘rig‘i, oyoqdagi engil jarohatlar bilan kelgan bolalarga shu erda birinchi yordam ko‘rsatiladi. Favqulodda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan holatlarga shay turgan holda zaruriy dori-darmonlar va tibbiy vositalar muhayyo etilgan. O‘tayotgan mavsum davrida bunday noxush holatlar kuzatilmaganligi bu erda bu boradagi ishlar namunali tarzda tashkil etilganligini bildiradi. Turli yuqumli kasalliklarning oldini olish hamda infeksiya tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun muhim profilaktik tadbirlar o‘tkazilmoqda. Xususan, doimiy ravishda oshxonada tayyorlanayotgan taomlar va masalliqlar sifati tekshirilib, hojatxona, dush, suv havzasi (basseyn) ham belgilangan tartibda xlor vositasida zararsizlantiriladi. Bir so‘z bilan aytganda, mazkur oromgohda bolalarning ko‘ngilli dam olishlari uchun maskan rahbariyati, “Kamolot” YOIH viloyat kengashi, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi  va boshqa mutasaddilar tomonidan talab darajasidagi choralar ko‘rilmoqda.

Ha, viloyatimizning “Moviy gulxan”dan tashqari “YOshlik”, “YOsh aloqachi”, “Koinot”, “Zarafshon” kabi o‘nlab bolalar oromgohlarida ham shu kunlarda ana shunday serfayz, mazmunli dam olish onlari hukm surmoqda. Viloyatda taniqli san’atkorlar, aktyorlar, shoir va yozuvchilari, olimlar, qahramonlar ham oromgohlarga tashrif buyurib, bolalar bilan qiziqarli uchrashuvlar o‘tkazmoqdalar.

Ra’no SAIDMURODOVA,

Hamzabek TURDIEV,

“Buxoro shifokori” muxbirlari.

Показать больше

Related Articles

Close
Close