Yangiliklar

Hisobotlar elektron shaklda topshirilmoqda

Mamlakatimizda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish va keng joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Prezidentimizning 2012 yil 16 iyuldagi “Statistik, soliq, moliyaviy hisobotlarni, litsenziyalanadigan faoliyat turlarini va ruxsat berish tartib-taomillarini tubdan qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu borada muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilayotir. – Ushbu hujjat asosida O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksiga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalarga muvofiq, tadbirkorlik sub’ektlari shu yilning 1 yanvaridan boshlab soliq hisobotlarini elektron tarzda taqdim etmoqda, – deydi Jizzax viloyati davlat soliq boshqarmasi axborot xizmati rahbari Gulchehra Urdusheva. – Boshqarmaga 2015 yilning birinchi choragida viloyatdagi korxonalarning 99,3 foizi hisobotlarni elektron ko‘rinishida taqdim qildi.
Elektron imzoga ega bo‘lish ish yuritishning tez va tejamkor usulidir. Viloyatda elektron imzoga ega sub’ektlarning safi kengayib borayotgani hisobotlar topshirish va hujjat almashinuvini yengillashtirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasi taraqqiyotida kompyuterlarga milliy dasturlarning joylashtirilishi katta qulaylik yaratayotir. Xususan, viloyatdagi barcha soha va tarmoqlar elektron axborotdan foydalanuvchilar faoliyatlari xususiyatlaridan kelib chiqib, internet saytlari, korporativ va lokal tarmoqlarida o‘zlari uchun qulay dasturlar bilan ishlamoqda.
Tadbirkorlik sub’ektlari soliq hisobotini elektron hujjat tarzida to‘liq taqdim etishda maxsus kompyuter dasturlaridan foydalanmoqda. Shu yilning aprel oyida yangi dasturlardan foydalanish bo‘yicha tadbirkorlik sub’ektlari va ularning buxgalterlari ishtirokida o‘quv seminari o‘tkazilib, korxona soliq hisobotining elektron shaklini tayyorlash, elektron imzodan foydalanish va topshirish bilan bog‘liq barcha masalalar haqida atroflicha tushuncha berildi.
Xodimlarning kompyuter savodxonligini oshirish, ularni sohadagi yangiliklar bilan tanishtirish, zarur dasturlar bilan ishlashga o‘rgatish maqsadida viloyat davlat soliq boshqarmasi va uning tuman inspeksiyalari tomonidan muntazam o‘quv seminarlari tashkil etib kelinmoqda. 2015 yil yanvar-aprel oylarida soliq hisobotlarini elektron ko‘rinishda taqdim etish afzalliklarini keng ommaga targ‘ib etish masalalariga bag‘ishlangan 54 seminar o‘tkazilib, ularga 5 ming nafardan ziyod tadbirkorlik sub’ektlari vakillari jalb etildi. Ushbu mavzuda mutaxassislar tomonidan 70 maxsus teleko‘rsatuv, radioeshittirish tayyorlandi, maqolalar chop etildi. Mazkur targ‘ibot-tushuntirish ishlarida soliq hisobotlarini elektron ko‘rinishda taqdim etishning afzalligi, imkoniyati hamda qulayliklari, soliq qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar, amaldagi imtiyozlar va yangiliklar to‘g‘risida soliq to‘lovchilarga keng tushunchalar berib borilayotir.
Elektron hujjat almashishlarning keng joriy qilinayotgani vaqtni tejash, ish unumdorligini oshirish,moddiy resurslarni iqtisod qilish imkonini berayotir. Shu bois tadbirkorlar o‘rtasida hisobotlarni masofadan turib, qog‘ozsiz taqdim etish usuli tobora ommalashmoqda.
Yilning birinchi choragida elektron ko‘rinishda jo‘natilgan hisobotlar soni 35 mingdan ortdi.Natijada 800 kilogramm qog‘oz iqtisod qilindi.
Hozirgi kunda soliq organlari tomonidan 59 interaktiv xizmat turi joriy qilingan bo‘lib, ular soliq to‘lovchilarga mazkur sohadagi masalalarni hal etish, keng imkoniyat va qulay sharoit yaratish yo‘lida xizmat qilmoqda.

Manba: uza.uz
Показать больше

Related Articles

Close
Close