Yangiliklar

(O`zbek) «Hech kim mehr va e’tibordan chetda qolmasin!»

Respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari shifokor olimlari, Buxoro davlat tibbiyot instituti professor-o‘qituvchilari hamda viloyat davolash maskanlarining etakchi soha mutaxassislaridan iborat ishchi guruhi tomonidan chekka hududlarda istiqomat qiluvchi kam ta’minlangan oilalar a’zolari, yakka-yolg‘iz qariyalar, nogironlar, shu jumladan nogiron bolalar, fertil yoshidagi ayollar va bolalar chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.

«Hech kim mehr va e’tibordan chetda qolmasin» shiori ostidagi ana shunday tadbirlardan biri Kogon shahri ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasida tashkil etildi. Bu erga nafaqat Kogon tumani va shahri, balki qo‘shni Qorovulbozor tumanida istiqomat qiluvchi fuqarolar uchun ham chuqurlashtirilgan, ixtisoslashgan tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun zarur shart-sharoitlar yaratildi.

— Mazkur hududlarda yashovchi 420 nafar bemorning salomatligi zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar ¬yor¬damida malakali shifokorlar tomonidan tekshiruvdan o‘tkazildi,— deydi viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi bosh mutaxassisi Guljamol Haydarova.—Aniqlangan kasalliklar bo‘yicha fuqarolar kerakli maslahatlar olishdi. Jumladan, 32 nafar kishiga statsionar sharoitda davolanish, bir guruh fuqarolarga esa respublika ixtisoslashgan tibbiyot markazlari hamda sanatoriylarda o‘z salomatliklarini tiklash yuzasidan tavsiyalar berildi. Shuningdek, Ikkinchi jahon urushi va mehnat fronti qatnashchisi bo‘lgan o‘n nafar yurtdoshimizning uyiga borib, zarur tibbiy yordam ko‘rsatildi. Aytmoqchi, avvalgi yillardagidan farqli tarzda bu safar ikki emas, uchta ishchi guruhi tashkil etilgani eng chekka hududlarda yashovchi bemorlarni ham tibbiy ko‘rikka qamrab olish imkonini berdi.

—Tinchlik-osoyishtalikka ko‘z tegmasin,— deydi yaqinda 92 yoshni qarshi olgan Nusxa Vohidova.— Biz, keksalar el-yurt e’tiborida, e’zozidamiz. Poytaxtimizdan tashrif buyurgan shifokorlarning atayin uyimizga kelib, zarur tavsiyalar berishlari, salomatligimiz haqida qayg‘urishlari menga o‘xshab Ikkinchi jahon urushi davri qiyinchiliklarini o‘z boshidan kechirgan keksalarni behad xursand qildi.

Darhaqiqat, mehr-oqibatli bo‘l¬moq xalqimizga xos azaliy odatdir. Ehtiyojmand insonlarga yordam qo‘lini cho‘zmoq savobi esa benihoya ulug‘. Darvoqe, shu xayriya tadbiri jarayonida viloyat bo‘yicha o‘n ming nafarga yaqin bemor to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.

Manba buxoronoma.uz

Показать больше

Related Articles

Close
Close