Yangiliklar

(O`zbek) Farmatsevtika sanoati: narx, sifat va samaradorlik

O‘zbekiston Milliy matbuot markazida «O‘zfarmsanoat» aksiyadorlik konserni tomonidan aholini arzon narxlarda dori-darmonlar bilan ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi, «Dori-darmon» aksiyadorlik kompaniyasi va farmatsevtika korxonalari vakillari, mutaxassislar ishtirok etdi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2016-yil 31-oktabrdagi «Aholini dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlashni yanada yaxshilashga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori bu boradagi ishlarni kengaytirishda muhim huquqiy asos bo‘lmoqda.

Mazkur qarorda aholini sifatli dori-darmonlar bilan ta’minlash barobarida narx-navo mutanosibligini ta’minlash bo‘yicha ham ustuvor vazifalar belgilangan. Shundan kelib chiqib, ijtimoiy ahamiyatga molik dori-darmonlar va tibbiyot buyumlari ro‘yxati tasdiqlandi. Bu ro‘yxatga kirgan dori vositalari va tibbiyot buyumlarining 116 tasi mamlakatimiz korxonalarida ishlab chiqarilmoqda.

«O‘zfarmsanoat» aksiyadorlik konserni tomonidan mahalliy farmatsevtika korxonalarida ishlab chiqarilayotgan ana shunday arzon va sifatli dori vositalari va tibbiyot buyumlarini aholiga va mutaxassislarga keng targ‘ib etish maqsadida joylarda ko‘rgazmalar tashkil etildi. Qarorning mazmun-mohiyati, chegaralangan narxlarning shakllanish mexanizmlari yuzasidan tibbiyot muassasalari, dori vositalari va tibbiyot buyumlari ulgurji savdosi bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar, dorixonalar rahbar va mutaxassislari ishtirokida targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi.

Farmatsevtika sanoatini yanada rivojlantirish yuzasidan izchil ishlar olib borilmoqda. Joriy yilda ellikdan ziyod investitsiya loyihasi hayotga tatbiq etilishi rejalashtirilayotir. 2016-2020-yillarda farmatsevtika sanoatini yanada rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturining qabul qilinishi bu boradagi ishlarni yanada jadallashtiradi.

– Mazkur dasturda yigirma oltita farmakoterapevtik guruh bo‘yicha tibbiyot buyumlari, yordamchi materiallar va dorivor o‘simliklar asosidagi preparatlar ishlab chiqarish bo‘yicha aniq yo‘nalishlar belgilangan, – deydi «O‘zfarmsanoat» aksiyadorlik konserni bo‘lim boshlig‘i Baxtiyor Alimuhamedov. – Shu maqsadda dorivor substansiyalar ishlab chiqaradigan zamonaviy korxonalar barpo etish, dorivor o‘simliklar asosida preparatlar yaratish bo‘yicha keng qamrovli ishlar olib borilayotir. Davlatimiz tomonidan farmatsevtika korxonalariga berilayotgan moliyaviy imkoniyat va imtiyozlar, mahalliy va xorijiy investorlarga yaratilayotgan qulay sharoitlar ko‘zlagan rejalarimizni amalga oshirishda katta imkoniyat bo‘lmoqda.

Matbuot anjumanida farmatsevtika sanoatini rivojlantirish, aholini arzon va sifatli dori-darmon bilan ta’minlash, farmatsevtika sanoatiga xalqaro sifat standartlarini joriy etish borasida olib borilayotgan ishlar xususida ma’lumot berildi. «O‘zfarmsanoat» aksiyadorlik konserni va «Nobelpharmsanoat» qo‘shma korxonasi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlab chiqarishni kengaytirish, import o‘rnini bosuvchi dorilarni mahalliylashtirish loyihalari taqdimoti o‘tkazildi.

Tadbir doirasida farmatsevtika korxonalarimizda ishlab chiqarilayotgan dori-darmonlar ko‘rgazmasi namoyish etildi.

Manba uza.uz

Показать больше

Related Articles

Close
Close