Yangiliklar

(O`zbek) Farmatsevtik mahsulot mahalliylashtirilishini yanada kengaytirish

— mamlakatni mahalliy xom ashyo asosida ishlab chiqarilgan dori vositalari bilan ta’minlash sari yo‘l

Istiqlol yillarida yaratib berilgan keng imkoniyatlar boshqa sohalar qatori farmasevtika sanoatini rivojlantirishda ham muhim omil bo‘ldi. Aytish joizki, sobiq tuzum davrida mazkur yo‘nalish faoliyati talabga mutlaqo javob bermasdi. Ushbu soha mustaqillikning dastlabki yillaridayoq, ya’ni Prezidentimizning 1993 yildagi “O‘zbekiston farmasevtika sanoati (“O‘zfarmsanoat”) davlat-aksionerlik konsernini tashkil etish to‘g‘risida”gi Farmoni tufayli iqtisodiyotning alohida tarmog‘i sifatida shakllana boshladi.

Hozirgi paytda O‘zbekistonda farmasevtika faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyaga ega bo‘lgan 130 ta korxona bor. Ushbu faoliyat dori vositalari hamda tibbiy ehtiyojdagi buyumlarni va diagnostika vositalarini ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan. Ayni paytda “O‘zfarmsanoat” AK o‘z tarkibida 132  ta korxonani birlashtirgan. Bular — uchta ilmiy-tadqiqot instituti, birlashma, aksiyadorlik jamiyati, mulkchilikning barcha shaklidagi ishlab chiqarish korxonalari, shu jumladan, qo‘shma hamda chet el korxonalari, xususiy mas’uliyati cheklangan jamiyatlardir.

YUrtimizda dori vositalarini ishlab chiqarish va ular bilan aholi hamda davolash-profilaktika muassasalarini ta’minlash maqsadida mazkur sohadagi ishlarni tashkil etishning mustahkam huquqiy asoslari yaratildi. Yigirmadan ortiq qonun, bir yuz yigirmadan ziyod me’yoriy-huquqiy hujjatlar bu yo‘nalishdagi vazifalarni hayotga izchil tatbiq qilishda muhim huquqiy asos bo‘lmoqda. Ayniqsa, 2016 yilning 4 yanvarida “Dori vositalari va farmasevtika faoliyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining yangi tahrirda qabul qilinishi soha yuksalishining keyingi bosqichini boshlab berdi.

Ta’kidlash kerakki, oxirgi o‘n yil mobaynida farmasevtika tarmog‘iga 300 mln. AQSH dollaridan ziyod investitsiyalar, shu jumladan, 100 mln. dollar miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri chet el investitsiyalari jalb etildi. Bu sohani yanada ravnaq toptirishda muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.

Farmatsevtika korxonalari kapitalining 35,7 foizini xorijlik hamkorlar va 64,3 foizini mahalliy ishtirokchilarning ulushlari tashkil etadi.

Bugungi kunda soha korxonalari tomonidan 35 ta farmakoterapevtik guruhlarga mansub tibbiyotning 28 ta yo‘nalishida qo‘llaniladigan 1921 nomdagi zamonaviy dori vositalari ishlab chiqarilmoqda. Ular  in’eksiya (ampula, kukunli, infuziya) uchun eritmalar, tabletkalar, kapsulalar, surtmalar, gellar, damlamalar, siroplar va boshqalar, shuningdek, 177 nomdagi tibbiy buyumlardir. Oxirgi yillarda tayyorlanayotgan mahsulotlar hajmining o‘sishi 3,1 barobarni tashkil qilgani, ayniqsa, diqqatga sazovor.

Ayni paytda respublikada ishlab chiqarish hamda sotish hajmlari bo‘yicha mahsulotning 84 foizi “O‘zfarmsanoat” AK tarkibiga kiruvchi korxonalar tomonidan faol amalga oshirilayotir.

Quvonarlisi, 2015 yilda aksiyadorlik konserni tarkibidagi korxonalar qiymati 742,6 mlrd. so‘mlik farmasevtika mahsulotlarini ishlab chiqardilar, shulardan 576,3 mlrd. so‘mlik miqdoridagisi dori vositalari va 52,1 mlrd. so‘mlik tibbiy yordam uchun mo‘ljallangan buyumlar hamda 113,7 mlrd. so‘mlik boshqa mahsulotlardir.

YAna bir misol. Ilgarilari dori vositalarini, asosan, chetdan sotib olishga majbur edik. Bugungi kunda esa “O‘zfarmsanoat” AK korxonalarining mahsulotlari 12 ta mamlakatga eksport qilinayapti. Ana shu davlatlarda 226 nomdagi preparatlarimiz ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Eksport ko‘rsatkichlari ham ijobiy dinamika bilan tavsiflanadi. CHunonchi, 2016 yilda tashqi bozorga mahsulot sotish hajmi 16,4 mln. AQSH dollarini yoki o‘tgan yildagiga nisbatan 146,4 foizni tashkil etishi kutilayapti.

Mamlakatimizda yaratilgan qulay investitsiya muhiti zamonaviy, yuqori texnologiyalarga asoslangan korxonalarni barpo etish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish tarmoqni yanada rivojlantirish masalalarini tezkor hal qilishda g‘oyat muhim ahamiyat kasb etayotir. Xususan, Buyuk Britaniya, Hindiston, Germaniya, Rosciya, Bangladesh, Polsha va boshqa chet ellik hamkorlar ishtirokida tashkil etilgan  “Jurabek Laboratories”,  “Asia Trade”, “Uzgermedpharm”, “Remedy Group”, “Codepharm”  qo‘shma korxonalari, “Nobel Pharmsanoat” chet el korxonasi bunga yorqin misol bo‘la oladi.

Istiqlol yillarida muntazam olib borilgan izlanishlar samarasi tufayli farmasevtika sanoati korxonalarida ishlab chiqarish ko‘lami to‘liq shakllandi, dori preparatlari hamda tibbiy buyumlarni tayyorlash huquqiga ega, ichki bozorning yarmini, ya’ni 49,8 foizini dori vositalari bilan ta’minlay oladigan rivojlangan sohaga aylandi. Aniq va puxta olib borilgan ishlar natijasida dori vositalarini ishlab chiqarish hajmi 46,9 mln. so‘mdan 742,6 mlrd. so‘mgacha oshdi (2015 y.). 2016 yilning birinchi yarmida esa bu boradagi ko‘rsatkich 528,8 mlrd. so‘mni, o‘sish hajmi 122,6 foizni tashkil etdi. O‘z navbatida, 184 ta ish o‘rni yaratildi yoki prognoz ko‘rsatkichi 115 foiz bajarildi.

Davlatimiz rahbarining 2015 yil 11 fevraldagi “2015 — 2019 yillarda tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturi to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, “O‘zfarmsanoat” AK tizimidagi korxonalar tomonidan import o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni ishlab chiqarishni ko‘paytirish hisobiga, chetdan mahsulotlarni import qilishni 2015 yilda 48,2 foiz (2014 yildagiga nisbatan) yoki 47,0 mln. AQSH dollariga, 2016 yilda 51 foiz yoki 49,7 mln. AQSH dollariga (2015 yildagiga nisbatan), 2019 yilgacha 62,5 foiz kamaytirish belgilangan.

Jumladan, farmasevtika bozorining faol ishtirokchisi “Jurabek Laboratories” qo‘shma korxonasining beshta loyihasi Mahalliylashtirish dasturiga kiritilgan bo‘lib, shu davrda korxona tomonidan umumiy qiymati 86,7 mlrd. so‘mlik -import o‘rnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqarildi. Mahalliylashtirish darajasi o‘rtacha 71,3 foizni tashkil qildi.

O‘z navbatida, sohada peshqadam korxonalardan “Dentafill Plyus” XK faoliyatini qayd etish joiz. Uning to‘rtta loyihasi Mahalliylashtirish dasturiga kiritilgan bo‘lib, 2016 yilning birinchi yarmida korxona tomonidan umumiy qiymati 6,2 mlrd. so‘mlik import o‘rnini bosuvchi mahsulot tayyorlandi. Mahalliylashtirish darajasi o‘rta hisobda 48,8 foizni tashkil qildi. YAna bir e’tiborli jihati, korxona Mahalliylashtirish dasturi doirasida ishlab chiqarilgan mahsulotlarni eksportga yo‘naltira boshladi.

Farmatsevtika sohasida Mahalliylashtirish dasturining samarali amalga oshirilishi natijasida import o‘rnini bosuvchi yangi turdagi mahsulotlar tayyorlash o‘zlashtirilayotir. Ayni paytda avvallari valyuta hisobiga keltirilgan 207 turdagi mahsulotni ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. 158 ta yangi turdagi dori vositasi, 15  turdagi substansiya, tibbiy maqsadda foydalaniladigan 14 turdagi buyum va 20 xildagi butlovchi buyumlar ana shular jumlasidandir.

2016 yilning birinchi  yarmida “O‘zfarmsanoat” AK tizimidagi 5 ta korxonada Mahalliylashtirish dasturi doirasida ishlab chiqarilgan mahsulotlarni eksport qilish hajmi  1,2 mln. AQSH dollarini tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilning yanvar — sentyabr oylarida bu ko‘rsatkich 2,0 mln. AQSH dollaridan oshadi.

Mahalliylashtirish dasturiga kiritilgan loyihalarni hayotga tatbiq qilish natijasida soliq to‘lovlari hisobiga iqtisod qilingan mablag‘lar yangi ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish, tarmoqni modernizatsiyalash, kengaytirish, texnik va texnologik jihatdan yangilash, yangi mahsulot turlarini o‘zlashtirishga, Sifat menejmenti xalqaro ISO va GMP standartlari (“YAxshi ishlab chiqarish amaliyoti”)ga o‘tishda, Mahalliylashtirish dasturini tatbiq etish hisobiga jalb qilingan korxonalarning muhandis-texnik xodimlarini rag‘batlantirishga yo‘naltirilishi o‘zining ijobiy samaralarini bermoqda.

Farmatsevtika sanoatini ravnaq toptirishda mahalliy mahsulotlarning raqobatdoshligiga alohida e’tibor qaratilayotgani muhim omil bo‘layapti. Bu maqsadda xalqaro sifat standartlarini joriy etish ishlari amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda 31 mahalliy ishlab chiqarish korxonasida ISO-9001 sifatni boshqarish tizimi, 6 ta korxonada  GMP xalqaro standarti (“YAxshi ishlab chiqarish amaliyoti”) va 3 ta korxonada milliy GMP standarti joriy qilindi.

Mustaqillik tufayli sohaga qaratilayotgan e’tibor, korxonalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida tegishli Dastur doirasida,  Maxsus idoralararo komissiyaning qarori bo‘yicha, loyihalar ekspertizasidan keyin korxonalar o‘rnatilgan tartibda 3 yil muddatga quyidagi to‘lovlardan ozod etiladilar:

  1. Olib kelinayotgan texnologik jihoz, asbob-uskunalar va ularning ehtiyot qismlari, shuningdek, respublikamizda ishlab chiqarilmaydigan, mahalliylashtirilgan mahsulotni ishlab chiqarish jarayonida foydalaniladigan texnologik anjomlar uchun bojxona to‘lovlaridan;
  2. Mahalliylashtirish loyihalari bo‘yicha ishlab chiqarilgan mahsulot uchun foyda solig‘i, yagona soliq to‘lovidan (soliqqa tortishning soddalashtirilgan tizimini qo‘llayotgan sub’ektlar uchun);
  3. Mahalliylashtirilayotgan mahsulot ishlab chiqarish uchun ishlatiladigan asosiy ishlab chiqarish fondlari uchun mulk solig‘idan.

Bu kabi  imtiyozlar tufayli Mahalliylashtirish dasturiga joriy yilning yakuniga qadar yana 30 ta loyiha taqdim etiladi.

SHu munosabat bilan har bir ishlab chiqarish korxonasining bugungi kunda va yaqin kelajakda oldiga qo‘ygan maqsadi bitta: u ham bo‘lsa, respublika aholisini xaridorgir dori vositalari bilan ta’minlash, import o‘rnini bosuvchi dori vositalari ishlab chiqarishni ko‘paytirish uchun Mahalliylashtirish dasturida ko‘rsatib o‘tilgan maqsadli parametrlarni amalga oshirishda faol qatnashishdir. Bunday sharafli vazifa ishimizga yanada mas’uliyat bilan yondashishda asosiy mezon bo‘lib qoladi.

Mirzanozim DUSMURATOV, 

«O‘zfarmsanoat» aksiyadorlik kompaniyasi boshqaruvi raisi.

Показать больше

Related Articles

Close
Close