Yangiliklar

Bironta ham murojaat e’tibordan chetda qolmaydi

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimizda demokratik huquqiy davlat, erkin fuqarolik jamiyati barpo etish jarayonida har bir insonni qadrlash, uning huquq va erkinliklarini kafolatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

2014-yil 3-dekabrda qabul qilingan “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni mamlakatimizda inson huquqlarining ta’minlanishi va samarali himoya qilinishini tartibga solishda muhim hujjatlardan biri bo‘ldi.
Mazkur qonun mazmun-mohiyatini keng ommaga yetkazish, idora va tashkilotlarda murojaatlar bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish maqsadida joylarda keng ko‘lamli targ‘ibot-tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Madaniyat, ta’lim, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy muhofaza masalalari kompleksi tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralar mas’ul xodimlari ishtirokida bo‘lib o‘tgan seminar ushbu masalaga bag‘ishlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi boshqarma boshlig‘i I.Jasimov va boshqalar mamlakatimizda inson huquq va manfaatlarini ta’minlash oliy qadriyat ekanini, amalga oshirilayotgan barcha islohot va yangilanishlar shu maqsadga xizmat qilayotganini ta’kidladi.
Murojaat qilish huquqining qonun asosida mustahkamlangani fuqarolarning huquq va erkinliklarini, yuridik shaxslarning qonuniy manfaatlarini himoya qilishning qo‘shimcha kafolatlarini yaratdi.
Qonunda murojaatlarning shakllari, ularga qo‘yiladigan talablar aniq bayon etilgan. Jumladan, jismoniy va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilish, murojaatlarni berish va ularni ko‘rib chiqish tartibi, muddatlari, murojaatlarni ko‘rmay qoldirish asoslari, murojaatlarni ko‘rib chiqishda jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari hamda davlat organlarining majburiyatlari, murojaatlar to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlikka oid qoidalar o‘z ifodasini topgan.
Qonun talablarini samarali qo‘llashda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 31-martdagi “Davlat organlari va davlat muassasalarida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tartibi to‘g‘risidagi namunaviy nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ishtirokchilarga nizom talablari va uni amaliyotda qo‘llash tartibi batafsil tushuntirildi.
Seminarda idora va tashkilotlarda murojaatlar bilan ishlash mexanizmi shakllanayotgani murojaat etuvchilarning manfaatlari ta’minlanishiga xizmat qilayotgani qayd etildi. Bu tizim murojaatlarning kamayishiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Anjumanda ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar, amaliyotda uchrayotgan masalalar yuzasidan mutasaddilardan javob oldi.
 Manba: uza.uz

Показать больше

Related Articles

Close
Close