Yangiliklar

(O`zbek) “AKT sammiti – 2016”: zamonaviy texnologiyalar samaradorligi yo‘lida

Poytaxtimizda “AKT sammiti – 2016” bo‘lib o‘tdi. Unda mamlakatimizda mazkur sohani rivojlantirishning bugungi holati va soha oldida turgan strategik vazifalar muhokama qilindi.

Sammitda davlat boshqaruvi organlari mutasaddi xodimlari, xalqaro ekspertlar va tahlilchilar, mamlakatimiz va xorijiy axborot-texnologiyalari kompaniyalarining vakillari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining birinchi o‘rinbosari A.Fayzullayev va boshqalar axborot-kommunikatsiya tenologiyalarini yanada rivojlantirish hamda ulardan foydalanishni kengaytirish yurtimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini ta’kidladi. Istiqlol yillarida mamlakatimizning Birinchi Prezidenti Islom Karimov rahnamoligida ishlab chiqilgan dasturiy hujjatlar mazkur sohani takomillashtirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.

– Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini O‘zbekistonning barcha hududlarida joriy qilish, avvalo, fuqarolarga qulaylik yaratish, aholi farovonligini yuksaltirish, davlat organlari faoliyatining ochiq va oshkoraligini ta’minlashga yo‘naltirilgan, – deydi BMTning mamlakatimizdagi doimiy muvofiqlashtiruvchisi, BMT Taraqqiyot dasturining doimiy vakili Stefan Prisner. – O‘zbekistonning xalqaro reytinglarda egallab turgan o‘rni yuksalib borayotgani ham bu boradagi ishlar samaradorligini ifodalaydi. Masalan, BMTning “elektron hukumat” tizimini rivojlantirish darajasi bo‘yicha sharhida O‘zbekiston 20 pog‘onaga ko‘tarilib, 193 davlat orasida 80-o‘rinni egalladi. Ikkinchi asosiy ko‘rsatkich – elektron ishtirok pozitsiyasi bo‘yicha mamlakatingiz 24 pog‘onaga ko‘tarilib, 47-o‘rinni egalladi.

Tadbirda hozirgi kunda O‘zbekiston dunyoda “elektron hukumat” tizimini izchil rivojlantirayotgan o‘n mamlakat qatoriga qo‘shilgani ta’kidlandi. Samarali axborot-kommunikatsiya texnologiyalari infratuzilmasini, xususan, axborot tizimlari va ma’lumotlar bazalari majmualarini yaratish sohani yanada takomillashtirishda muhim o‘rin tutmoqda. Ayni paytda qator ana shunday majmualar foydalanishga topshirildi. Magistral, hududiy va stansiyalararo aloqa turlari optik-tolali liniyalar orqali ta’minlanmoqda. Ma’lumotlar uzatish magistral tarmog‘ining modernizatsiya qilinishi axborotning xalqaro yo‘nalish bo‘yicha o‘tish tezligini 10, viloyat markazlarigacha 4 va tuman markazlarigacha 10 barobar oshirish imkonini berdi.

Sammitda axborot xavfsizligini ta’minlash masalalari ko‘rib chiqilib, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida biznes yuritish istiqbollari, raqamli texnologiyalarni rivojlantirish bo‘yicha jahonda kuzatilayotgan tendensiyalar muhokama etildi.

– Sammitda uchinchi marotaba ishtirok etayapman, – deydi Xitoy Xalq Respublikasining “Huawei Technologies Co.Ltd” kompaniyasi biznes konsaltingi va tarmoqlarni rivojlantirish prezidenti Pol Skanlan. – Ushbu tadbir O‘zbekistonda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollari, sohani yanada rivojlantirishning dolzarb vazifalari va tendensiyalari bilan batafsil tanishish imkonini beradi.

Sammitda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirishning dolzarb masalalari, yangi aloqalar o‘rnatish va ishbilarmonlik munosabatlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha fikr almashildi.

manba uza.uz

Показать больше

Related Articles

Close
Close