Yangiliklar

(O`zbek) Aholi salomatligiga g‘amxo‘rlik ortadi

Buxoroda «Viloyat sog‘liqni saqlash tizimida 2015 yilda amalga oshirilgan ishlar, 2016 yildagi ustuvor vazifalar» mavzusida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda dastlab respublika sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari Asilbek Xudayarov so‘zga chiqib, tizim xodimlari oldida turgan qator muhim vazifalar—onalik va bolalik muhofazasiga e’tiborni kuchaytirish, tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasini yanada yaxshilash, mazkur jabhada kadrlar ta’minoti borasida sifat ko‘rsatkichlarini oshirish to‘g‘risida to‘xtaldi. Ma’ruzachi, shuningdek, joriy yilda mamlakatimizda Davlat byudjeti jami xarajatlarining 29,4 foizini aynan shu tizimga yo‘naltirish ko‘zda tutilganiga ham alohida urg‘u berdi. Bu—aholi salomatligi, xususan, ona va bola sog‘ligiga davlatimiz tomonidan katta e’tibor qaratilayotgani tasdig‘i, albatta.

Shundan so‘ng viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Ikrom Amonov tomonidan viloyatimizda aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatishning bugungi ahvoli, bu boradagi yutuq va kamchiliklar, o‘tgan yili amalga oshirilgan ishlar hamda boshlangan yildagi vazifalar haqida yig‘ilganlarga ma’lumot berildi. Unda ta’kidlanishicha, Investitsiya dasturiga muvofiq hududdagi tibbiyot muassasalarini qurish va rekonstruksiya qilishga 35,9 milliard so‘m mablag‘ ajratish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, «Salomatlik–3» loyihasi asosida viloyatdagi 13 ta markaziy shifoxonani stomatologik uskunalar to‘plami, 250 dan ortiq kompyuter texnikasi, zamonaviy rentgen apparatlari, «Nissan» rusumli 8 ta reanimobil bilan ta’minlash nazarda tutilgan.

  1. Amonov o‘z chiqishida ona va bola salomatligini yanada yaxshilashda, aholining o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi ortishida, tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini yuksaltirishda viloyat davolash muassasalari jamoalari tomonidan samarali tarzda yo‘lga qo‘yilgan ishlar muhim omil bo‘layotganini ham tilga olarkan, fuqarolar o‘rtasida tibbiy madaniyat darajasi o‘sib borayotgani bu borada hal qiluvchi rol o‘ynayotganiga e’tiborni qaratdi. O‘z navbatida umumiy amaliyot vrachlari hamda tor soha mutaxassislari o‘rtasida o‘zaro hamkorlikning ko‘ngildagidek emasligi, ayrim tibbiy yo‘nalishlar bo‘yicha malakali xodimlar etishmasligi, bemorlarning dori-darmon vositalariga nisbatan ehtiyojini qondirishda gohida o‘z vazifasiga nisbatan sovuqqonlik bilan qarash hollari uchrayotgani ta’kidlandi.

— Inson hayotidan ham muhimroq narsa yo‘q, — deydi Buxoro tumanidagi «Rabotak» qishloq vrachlik punkti vrachi Iqbol Murodova. — Shu bois bu omil biz, tibbiyot xodimlari zimmasiga ulkan mas’uliyat yuklaydi. Bunda esa kasallikni davolashdan ko‘ra profilaktika ishlariga ko‘proq e’tibor qaratish katta ahamiyatga ega. Yurtimizda sog‘liqni saqlash tizimida ana shu yo‘ldan borilayotgani ham bejiz emas. Yig‘ilish mobaynida mazkur jihatlarga alohida urg‘u berildi.

Sog‘liqni saqlash boshqarmasi tizimidagi davolash-profilaktika muassasalari, tuman va shahar tibbiyot birlashmalari rahbarlari va vakillari, qishloq vrachlik punktlari mudirlari, umumiy amaliyot vrachlari hamda tor soha mutaxassislari ishtirokida o‘tgan ushbu yig‘ilishda jabhadagi bir yillik ishlar sarhisob qilinib, kelgusidagi vazifalar belgilab olindi.

Manba Buxoro shifokorigazetasi muxbiri   

Показать больше

Related Articles

Close
Close