Bosh sahifa

Buxoro viloyat hokimligi sog‘liqni saqlash boshqarmasi  O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2007 yil 2 oktyabrdagi “Respublika tibbiyot muassasalari faoliyatini tashkil etishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 700-sonli qaroriga asosan tashkil etilgan mustaqil boshqaruv organi bo‘lib, viloyat aholisi salomatligini ta’minlash, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish va shu borada ommaviy axborot vositalariga ega bo‘lish hamda ulradan foydalanish, fuqarolar sog‘ligini muhofaza qilish, tibbiy-ijtimoiy himoyani tashkil etish kabi vazifalarni bajaradi.

Boshqarma o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligiga, shuningdek hokimlikka bo‘ysunadi.

Boshqarma o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, Qonunlariga, Oliy majlis palatasining qarorlariga va boshqa qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmonlari, Qarorlari va Farmoyishlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash Vazirligi buyruqlari va farmoyishlariga, Viloyat Xalq deputatalari kengashi, Viloyat Hokimi qarorlariga, boshqa qonun hujjatlari va boshqarma Nizomiga amal qiladi.

Buxoro viloyat hokimligi sog‘liqni saqlash boshqarmasi yuridik shaxs sifatida o‘zining mustaqil balansiga, bank muassasalarida hisobot va boshqa turdagi (shu jumladan valyutaga oid) hisob raqamlariga, O‘zbekiston Respublikasi Davlat tamg‘asi (gerbi) tasviri tushirilgan va Davlat tilida o‘z nomi yozilgan muxrga, shuningdek o‘z faoliyati uchun zarur bo‘lgan boshqa atributlarga ega bo‘ladi. Boshqarmaning tuzilmasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 7 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 4055-sonli qaroriga muvofiq 4 ilova qilinadi.

Quyidagilar Boshqarmaning asosiy tarkibiy bo‘linmalari hisoblanadi:

Viloyat DSENM, RShTYoIMBF, viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi va boshqa maxsus statsionar tibbiyot muassasalari, Viloyat qon quyish markazi, viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi, Tuman va shahar tibbiyot birlashmalari, dispanserlar, akusherlik komplekslari, ixtisoslashtirilgan kasalxonalar, xususiy tibbiyot muassasalari.

Boshqarmaga rahbarlikni Viloyat hokimining taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash Vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan Boshqarma boshlig‘i amalga oshiradi. Boshqarma boshlig‘i bo‘lmaganda uning vazifasini o‘rinbosari bajaradi. Boshliq o‘rinbosarlari O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan kelishilgan holda boshqarma boshlig‘i tomonidan tayinlanadi va vazifasidan ozod etiladi.