Amrillo Inoyatov: AHOLI SALOMATLIGINI MUSTAHKAMLASH OLIS VA ENG CHЕKKA HUDUDLARDAN BOSHLANADI

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi rahbar xodimlarning viloyatlarga amaliy-uslubiy yordam ko‘rsatish maqsadidagi xizmat safarlari davom etmoqda. Kecha, 15 yanvar kuni Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari Amrillo Inoyatov Vobkent tumanida bo‘lib, u yerda birlamchi tibbiy-sanitariya xizmati holatini o‘rgangandi.

Bugun – 16 yanvar kuni Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari boshchiligidagi guruh viloyatning olis hududlaridan biri – Jongeldi ovuliga yo‘l oldi. Mutasaddilar – viloyat “Birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalari faoliyatini takomillashtirish va muvofiqlashtirish shtabi” a’zolari, viloyat  Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i  G‘afur Saidov, Buxoro davlat tibbiyot instituti rektori Shuhrat Teshayev, tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Avazbek Hojiyev va boshqalar Prezidentning 2020 yil 12 noyabrdagi “Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari faoliyatiga mutlaqo yangi mexanizmlarni joriy qilish va sog‘liqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlar samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosini o‘rgandilar.

Peshko‘ tumani markazidan salkam 200 kilometr olisda, yanayam aniqrog‘i sahro qo‘ynida joylashgan mazkur aholi punktida bugun qozoq millatiga mansub 742 nafar aholi umrguzaronlik qiladi.  Yerlik aholi asosan, yilqichilik va qorako‘lchilik bilan shug‘ullanadi. Bu yerda yosh avlodni qozoq tilida o‘qitishga ixtisoslashgan o‘rta ta’lim maktabi va qishloq kasalxonasi mavjud.

Vazirlik vakili qishloq uchastka kasalxonasiga, shu yerda maktabga va turli kasalliklar bo‘yicha hisobda turuvchi bemorlar xonadonlariga bordi. O‘qituvchilar bilan bo‘lgan muloqot jarayonida ularning fikrlari, takliflari hamda muammolari bilan ham qiziqdi. Ustozlar tomonidan yilida bir marotaba ularni sanatoriyalarga yuborish masalasi o‘rtaga tashlandi. Vazir o‘rinbosari tomonidan bu taklif ma’qullandi.

– Prezidentimizning 2021 yilni «Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili» deb nomlashlarida katta ma’no va biz anglab olishimiz kerak bo‘lgan chuqur mohiyat bor, – dedi A. Inoyatov aholi va tibbiy xodimlar bilan uchrashuv chog‘ida. – Birinchidan, yoshlarimizga sifatli ta’lim va tarbiya berish uchun o‘qituvchilarimiz salomatligini mustahkamlash zarur. Ikkinchidan, aholi salomatligini mustahkamlash olis va eng chekka hududlardan boshlanadi. Biz, sog‘liqni saqlash xodimlari mana shu haqiqatlarni o‘zimiz uchun dasturilamal qilib olishimiz lozim.

Yana bir bildirilgan taklif va uning yechimi jongeldiliklar uchun uzoq vaqt xotirada saqlanib qoladigan bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Gap shundaki, Buxoro davlat tibbiyot institutiga o‘qishga kira olmagan shu yerlik yoshlarning 10 nafariga endilikda imtiyoz beriladigan bo‘ldi. Ular joriy yildan oliy dargohda tahsilni boshlab yuboradilar va uch yillik shartnoma pullarini tibbiyot instituti o‘z zimmasiga olishi ma’lum bo‘ldi.

Shu kuni ovulda tashkil etilgan chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikka barcha fuqarolar jalb etildi. Viloyatning eng sara mutaxassislari aholini tibbiy tekshiruvdan o‘tkazdilar. Ko‘chma flyuroografiya, Mobil poliklinika aholi xizmatida bo‘ldi.

1-guruh nogironi Ahmad Nurimjarov (1970 yilda tug‘ilgan) bilan qilingan muloqotdan so‘ng uning reabilitatsiyasi uchun bepul order rasmiylashtiriladigan bo‘ldi. Bundan tashqari bu bemorga nogironlik aravachasi ham berildi.

Shuningdek, ikki marotaba insultni boshidan o‘tkazgan Usara Kabakova va revmatoidli poliartritdan qiynalayotgan uning turmush o‘rtog‘i Bektibay Shalubayevga, Parkinson sindromiga duchor bo‘lgan bemor Kulash Ayimbetovaga, dissirkulyatorli ensefalopatiya bilan og‘rigan Serikbolsin Mahambetovga salomatliklarini tiklab olishlari uchun imtiyoz beriladigan bo‘ldi. Bundan tashqari, ikki kishi viloyatdagi Mohi xossa sanatoriysiga (Xojagul Ahmedova, Barongul Xodjabayeva), ikki nafar fuqaro esa (Jamila Aqbergenova hamda Uldana Qurbanbayeva) RSHTYOIM Buxoro filiali va Buxoro viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markaziga jarrohlik amaliyotini o‘tash uchun yuboriladigan bo‘ldi. Bu bemorlarning biri surunkali xoletsistit, o‘t-tosh kasalligidan aziyat chekkan bo‘lsa, ikkinchisi o‘ng son suyagining tug‘ma chiqishi dardidan qiynalib kelayotgan ekan.

Jongeldi qishloq uchastka kasalxonasi bosh vrachi Gulnur Ayimbetova vazir o‘rinbosari bilan muloqot chog‘ida bu yerda mavjud shart-sharoitlar haqida gapirib, ayni paytda ularni qiynayotgan muammolarga ham urg‘u berdi. Qishloq kasalxonasi uchun transport masalasini isloh qilish, bu yerda yangi ochilgan jarrohlik bo‘limini moddiy texnika bazasi bilan boyitish, zarur tibbiy apparatlar bilan ularni to‘liq ta’minlash bo‘yicha Amrillo Inoyatov mas’ullarga tegishli topshiriqlar berdi.

Buxoro viloyat SSB Axborot xizmati

 

This entry was posted in Yangiliklar. Bookmark the permalink.