Vazir o‘rinbosari Amrillo Inoyatov Vobkent tumanidagi ishlarni o‘rgandi

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev uchrashuv va videoselektor yig‘ilishlarida amaliyotga tadbiq etilayotgan islohotlar kutilgan samaralar berishi uchun xalqning roziligini olish kerakligini, buning uchun esa har bir rahbar hamda mas’ullar odamlar orasiga kirib ularning sharoiti hamda muammolarini o‘rganishi lozimligini bot-bot ta’kidlamoqda.

Bugun, 15 yanvar kuni O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari Amrillo Shodiyevich Inoyatov rahbarligidagi guruh birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari faoliyati, aholining sog‘lom ovqatlanishini ta’minlash, tibbiy profilaktika hamda boshqa masalalar bilan tanishish maqsadida Buxoro viloyatining Vobkent tumaniga keldi.

U O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining  2020 yil 12 noyabrdagi “Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari faoliyatiga mutlaqo yangi mexanizmlarni joriy qilish va sog‘liqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlar samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-6110-sonli Farmoni va shu farmon asosida joriy etilgan boshqa me’yoriy hujjatlar ijrosining tizimdagi ahvoli bilan qiziqdi.

Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosariga “Birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalari faoliyatini takomillashtirish va muvofiqlashtirish shtabi” a’zolari, Buxoro davlat tibbiyot instituti rektori Shuhrat Teshayev, Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i G‘afur Saidov,  Vobkent tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i  Sh.Rajabov va boshqa mas’ullar hamrohlik qildilar.

Dastlab tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli 14-oilaviy poliklinikaga tashrif buyurildi. Bu yerda tibbiyot xodimlari tomonidan axoli orasida o‘tkazilgan xatlovning xolisligi, har bir xonadonda o‘tkazilganligi o‘rganildi.

“Anjirbog‘”  mahalla fuqarolar yig‘ini Maxsumlar qishlog‘idagi o‘nga yaqin yashash uylariga borgan vazir o‘rinbosari ushbu xonadonlarning har bir vakili bilan muloqot qildi.

Mazkur qishloqning 54-xonadonida yashovchi fuqarolar – Tillo (1927 yilda tug‘ilgan)  hamda Abdullo Amonov(1957 yilda tug‘ilgan)lar bilan suhbatlashib, oilaviy poliklinikada xizmat qilayotgan tibbiyot xodimlari bu xonadon vakillarini yo‘qlab turishganligi, ularning tibbiy xatlov va atropometriya natijalari bilan tanishdi. Suhbat asnosida xonadon egalarining sog‘ligini surishtirdi, qanday muammolar qiynayotganligini so‘radi. Endilikda ularga salomatliklarini tiklash uchun sihatgohga yo‘llanma beriladigan bo‘ldi.

64 yoshni qarshilayotgan Matlab opa ham mutasaddilar tashrifidan quvonganini yashirib o‘tirmadi.

– Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshayotgan ishlarni oynai jahon orqali ko‘rib, shunday kunlarga yetkazganiga shukronalar aytardim. Ammo, bir kun kelib vazirlikdan kattalar meni ko‘rgani kelishlarini xayolimga ham keltirmaganman, -deydi Matlab Xidirova hayajonini yashira olmay.

Bu suhbatdan so‘ng sog‘liqni saqlash vazirligi vakili mas’ullarga onaxonga va uning kelini Oygul Zaripovaga Buxoro viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida imtiyozi ravishda davolanishlari uchun order olib berish bo‘yicha topshiriq berdi.

O‘z navbatida yo‘qlab borilgan fuqarolar ham suhbat asnosida tibbiyot xodimlari hamda mahalla faollaridan minnatdorliklarini, ayniqsa so‘nggi yillarda aholini sog‘lom turmush tarziga da’vat etish, ularning salomatligini tiklash yo‘lida olib borilayotgan izchil islohotlar va chiqarilayotan qaror va farmonlarning joylardagi ijrosini nazoratga olayotganligi uchun hukumatdan rozi ekanliklarini e’tirof etishdi.

Tashrif yakunida mehmonlar Yetti ulug‘ pirdan biri – Hazrat Hoja Mahmud Anjir Fag‘naviy qo‘nim topgan majmuani ziyorat qildilar.

Buxoro viloyat SSB Axborot xizmati

This entry was posted in Yangiliklar. Bookmark the permalink.