SALOMATLIK IRODAGA HAM BOG‘LIQ


Qaysidir kuni taksida ketayotib haydovchi bilan suhbatlashdik. Yoshi oltmishdan oshgan. Aytishicha, shifokorlarning ko‘rsatma va tavsiyalariga sira amal qilmas ekan.

-Nuqul uni yema, buni yema, parhez qil, deydi bu do‘xtirlar. Odam hayotga bir marotaba keladi. Ko‘zingni, dimog‘ingni o‘ynatadigan noz-ne’matlarni qanday yemay bo‘ladi, uka? Mana, nafaqadaman, o‘lganim yo‘q. Xohlaganimcha yeb-ichib yuribman, – dedi taksi haydovchisi kerilib. 

-Demak, shu paytgacha biron marotaba kasal bo‘lmagansiz? – so‘rayman undan.

-E, kasalni so‘ramang. Aytdim-ku, parhez buyurilgan menga. Buning ustiga yaqinda infarktni boshdan kechirdim. Xudo bergan dard, o‘zi shifosini ham berar?..

Suhbat asnosida angladimki, qon tomirlarda hosil bo‘ladigan tromblar nimaning hisobiga yuzaga kelishini, ular inson hayotiga nechog‘li xavf solishini haligi odam yaxshi bilmas ekan… Bilgani shuki, dard o‘zi keladi – o‘zi ketadi.

Men bu odamga achindim. Yotig‘i bilan tushuntirmoqchi bo‘ldim-u biroq yoshini hurmat qildim. Balki o‘zi hammasini (haqiqatni) tushunib turib, ichidan tan olsa-da irodasi ojizligi tufayli sirtida tan olmayotgandir? Menimcha, shunday. Chunki, iroda ojizligi ko‘pchilikka xos bo‘lgan narsadir.

Kundalik turmushimizda barchamiz zarar va foydasini biladigan, biroq deyarli amal qilmaydigan qoidalar talaygina. Deylik, ko‘p ovqat yeyish oshqozonga ziyon ekanligini bilamizu, kamiga o‘ringa yotish oldidan bo‘kib taomlanishdan o‘zimizni tiyolmaymiz. Tamaki chekishga mukkasidan ketish o‘pkaning kushandasi bo‘lishi mumkinligiga ishonamizu, unga tobe bo‘lishdan o‘zimizni asrashga iroda topa olmaymiz. Ikki qadam bo‘lsayam piyoda yurish sog‘likka koni foyda deymizu, darvozamizning oldigacha olib borib qo‘ymagani uchun taksi haydovchisi bilan yoqama-yoqa bo‘lishgacha boramiz. Albatta, bunday misollarni yuzlab keltirish mumkin.

Ha, bugun sog‘lom turmush tarzi va uni odamlar orasida qaror toptirish borasida shunchalik ko‘p gapirilmoqdaki, oltin qoidalarga oid talablar deyarli barchamizga yod bo‘lib ketdi. Hukumat esa aholini sog‘lom hayotga da’vat etish, buningsiz yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan turli xavfli kasalliklarning oldini olish maqsadida ommaviy ravishda sog‘lomlashtirish tadbirlari, sport marafonlari hamda musobaqalari uyushtirishni rag‘batlantirib kelmoqda.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 30 oktyabrdagi “Sog‘lom turmush tarzini keng tadbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-6099-sonli Farmonida «Sog‘lom turmush tarzi» platformasini yaratishga doir ustuvor vazifalar belgilandi. Unga ko‘ra, mamlakat hududida bir sutka davomida o‘n ming va undan ortiq qadam yurgan 18 va undan yuqori yoshdagi O‘zbekiston fuqarosining platformadagi elektron hamyoniga 3 ming so‘mdan; har oyda har bir shahar va tuman bo‘yicha eng ko‘p yurgan shaxsga 300 ming so‘mdan, har bir hudud bo‘yicha eng ko‘p yurgan shaxsga 500 ming so‘m, respublika bo‘yicha eng ko‘p yurgan shaxsga 1 million so‘m qo‘shimcha ravishda platformadagi elektron hamyoniga o‘tkazilishi belgilandi.
Qator korxona, tashkilot va muassasalar xodimlari o‘rtasida ertalabki badantarbiya mashg‘ulotlari, haftaning ma’lum bir kunida velosayrlar, “Har kuni – besh ming qadam yur!”, “Salomatlik sari o‘n ming qadam!” shiorlari ostida piyoda yurishni da’vat etuvchi va rag‘batlantiruvchi tadbirlar an’anaga aylantirilgan. Masalan, Buxoro viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi va uning tizimidagi muassasalarda ham tibbiyot xodimlarining jismoniy va aqliy jihatdan salomatligini ta’minlash maqsadida tadbirlar o‘tkazib kelinadi.

Kamina ham mobil telefonimga piyoda yurganda individual harakatni mezonlovchi maxsus ilova (“shagomer”) ni yuklab olganman. Xuddi shunday, jamoadoshlarimning ham bunga qiziqayotganligi ularning harakatida sezilmoqda. Ular ertalab uydan chiqayotib ostonadan ulovga o‘tirmasdan 2-3 kilometr masofagacha piyoda yurishayotganliklarini va kunlik tashlagan qadamlarini hisob-kitob qilishayotganliklarini ta’kidlashadi. Albatta, kun davomida va hafta davomida doimiy ravishda piyoda harakatlanishning imkoni bo‘lmaydi. Ammo, yaxshi tomoni shundaki, hayot tarzimga ozmi-ko‘pmi o‘zgarish kirganligidan, bir kunda xoh bir kilometr, xoh o‘n kilometr bo‘lsin, yurayotganligim menga ruhiy va jismoniy tetiklik bag‘ishlamoqda. Ovqat hazm qilish tizimida, uyquda o‘zgarishlar seza boshladim.

Uyga qaytayapman. Ikkinchi qavatda yashaydigan qo‘shnimning bolalari liftni kutib o‘tirishibdi. Ularga o‘z oyoqlarida teppaga ko‘tarilish koni foyda ekanligini aytib, zinaga qarab yo‘nalaman. Qaniydi shu gapni ularga ota-onalari aytishganida edi…
Prezident Shavkat Mirziyoev parlamentga murojaatida xalqimizning bukilmas irodasi, fidokorona mehnati va matonati tufayli mavjud qiyinchiliklar mardona yengib o‘tilayotganini ta’kidlar ekan, 2021 yilni «Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili» deb nomlashni taklif etdi. Albatta, buning ham o‘ziga yarasha sabablari bor. 2020 yil nafaqat biz uchun, balki butun bashariyat uchun sinovli keldi. Xalqimiz esa tabiiy va texnogen falokatlarni, koronavirus pandemiyasi tufayli ko‘plab yo‘qotishlarni o‘z boshidan kechirdi. Aynan koronavirusdan immunitet tizimida muammolari borlar, shuningdek yo‘ldosh kasalliklari bilan og‘rigan bemorlar ko‘proq aziyat chekishdi, qurbonlar shu toifa orasida ko‘proq kuzatildi.
Inson sport bilan, badantarbiya mashg‘ulotlari bilan muntazam ravishda shug‘ullanib turar ekan, tabiiyki, u sog‘lom bo‘ladi va kasalliklar undan yiroq bo‘ladi. Bu oddiy haqiqat. Lekin so‘zim boshidagi misolda aytganimdek, ko‘pchiligimiz buni tan olgimiz kelmaydi. Sababi – iroda bo‘shligi. Iroda, ya’ni – ruhiy quvvat yana salomatlik bilan bog‘liq. “Sog‘ tanda – sog‘lom aql” deganlaridek. Keling, birinchi irodamizni qo‘lga olaylik. Bir sinab ko‘ring, haqiqiy rohat va lazzat yeb-ichishda emas, ulardan tiyilishda ekanligiga o‘zingiz ham amin bo‘lasiz! Buni men aytmayapman, donishmand ota-bobolarimiz aytishgan. Men sinab ko‘rganman, xolos.

Yangi yilda barchamiz uchun salomatlikni mustahkamlash ustuvor maqsad bo‘lishiga ishongim keladi.

Hamzabek TURDIEV, 

“Buxoro shifokori” gazetasi muxbiri.

 

This entry was posted in Yangiliklar. Bookmark the permalink.