Sog‘lom kelajakka yo‘l tibbiy ko‘rikdan boshlanadi

Aksariyat kishilarda, ayniqsa, yoshlarda oila qurish oldidan o‘tkaziladigan tibbiy ko‘riklar shart emas, degan qarashlar mavjud. To‘y oldidan qudalar ham bir-birlariga bu haqda gapirishga iymanadilar. Bo‘lajak kuyov yoki kelinlar orasida ham bu boradagi ma’uliyatni his etmasdan “Men sog‘lommanku, ko‘rikning nima keragi bor?” deya mazkur jarayonlarga panja ortidan qarayotganlari ham uchrayapti. Kasallik esa isitma kabi har doim ham o‘zini ko‘rsatavermaydi. To‘ydan so‘ng yuzaga chiqqan dard esa ham oila, ham tug‘ilajak farzandlar inqiroziga zamin yaratmoqda.

Viloyat Perinatal markazida Buxoro viloyat Reproduktologlar Assosiasiyasi hamda viloyat Reproduktiv salomatlik markazi tashabbusi bilan “Nikohdan oldingi tibbiy ko‘rik jinsiy yo‘l orqali yuquvchi kasalliklarning oldini oladi” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Unda Assosiasiya vakillari, markaz xodimlari, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi mutaxassislari, Buxoro davlat tibbiyot instituti assistentlari, viloyat teri-tanosil kasalliklari shifoxonasi dermatovenerologlari, viloyat ruhiy-asab kasalliklari, viloyat narkologiya hamda sil kasalliklari dispanserlari, OITS markazi mutaxassislari, FXDYo  organlari xodimlari ishtirok etdilar.

Tadbirni viloyat Reproduktiv salomatlik markazi rahbari Nodira Xolova ochdi va boshqarib bordi.
Yosh avlodning sog‘lom va barkamol bo‘lib voyaga yetishida, avvalo,  bo‘lg‘usi ota va onalar sanalgan nikohlanuvchi yigit-qizlarning reproduktiv salomatligi muhim o‘rin tutadi. Mamlakatimizda har yili o‘rtacha hisobda 300 mingdan ziyod nikoh qayd etilayotgan bo‘lsa, 600 mingdan ortiq kishi nikoh oldi tekshiruvidan o‘tadi. Nikohdan ajralishlar soni yoshlar orasida barqaror o‘sib borib, 2015-2019 yillarda jami 29,3 mingtadan 31,4 mingtagacha oshdi. Oilaviy ajralishlarning sabablari asosan, bepushtlik, nogiron bolalar tug‘ilishi, er-xotinning surunkali kasalligi bilan ham bog‘liq.
Yoshlarning tibbiy madaniyati darajasi yetarli emasligi va yana bir qator omillar sababli bir yoshgacha bo‘lgan go‘daklar o‘limi ko‘rsatkichlari o‘sgan. Bu holatga irsiy kasalliklar hamda yaqin qarindoshlar o‘rtasida tuzilgan nikoh ham sabab hisoblanadi. Aynan shunday vaziyatlarga barham berish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining Oila kodeksiga muvofiq nikohlanuvchi shaxslarning tibbiy ko‘rikdan o‘tish hajmi va tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi. Shu maqsadda 2003 yil 23 avgustda Hukumatning “Nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 365-sonli qarori qabul qilingan.
Biroq nikohdan oldingi tibbiy ko‘rikdan o‘tishdagi tizimli muammolar mavjudligi, yoshlarning munosabati jiddiy emasligi kelgusida oilalarning mustahkamligiga hamda tug‘ilayotgan farzandlar salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Albatta, tizimda ham bu borada yechimini kutayotgan muammolar ham yo‘q emas. Ularni hal etish va ko‘zlangan maqsadlarga erishish uchun esa bu yo‘nalishga mas’ul bo‘lganlarning o‘zaro hamkorligi ustuvorlik kasb etmoqda. Konferensiyada shu masalalarga alohida urg‘u berildi.
Har bir ma’ruzada bu yo‘nalishdagi mavjud muammolar tilga olinar ekan, ularni hal etish usullari ham o‘rtaga tashlandi. Xususan, o‘tgan yilda nikohlanuvchilar tibbiy ko‘rigi davrida aniqlangan kasalliklar ko‘rsatkichlari taqdimot ko‘rinishida tahlil qilindi.

Tadbirda viloyat 1-FHDYo bo‘limi xodimi Z.Qurbonova, viloyat Nodavlat-notijorat tashkiloti rahbari A.Boltaev, viloyat teri-tanosil kasalliklari dispanseri bosh vrachi R.Hikmatov, Buxoro tibbiyot institutining Ftiziatriya-pul’monologiya va dermatoveneralogiya kafedrasi katta o‘qituvchisi Muxtor Jumaev va boshqalar so‘zga chiqib, hamkorlik tadbirlarini yanada jonlantirish kerakligi, davlatimiz tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlardan samarali foydalangan holda shu yo‘nalishni rag‘batlantirishni ko‘zda tutuvchi grant loyihalari bilan ishlash, yoshlar orasida urogenital infeksiyalar bilan kasallanish darajasi va ularni tashxislash hamda davolashdagi bugungi imkoniyatlar, sil va ruhiy xastaliklar profilaktikasi borasida o‘z fikrlarini bildirdilar.

Yakunda konferensiya qatnashchilari ayrim yo‘nalishlarda tibbiyot mutaxassislarining bilim va malakalarini mustahkamlash seminarlar o‘tkazish, OITS kasalligiga olinadigan tahlillarga jiddiy e’tiborni qaratish, joylardagi flyuorografiya apparatlarining sozligini tekshirish, MFY hamda posbonlardan profilaktik ma’lumotlarni muntazam ravishda olib turish, nikohlanuvchilarga to‘ydan keyin kechiktirilgan tibbiy ko‘riklar pullik xizmat asosida amalga oshirilajagini tushuntirish lozimligi ta’kidlandi.

Buxoro viloyat SSB axborot xizmati

This entry was posted in Yangiliklar. Bookmark the permalink.