Chekka hududlarda aholi uchun chuqurlashtirilgan tibbiy koʼrik tashkil etildi

Buxoro viloyatining Olot tumanidagi 28-29-qishloq oilaviy poliklinika hududlariga qarashli qator MFYlarda aholi chuqurlashtirilgan tibbiy koʼrik oʼtkazildi.
Tibbiy koʼrikdan asosiy maqsad aholi orasida surunkali noinfektsion kasalliklarni erta aniqlash, turli xavf omillarini oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlardan iborat.

Viloyat hokimligi sogʼliqni saqlash boshqarmasi va Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filialining 30 dan ortiq malakali shifokorlari tibbiyotning 13 ta yoʼnalishi boʼyicha aholi sogʼligʼini chuqur koʼrikdan oʼtkazishdi.

Bemorlarga zamonaviy UZI va EKG tekshiruvlari, laborator tahlillardan oʼtkazish uchun ixtisoslashgan tez tibbiy yordam mashinalari jalb qilindi.

-Chuqurlashtirilgan tibbiy koʼrikda jami 486 nafar bemor nazoratdan oʼtkazildi, -deydi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filialining direktori Tohir Musoev. -29 nafari tuman tibbiyot birlashmasiga statsionar sharoitda davolanishga yotqizildi. 22 nafar bemorlarga viloyatdagi ixtisoslashgan tibbiy muassasalarga yoʼllanma berildi. 342 nafar bemorlar ambulator sharoitda davolanish tavsiyalarini olishdi.

Shuningdek, nogironligi bor va harakati cheklangan bemorlarga ixtisoslashgan tez tibbiy yordam mashinasi bilan tor soha mutaxassislarining koʼrigi, instrumental va laborator tekshiruvlar uy sharoitida tashkil qilindi.

Bemorlarning 150 dan ortigʼida UZI tekshiruvlari, 130 dan ortigʼida EKG tekshiruvlari, 300 dan ortigʼida laborator tahlillar oʼtkazildi. Qabullarda aholi vakillariga sogʼlom ovqatlanish, harakatchan hayot tarzini tashkil qilish va boshqa mavzularda yetarlicha tibbiy maʼlumotlar berildi.
Oʼtkazilgan bu kabi chuqurlashtirilgan tibbiy koʼriklarda aholining tibbiy xizmat bilan qamrab olish darajasi oshiriladi. Turli yuqumli kasalliklar xavf omillarini vaqtli aniqlash, aholining tor mutaxassislar va birlamchi boʼgʼin orasida samarali integratsiya mexanizmlari yaratiladi. Аholining turmush tarzi yaxshilanishga va tibbiyot muassasalariga ishonchi ortadi. Bemorlarning tibbiy savodxonlik darajasi oshib, kasalliklarni vaqtli profilaktikasida eng muhim omil hisoblanadi.

uza.uz

This entry was posted in Yangiliklar. Bookmark the permalink.