Oʼzbekiston sogʼliqni saqlash sohasi xodimlariga

Qadrli doʼstlar!

Аvvalo, oʼz hayotini el-yurt salomatligini asrashdek gʼoyat masʼuliyatli va sharafli ishga bagʼishlagan siz, azizlarni kasb bayramingiz – Tibbiyot xodimlari kuni bilan chin qalbimdan samimiy tabriklab, barchangizga oʼzimning chuqur hurmatim va ezgu tilaklarimni bildirishdan mamnunman.

Xalqimiz sizlarni dunyodagi eng ulugʼ kasb egalari, muqaddas qasamyodiga sodiq, oʼz ishiga fidoyi insonlar deb biladi va mashaqqatli mehnatingizni yuksak qadrlaydi.

Аyniqsa, hozirgi murakkab pandemiya sharoitida chinakam salomatlik posbonlari boʼlib maydonga chiqayotganingiz har qanday tahsin va tasannolarga munosibdir.

Ushbu xavfli kasallikka chalingan ming-minglab yurtdoshlarimizning shifo topib, oilasi bagʼriga qaytayotganida, hech shubhasiz, sizlarning beqiyos xizmatlaringiz bor.

Fursatdan foydalanib, bu mashaqqatli kurashning oldingi saflarida turib, oʼz hayotini xavf-xatarga qoʼyib, jasorat va matonat namunasini koʼrsatib kelayotgan barcha tibbiyot xodimlariga oʼz nomimdan, butun xalqimiz nomidan yana bir bor chuqur minnatdorlik bildiraman.

Hurmatli tibbiyot xodimlari!

Biz oʼz oldimizga xalqimizni har tomonlama rozi qilishdek ulugʼ vazifani qoʼygan ekanmiz, bu maqsadga erishish yoʼlida sogʼliqni saqlash tizimini jadal rivojlantirishga birinchi darajali ahamiyat qaratmoqdamiz.

Keyingi toʼrt yilda bu borada sizlar bilan birga ulkan ishlarni amalga oshirdik. Bu davrda sohaga doir 200 ga yaqin meʼyoriy-huquqiy hujjat, jumladan, Oʼzbekiston Respublikasi sogʼliqni saqlash tizimini rivojlantirish kontseptsiyasi qabul qilinganini qayd etish lozim.

Yurtimizda birlamchi tibbiy-sanitariya, shoshilinch va tez tibbiy yordam, ixtisoslashtirilgan xizmatlar takomillashib bormoqda. Onalar va bolalar oʼlimining oldini olish, kasalliklarni barvaqt aniqlash, oilalarda sogʼlom turmush tarzini shakllantirish, tibbiy madaniyatni oshirish, aholining oʼrtacha umr koʼrish darajasini uzaytirish boʼyicha sezilarli natijalar qoʼlga kiritilmoqda.

Maʼlumki, 2020 yil Oʼzbekiston sogʼliqni saqlash tizimi uchun mislsiz sinov, ayni vaqtda izchil rivojlanish, yangi tajriba orttirish yili boʼldi.

Soha rivoji uchun davlat byudjetidan 14,8 trillion soʼm yoki 2019 yilga nisbatan 1,2 barobar koʼp mablagʼ ajratilgani, shuningdek, Investitsiya dasturiga muvofiq ushbu tizimga 1,15 trillion soʼm mablagʼ yoʼnaltirilgani mavjud qiyinchiliklarga qaramasdan, katta ishlarni amalga oshirish imkonini berdi. Jumladan, markazda va joylarda qisqa muddatda davolash-profilaktika muassasalari, karantin zonalari hamda saralash-taqsimlash markazlari barpo etildi, Toshkent viloyatining Zangiota tumanida 4 ming oʼrinli koʼp tarmoqli maxsus shifoxona ishga tushirildi.

Oʼz vaqtida koʼrilgan bunday chora-tadbirlarimiz bugun ijobiy natija berayotganini alohida taʼkidlash lozim.

Аyni vaqtda reproduktiv yoshdagi va homilador ayollar hamda bolalarga tibbiy yordam koʼrsatish sifatini oshirish va koʼlamini kengaytirish maqsadida zamonaviy tibbiyot markazlari, xususan, Toshkent shahrida Ikkinchi perinatal markaz, ilgʼor tibbiy texnologiyalar bilan jihozlangan, yiliga 1500 dan ziyod murakkab tibbiy amaliyotni bajarish imkonini beradigan Bolalar milliy tibbiyot markazi foydalanishga topshirildi.

Soha xodimlarining mehnatini munosib ragʼbatlantirish, oylik maoshlarini koʼpaytirish, pandemiya sharoitida ishlayotgan shifokorlarga qoʼshimcha haq toʼlash boʼyicha yangi tizim joriy etildi.

Bu yil olis qishloq va ovullarda 798 ta oilaviy poliklinika tashkil etilib, ularda ijtimoiy dorixona, kechayu kunduz ishlaydigan tez tibbiy yordam shoxobchasi, ayollar maslahatxonalari, qizlar salomatligi xonalari faoliyati yoʼlga qoʼyilgani ham muhim ishlarimiz qatoriga kiradi. Shuningdek, akusher-ginekolog, xirurg, stomatolog, terapevt, pediatr kabi 5 ta yoʼnalishdagi tor soha mutaxassislari faoliyatini yoʼlga qoʼyish hisobidan qishloq ahliga malakali ambulatoriya yordami koʼrsatadigan tizim ish boshladi.

Keyingi yillarda respublikamizda ixtisoslashgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlarining umumiy soni 18 taga yetkazildi, hududlarimizda ularning 18 ta filiali tashkil etildi. Ushbu markazlarda buyrak va jigar transplantatsiyasi bilan bogʼliq murakkab operatsiyalar oʼtkazilmoqda. Hatto viloyatlarimiz markazlarida ham ochiq yurakda kardiojarrohlik operatsiyalari amalga oshirilmoqda.

Hozirgi vaqtda yurtimizda 5805 ta xususiy tibbiyot muassasasi faoliyat koʼrsatmoqda. Ular tibbiy xizmat sifatini oshirish va raqobat muhitini kuchaytirishga xizmat qilmoqda. Аyni paytda 70 dan ortiq xususiy tibbiyot muassasasi koronavirus infektsiyasi boʼyicha laboratoriya xizmatlarini koʼrsatish, 25 ta shunday klinika esa diagnostika va davolash bilan shugʼullanmoqda. Аytish kerakki, xususiy sektorni kuchaytirish borasidagi ishlarimiz bugungi murakkab vaziyatda oʼzini toʼla oqlamoqda.

Davlat-xususiy sheriklik tizimi asosidagi tibbiy obʼektlar soni ham koʼpayib bormoqda. Joriy yilda umumiy qiymati 51,4 milliard soʼmni tashkil etadigan 9 ta davlat-xususiy sheriklik hamda 187 ta autsorsing shaklidagi loyihalar amalga oshirilgani ham shundan dalolat beradi.

Respublikamizda Tez tibbiy yordamni rivojlantirish jamgʼarmasini tashkil etganimizdan xabaringiz bor. Jamgʼarma mablagʼlari hisobidan Toshkent shahar tez tibbiy yordam stantsiyasi 150 ta zamonaviy “Ford” tibbiy yordam avtomashinasi bilan taʼminlandi. Natijada yurtimiz boʼyicha tez tibbiy yordam avtomashinalari soni 2514 taga yetdi. Eng muhimi, mazkur tizimda xizmat sifati yaxshilanib bormoqda.

Mamlakatimizda birinchi marta Gemodializ xizmatlari boʼyicha kontseptsiya ishlab chiqilib, hozirgi kunda uni amalga oshirishga kirishildi.

Yana bir muhim masala – soha uchun yuksak malakali kadrlar tayyorlash boʼyicha ham muhim loyihalar amalga oshirilmoqda. Bu borada 2020 yilda tibbiyot yoʼnalishidagi oliy oʼquv yurtlariga qabul kvotalari bakalavriat bosqichi uchun 27 foiz, magistratura yoʼnalishida 28 foiz va klinik ordinatura tizimida 22 foizga oshirilgani va yangi mutaxassisliklar boʼyicha kadrlar tayyorlash yoʼlga qoʼyilgani gʼoyat muhim ahamiyatga egadir.

Hozirgi vaqtda Germaniya, Italiya, Rossiya, Koreya Respublikasi, Turkiya, Belarusь, Ukraina kabi davlatlarning oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda talabalar zarur mutaxassisliklar boʼyicha qoʼshma taʼlim dasturlari asosida oʼqitilmoqda.

Muhtaram soha xodimlari!

Аlbatta, sogʼliqni saqlash tizimidagi barcha islohotlarimiz natijasi avvalo hurmatli shifokor va hamshiralar, yoshlarga tibbiyot sirlarini oʼrgatayotgan professor-oʼqituvchilar, ilmiy xodimlarning fidokorona mehnati, mahorat va tajribasiga bogʼliq ekanini hammamiz yaxshi tushunamiz.

Tibbiyot xodimlari kuni arafasida oʼtkazilgan katta anjumanda sizlar bilan birga mamlakatimiz sogʼliqni saqlash tizimini bugungi kun talablari asosida rivojlantirish, sohaning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, kasalliklarning oldini olish, profilaktika ishlarini kuchaytirish, ayniqsa, sogʼlom turmush tarzi tamoyillarini keng joriy etish, diagnostika va davolash jarayonlariga raqamli texnologiyalar, innovatsion yondashuvlarni tatbiq qilish bilan bogʼliq eng muhim va dolzarb vazifalarni belgilab oldik.

Butun xalqimiz qatori bugungi ogʼir sinovlardan mardona oʼtayotgan, zamonamizning chinakam qahramonlari boʼlgan siz, tibbiyot xodimlari ana shunday masʼuliyatli vazifalarni ado etishda faol ishtirok etib, barchaga oʼrnak va namuna boʼlasizlar, deb ishonaman.

Sizlarning mashaqqatli va olijanob mehnatingizni munosib qadrlash, tizim uchun malakali kadrlar tayyorlash, mamlakatimiz sogʼliqni saqlash sohasining raqobatbardoshligini oshirish, Jahon sogʼliqni saqlash tashkiloti va xorijiy tibbiyot markazlari bilan amaliy hamkorlikni kuchaytirish, telemeditsinani rivojlantirish masalalari bundan buyon ham doimiy eʼtiborimiz markazida boʼladi.

Sizlarni qutlugʼ kasb bayramingiz bilan yana bir bor samimiy muborakbod etib, barchangizga baxt-saodat, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman.

Qoʼlingiz dard koʼrmasin, hamisha sogʼ-omon boʼling, aziz shifokorlar!

Shavkat Mirziyoev,

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti

president.uz

This entry was posted in Yangiliklar. Bookmark the permalink.