SSV OGOHLАNTIRАDI: KORONАVIRUSNI DАVO STАNDАRTLАRISIZ KOʼR-KOʼRONА DАVOLАSh MUMKIN EMАS!

Prezidentimizning 2020 yil 26 martdagi “Oʼzbekiston Respublikasida Koronavirus infektsiyasi keng tarqalishining oldini olishga doir qoʼshimcha chora-tadbirlar toʼgʼrisida”gi qarori bilan xususiy shifoxonalarga koronavirus infektsiyasini davolashga ruxsat berilgan edi.
Tibbiy faoliyatni litsenziyalash tartibi toʼgʼrisidagi Nizomda ham nodavlat tibbiyot muassasalari Sogʼliqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan diagnostika va davolash standartlariga, sanitariya-epidemiologiya qoidalariga qatʼiy rioya qilishi lozimligi alohida taʼkidlangan.
Ushbu hujjatlarga asosan, xususiy shifoxonalar murakkab vaziyatni yumshatishda yaqindan yordam berib, tegishli davolash standartlari va tavsiyalari asosida koronavirusga chalinganlarga tez va sifatli tarzda tibbiy xizmat koʼrsatishayotgani chinakam eʼtirofga haqli.

Sogʼliqni saqlash vazirligi koronavirus infektsiyasini aniqlash va davolashda belgilangan tartiblarga rioya qilinmasa, huquqiy taʼsir choralari mavjud ekanligini xususiy shifoxonalarga muntazam eslatib kelmoqda. Аmmo shunga qaramasdan, ayrim xususiy shifoxonalarda koronavirusga chalingan bemorlarni davolashda tasdiqlangan standartlarga rioya qilmaslik natijasida jiddiy va qaltis xatolarga yoʼl qoʼyilayotgani maʼlum boʼlmoqda.

Misol uchun, koronavirusni davolash bilan shugʼullanayotgan xususiy shifoxonalar faoliyati yuzasidan retro-prospektiv tekshiruvlar oʼtkazilganda, oliy toifali pulьmonolog Z.Yu. tomonidan bir oilaning 3 aʼzosiga, ahvoli yengil darajada boʼlishiga qaramasdan, 12 turdagi (!) dori vositasini (“Аskorbin” kislota, “Baktazon”, “Moksiv”, “Deksametazon”, “Vobenzim”, “Trombonet”, “Kurantil”, “Laritidin”, “Flyukonazol”, “Аmbroksol”, “Tsink”, “Veroshpiron”) tavsiya qilingani qayd etildi.

Shuningdek, boshqa bir xususiy shifoxonada faoliyat yuritgan otorinolaringologiya ixtisosligi boʼyicha 2-kurs klinik ordinatori I.B. ayrim bemorlarga, ular kasallikning yengil darajasini oʼtkazayotganiga qaramasdan, bir vaqtning oʼzida 10 ga yaqin (“Tsefepim”, “Аtsiklovir”, “Deksametazon”, “Аmbroksol”, “Kleksan”, “Kurantil”, “Kardiomagnil”, “Veroshpiron”) dori vositalarini hamda ingalyatsiya uchun “Dekosan” + “Deksametazon” + “Dimedrol” dori vositalari aralashmalarini tavsiya qilgani aniqlandi.
Ikkala holatda ham bemorlarning ahvoli yomonlashganligi sababli Respublika virusologiya ilmiy tekshirish instituti klinikasiga yotqizilgan.

Shuningdek, soʼnggi bir yarim oy mobaynida xususiy shifoxonalardan birgina Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga jami 17 nafar bemor belginlangan davo standartlariga amal qilinmagani, meʼyoridan ortiq miqdorda antibiotik va boshqa tavsiya etilmagan turli xil infuzion dori vositalari qoʼllanilgani uchun ogʼir ahvolda koʼchirilgani maʼlum boʼlgan. Bu kabi bemorlar Zangiota tumanidagi yuqumli kasalliklar shifoxonalari va vazirlik tasarrufidagi boshqa davolash muassasalariga ham yotqizilgan.

Sogʼliqni saqlash vazirligi tomonidan poytaxtimizda oʼtkazilgan tekshiruv natijalari boʼyicha 4 ta xususiy shifoxonaga berilgan litsenziya tugatildi, 2 tasida litsenziyaning amal qilish muddati 10 kunga toʼxtatildi, yana 2 tasiga esa kamchiliklarni bartaraf etish boʼyicha bajarilishi majburiy boʼlgan koʼrsatmalar berildi.

@ssvuz

This entry was posted in Yangiliklar. Bookmark the permalink.