Yana bir guruh buxoroliklarga “Mehr-saxovat” koʼkrak nishoni topshirildi

Bugun butun bashariyat qatori bizning oʼzbek xalqi ham koronavirus pandemiyasi sabab ogʼir sinov va qiyinchiliklarga qarshi matonat bilan kurashmoqda.

Ushbu ayyor ofatning mamlakatimiz hayotiga salbiy taʼsirini yumshatish, fuqarolar salomatligini asrash, ularni ijtimoiy, iqtisodiy jihatdan himoya qilish boʼyicha davlatimiz, hukumatimiz tomonidan oʼz vaqtida koʼrilayotgan chora-tadbirlar samarasini bermoqda, albatta.




Mana shunday murakkab va tahlikali vaziyatda mard va jasur, olijanob xalqimiz yanada jipslashib, oʼzaro yordam, mehr-oqibat, hamjihatlik va ahillik kabi yuksak insoniy fazilatlar sohibi ekanini yana bir bor amalda namoyon etib kelayotir.

Bu borada, oʼtgan ogʼir damlar va bugungi pandemiya davrida Buxoro viloyatida ham keng koʼlamli ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Jumladan, Inqirozga qarshi kurash, “Mehr va saxovat” jamgʼarmasi mablagʼlari hisobidan, shuningdek, mahalliy hokimliklar, saxovatpesha yurtdoshlarimiz tomonidan pandemiya sababli aholining murakkab ahvolga tushib qolgan qatlamlariga 8,7 mlrd soʼm bevosita yoʼnaltirildi. Olot va Qorakoʼl hamda Sardobadagi ofatdan jabr koʼrganlarga 14,2 mlrd. soʼmlik moddiy yordam koʼrsatildi.

Bundan tashqari, sektorlar tomonidan 42 ming 713 nafar ehtiyojmand fuqaroning 17 ming 903 nafari tegishli roʼyxatdan, yaʼni, kambagʼallikdan chiqarildi.

.

Аyni paytda sinovli kunlarda ogʼir iqtisodiy-ijtimoiy ahvolga tushib qolganlarga xayriya va saxovat mablagʼlarini manzilli yetkazish, begʼaraz homiylik ishlariga keng jamoatchilikni jalb etish boʼyicha keng koʼlamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Mana shunday insonlarni munosib taqdirlash maqsadida Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 26 maydagi “Mehr-saxovat” koʼkrak nishoni bilan mukofotlash toʼgʼrisida”gi farmoni tasdiqlangan edi. Farmonga koʼra, murakkab vaziyatda xalq, fuqarolar taqdiriga befarq boʼlmay, oʼzining xayirli saxovatlari bilan barchaga oʼrnak boʼlib kelayotgan saxovatli tadbirkorlar, davlat va jamoat tashkilotlarining fidoyi xodimlari hamda boshqa tashabbuskor va faol fuqarolar “Mehr-saxovat” koʼkrak nishoni bilan mukofotlanishi belgilangan.

Bugun, 30 sentyabrь kuni viloyat hokimligi majlislar zalida mana shunday jonkuyar insonlar-tibbiyot xodimlari, saxovatpesha yurtdoshlarimiz, shuningdek, bir guruh koʼngilli buxoroliklarning 48 nafari “Mehr-saxovat” koʼkrak nishoni bilan taqdirlandi.


Tadbirda viloyat hokimi vazifasini vaqtincha bajaruvchi Farhod Umarov barcha taqdirlanganlarni ushbu mukofot bilan samimiy qutlab, koʼkrak nishonlarini topshirdi.










Tadbirda bugun shunday murakkab va tahlikali vaziyatda oʼzining olijanob xislati bilan barchaga oʼrnak boʼlayotgan insonlar timsolida xalqimiz yanada jipslashib, oʼzaro yordam, mehr-oqibat, hamjihatlik va ahillik kabi yuksak insoniy fazilatlar egasi ekanligini yana bir bor namoyon etganligi alohida taʼkidlandi.




buxoro.uz

This entry was posted in Yangiliklar. Bookmark the permalink.