Koronavirus: D vitamini qabul qilishni boshlash kerakmi?

Koronavirusga qarshi D vitamini iste’mol qilish foyda beradimi? D vitamini ichishni boshlash kerakmi?

So‘nggi paytlarda bu vitamin borasida ham savollar o‘rtaga chiqmoqda, deb yozmoqda «Sof.uz» nashri.

Sog‘lom ovqatlanish bo‘yicha Ilmiy Maslahat Komissiyasi va sog‘liqni saqlash bo‘yicha kuzatuv tashkiloti Mukammal Parvarish Milliy Instituti (SPMI) bu boradagi dalillarni tezkor tahlil qilib chiqdi. Bu haqda Bi-Bi-Si xabar bermoqda.

Qanday maslahat berildi?

Pandemiya davrida odamlar odatdagidan ko‘proq uyda qolmoqda, ularning ayrimlarida D vitamin tanqisligi boshlanishi mumkin.

Odatda, biz bu vitaminni tashqarida, ochiq havoda yurganda olamiz. Terilarimizga quyosh nurlari tushganda ular D vitaminni ishlab chiqara boshlaydi.

Milliy sog‘liq xizmati (MSX) odam asosiy vaqtini ichkarida o‘tkazsa, kuniga 10 mikrogramm miqdorida vitamin D qabul qilishi kerakligini aytadi.

Shotland va Uels hukumatlari hamda Shimoliy Irlandiya Jamoat sog‘lig‘i agentligi pandemiya davri uchun ayni shunga o‘xshash tavsiya bergan edi.

Pandemiyadan avval ham Britaniyada odamlarga har yili oktyabrdan martgacha qo‘shimcha vitamin qabul qilish tavsiya qilinar edi.

Angliya Jamoat Sog‘lig‘i tashkiloti D vitaminini yil davomida qabul qilishni maslahat beradi, agar:

– siz ochiq havoda kam bo‘lsangiz
– parvarishlash uylarida yashasangiz
– tashqarida bo‘lganingizda butun badaningizni yopib turadigan libos kiysangiz.

Terisining rangi to‘q odamlar, hatto vaqtini tashqarida o‘tkazsa ham, yetarlicha D vitamin ishlab chiqara olmasligi mumkin. Ular ham yil bo‘yi vitaminni qo‘shimcha tarzda qabul qilishni o‘ylashlari kerak.

Qora tanli, osiyolik va etnik ozchiliklar koronavirus bilan jiddiy kasallanishi xavfi borligi haqida dalillar mavjud.

Bizga D vitamini nega kerak?

D vitamini suyaklar, tish va mushaklar sog‘lomligi uchun muhim. Uning yetishmasligi bolalarda suyaklarning qiyshayishi kasalligi – raxit va kattalarda ayni shu turdagi suyak mo‘rtlashishi holati – osteomalyasiyaga sabab bo‘ladi.

Shuningdek, D vitamini infeksiyalarga qarshi kurashda yordam berishi, immun tizimini mustahkamlashi haqida ma’lumotlar bor.

Ba’zi tadqiqotlarga ko‘ra, me’yordagi D vitamini shamollash va grippda yordam beradi. Ammo tadqiqotlar xulosalari turlicha.

Ovqatlanish bo‘yicha Ilmiy Maslahat Qo‘mitasi (OIMQ) nafas yo‘llaridagi infeksiyaning oldini olish yoki davolashda D vitaminidan foydalanishni tavsiya qilish uchun yetarlicha ilmiy dalillar mavjud emas deydi.

Bu vitamin koronavirusni to‘xtata oladimi?

SMPIning ilmiy tadqiqotlar xulosalari tahlili ko‘rsatishicha, koronavirusning oldini olish yoki uni davolash uchun D vitaminini qabul qilishni dastaklaydigan hech qanday dalil yo‘q.

Ammo, ekspertlarning fikricha, bu vitamin pandemiya davrida odamlarni ozuqaviy tomondan bardamligini saqlash uchun ko‘plab foydalari bo‘lishi mumkin.

Ayrim tadqiqochilar koronavirusga chalingan odamlarda kasallikning og‘irroq o‘tishi D vitamin yetishmovchiligi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin deydilar. Ammo boshqa xavf omillari, masalan, yurak kasalliklari bu kabi bemorlarda ko‘p uchragani uchun xulosa qilish mushkul.

Liverpul universiteti tibbiyot professori Jon Rodsning aytishicha, D vitaminida yalliqlanishga qarshi xususiyat bo‘lib, ayrim tadqiqotlarga ko‘ra, u tananing virusga qarshi immunitet reaksiyasini mo‘’tadillashtiradi.

Bu holat immun tizimining virusga qarshi javobi natijasida o‘pkada «sitokin toshqini» paydo bo‘lishi va o‘pka jiddiy zararlanishi kuzatilgan og‘ir ahvoldagi bemorlarga tegishli.

Uni ko‘p qabul qilishim kerakmi?

Yo‘q. Garchi D vitamini vositalari xavfsiz bo‘lsa ham, tavsiya qilingan kunlik me’yordan ortiq qabul qilish uzoq muddatda ko‘ngilsiz oqibatlar keltirib chiqarishi mumkin.

Agar D vitamini qabul qilmoqchi bo‘lsangiz:

– 1-10 yoshdagi bolalar kuniga 50 mikrogrammdan ortiq qabul qilmasligi kerak.
– Bir yoshdan kichik bolalarning kunlik dozasi 25 mikrogrammdan oshmasligi kerak.
– Katta yoshdagilar kuniga 100 mikrogrammdan oshirib yubormasligi lozim. Kunlik tavsiya qilingan doza 10 mikrogrammdir.

Yanada yuqori dozani shifokor D vitamini yetishmovchiligi aniq kuzatilgan bemorlarga tavsiya qilishi mumkin.

Ayrim surunkali kasali borlar, jumladan, buyragida muammosi borlar bu vitaminni oshirib yuborishga ehtiyot bo‘lishlari kerak.

Uni qayerdan topish mumkin?

D vitamini uchun qo‘shimcha vositalarni dorixonadan tortib, supermarketlarda ham topish mumkin. U shunchaki D vitamin shaklida yoki multivitamin tarkibida bo‘lishi mumkin.

D vitamini deb sotilayotgan aksar vositalarning tarkibi D3 bo‘lib, ulardan biri terida hosil bo‘lsa, qolgan ikkitasini o‘simliklar ishlab chiqaradi.

Bolalar uchun esa alohida tomchi ko‘rinishida ishlab chiqariladi.

Oziq ovqat tarkibida-chi?

Garchi sog‘lom ovqatlanish immun tizimining normal ishlashiga yetarlicha yordam bersa ham, hech bir alohida ovqat yoki qo‘shimcha ozuqa uni normal darajadan ortiqqa kuchaytira olmaydi.

D vitaminni ovqatning o‘zidangina olish qiyin.

Sog‘lom, muvozanatlashgan oziq ovqat mustahkam sog‘liq uchun muhim va bu pandemiyadan boshqa vaqtlarda ham tavsiya qilinadi.

Ovqatlanish ratsionida D vitaminga boy baliq yog‘i va tuxum bo‘lishi kerak. Nonushta uchun ayrim yormalar, margarin va yogurtlarda ham D vitamin bo‘ladi.

Oftobda toblanishim kerakmi?

Quyosh nurida uzoq qolish tanangizda D vitaminni me’yordan oshirib yubormaydi. Ammo quyosh terini kuydirgani uchun bunda ham me’yorni saqlash kerak.

Bolalar, chaqaloqlar va homilador ayollar nima qilishi kerak?

Bu borada maslahat shu:

– Ko‘krak suti bilan oziqlanuvchi chaqaloqlarga tug‘ilganidan bir yoshigacha kuniga 8.5-10 mikrogramm miqdorida qo‘shimcha D vitamini beriladi.
– Sun’iy sut bilan oziqlanuvchi chaqaloqlar kuniga yarim litr sun’iy sut ichadigan bo‘lguniga qadar ularga qo‘shimcha D vitamin berilmaydi. Chunki sun’iy sut tarkibida D vitamini bo‘ladi.
– 14 yoshli bolalar kuniga 10 mikrogramm D vitamini qabul qilishi kerak.

Kattalar uchun belgilangan doza (10 mikrogramm) homilador va emizuvchi ayollar uchun ham birdek tavsiya qilinadi. Bundan yuqori doza teri rangi to‘q va homila davri og‘irroq o‘tayotgan ayollarga buyurilishi mumkin.

unews.uz

 

This entry was posted in Yangiliklar. Bookmark the permalink.