SSV: sogʼayish koʼrsatkichlari oshgan, ammo bu xotirjamlikni anglatmaydi

Soʼnggi kunlarda shifokorlarimizning matonatli saʼy-harakatlari tufayli koronavirusga chalingan bemorlarning sogʼayish koʼrsatkichlari oshib bormoqda. Jumladan, joriy yil avgust oyining ikkinchi va uchinchi oʼn kunligida vaziyat tahlil qilinganda mamlakatimiz boʼylab kasallik qayd etilishi va davolanishda bir muncha ijobiy koʼrsatkichlarga erishilganini koʼrish mumkin.

Jumladan, sogʼayish koʼrsatkichi soʼnggi 25 kun ichida 73 foizdan 94 foizgacha oʼsib, qariyb 18 ming nafar bemor tuzaldi.

— Ushbu ijobiy koʼrsatkichlardan xotirjamlikka berilmasligimiz kerak, — deydi Sogʼliqni saqlash vazirligi bosh boshqarma boshligʼi Farrux Sharipov. — Tahlil etadigan boʼlsak, oxirgi 5-6 kundagi statistikaga koʼra, 26 avgustdan boshlab tez yordam xizmatiga murojaatlar soni 29,3 mingdan 34,2 mingtagacha oshgan. Ushbu murojaatlarning oʼtkir respirator bilan bogʼliq chaqiruvlarning soni 2,2 mingdan 3,0 mingtagacha oshdi. Tana harorati oshgani sabab chaqiruvlar esa 2,5 mingdan 3,5 mingtagacha koʼpaygan.

Shu bilan birga, ambulator-poliklinika muassasalariga arterial bosimning koʼtarilishi, ortiqcha vazn, qandli diabet kabi xastaliklar bilan murojaatlar koʼpaygan. Pnevmoniya belgilari sabab qilingan murojaatlar soni 244 nafardan 305 nafargacha oshganligi hammani yana bir bor hushyor boʼlishga, shuningdek, karantin talablariga qatʼiy amal qilishga undaydi.

xabar.uz

This entry was posted in Yangiliklar. Bookmark the permalink.