Nafas aʼzolari kasalliklari kimlarda koʼproq uchraydi?

Нафас аъзолари касалликлари кимларда кўпроқ учрайди?Pandemiya shuni koʼrsatmoqdaki, nafas organlari kasallikka moyil kishilar oʼz sogʼliklariga jiddiy eʼtibor qaratishlari kerak boʼlmoqda. Shunday bemorlar uning profilaktikasi, tashxisi va ushbu kasallikdan samarali davolanish uchun nimalarga eʼtibor berishlari kerak?

Sogʼliqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʼlimi shu kabi savollarga Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulьmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi diagnostika boʼlimi shifokori, oliy toifali pulьmonolog Xayrullo Rajabovdan javob oldi.

— Nafas olish tizimi bilan bogʼliq kasalliklar unchalik xavfli koʼrinmasa-da, aslida oʼlim xavfi juda yuqori kasalliklar guruhiga kiradi…

— Аslida xavfsiz kasallikning oʼzi yoʼq. Hozirgi paytda aholi orasida uchraydigan nafas aʼzolari kasalliklarining asosiy qismini bronxial astma, surunkali obstruktiv oʼpka kasalligi va pnevmoniya tashkil kiladi.

Masalan, dunyo statistikasi buyicha bronxial astma kasalligi aholi orasida oʼrtacha 5 foiz hollarda uchraydi, bu koʼrsatgich bolalar orasida yanada koʼproq uchrab, oʼrtacha 10 foizni tashkil qiladi. Surunkali obstruktiv oʼpka kasalligi dunyo boʼyicha kasallanish va oʼlim koʼrsatkichlarining asosiy sabablaridan biriga aylanib bormokda.

Bu oʼz oʼrnida iqtisodiy va ijtimoiy muoammolarni yuzaga keltiradi. Infektsion kasalliklar orasida oʼlim sabablari koʼrsatkichi boʼyicha pnevmoniya birinchi oʼrinni va umumiy oʼlim koʼrsatkichi sabablari boʼyicha oltinchi oʼrinni egallaydi.

— Oʼzbekiston keskin kontinental iqlim mintaqasiga kiradi. Аyniqsa, Orol fojiasi, soʼnggi yillardagi iqlimiy oʼzgarishlar mintaqa aholisining nafas olish organlari kasallanishlari darajasini oshirib yubordi…

— Toʼgʼri, yurtimizda aholi orasida kasallanishlar koʼrsatkichi boʼyicha nafas aʼzolari kasalliklari yuqori oʼrinlardan birini egallaydi. Nafas aʼzolari kasalliklari oʼlim sababi koʼrsatkichi buyicha beshinchi oʼrinni, bolalar orasida esa ikkinchi oʼrinni egallaydi.

Nafas aʼzolari kasalliklari orasida katta muammolarga sabab boʼluvchi yana bir nechta kasalliklar bor. Bularga oʼpkaning interstitsial kasalliklari, mukovistsidoz, nafas yetishmovchiligi, uyqu apnoe sindromi, oʼpka sili va yukori nafas aʼzolari kasalliklari kiradi.

— Yurtdoshlarimizni eng koʼp qiynaydigan nafas olish bilan bogʼliq kasallik —bronxial astma boʼlsa kerak. Bu kasallikka chalinmaslik va undan samarali davolanish uchun nimalarga eʼtibor berish kerak?

— Bronxial astma, tibbiyot tili bilan aytganda, giperreaktivlik bilan namoyon boʼluvchi nafas aʼzolarining surunkali yalligʼlanishidir. Bu surunkali yalligʼlanish jarayonida, asosan, semiz hujayralar, eozinofillar va T-limfotsitlar ishtirok etadi.

Bronxial astma quruk yoʼtal, nafas qisish xurujlari, hansirash, koʼkrakda ogʼirlik hissining paydo boʼlishi kabi simptomlar bilan namoyon boʼladi, bu holatlar, asosan, tunda yoki ertalab saharda kuzatiladi. Bu  holatlar koʼpincha dori taʼsirida orqaga qaytishi mumkin. Bu kasallikni  quyidagi omillar keltirib chiqaradi:

–  genetik moyillik, atopiya, nafas yoʼllari giperreaktivligi;

–  tashqi va uy allergenlari (chang, uy changlari, oʼsimliklar changlari, uy hayvonlari juni), chekish, respirator infektsiyalar, parazitar invaziya va ayrim oziq-ovqat va dori vositalari.

Bronxial astmaning qanday kechishi uning oʼz vaqtida aniqlanishiga bogʼliq. Аgar kasallik oʼz vaqtida aniqlanib, bemor shifokor koʼrsatmalariga toʼgʼri amal qilsa, yaʼni asosiy davolash jarayonlariga eʼtiborli boʼlsa, kasallikni toʼliq nazorat qilish mumkin. Bu esa bemor hayot tarzini yaxshilaydi va kasallik alomatlarining uzoq muddatga zaiflashuviga sabab boʼladi…

xabar.uz

This entry was posted in Yangiliklar. Bookmark the permalink.