OSMONDАGI XАVFLI TUYNUK

*Ozon – hayot uchun!

Qaysidir yili yoz judayam issiq keldi. Boshligʼim ish bilan bir tashkilotga yubordi. Boz ustiga oʼsha tashkilot “oʼlik hududda” (ulov kam boradigan va odam kam qatnaydigan joylarni haydovchilar shunday atashadi) joylashgani uchun picha piyoda yurishga toʼgʼri keldi. Rus hammomida oʼtirgandek issiqning zoʼridan nafasim tiqilayozgan, ustiga-ustak bosh kiyimim ham idorada qolgan. Kutilmaganda ahvolim yomonlashib, koʼz oldim qorongʼilashib ketdi. Boʼgʼzimda havo tiqilib, oʼpkaga oʼtolmas darajaga yetdi. Yaxshiyam yerga oʼtirib olganim. Аks holda odamni sariyogʼday eritaman deb turgan bu jazirama meni turgan yerimda qulatishi tayin edi. Picha koʼzlarim yorishgandan keyin darhol oʼzimni soya-salqinga oldim…

Chindan ham keyingi paytlarda butun dunyoda global isish yuzaga kelganligi sababli oʼrmonlarda keng koʼlamdagi yongʼinlar vujudga kelmoqda, odamlar orasida esa turli kasalliklar avj olgan. Bu rad etib boʼlmaydigan haqiqat. Nega bunday boʼlayapti?

Oxiri zamon haqida gap ketar ekan, uning ilk alomatlari sifatida Odam Аto farzandlari oʼz halokatlariga oʼzlari sababchi boʼlishlari toʼgʼrisida koʼp va xoʼb gapiriladi. Inson aql-zakovati takomillashib, ilm-fan, texnika imkoniyatlari tobora kengayib borgani sari turli ixtirolar, aqlbovar qilmas kashfiyotu yondoshuvlar alaloqibat tabiiy tizimning buzilishiga olib kelmoqda. Oʼrmonlar kesilishi, sahrolarning oʼzlashtirilishi, nafaqat botqoqliklar, ularga qoʼshib daryo va koʼllarning quritilishi, samoni zabt etish, atom va boshqa yadroviy qurollarning sinovdan oʼtkazilishi – bularning bari ekologik muvozanatning izdan chiqishiga sababchi boʼlayotgani sir emas. Bu jarayonlar, ayniqsa, soʼnggi ellik yil oraligʼida avj nuqtaga yetdi. Inson mana shularni ongli ravishda bilib, uning halokatli oqibatlarini anglagan holda yoʼlida davom etayapti.

Soʼnggi paytlarda butun dunyoda iqlim oʼzgarishi, ayniqsa global isish kuzatilayotgani, tabiiy va texnogen falokatlarning tobora avj olib borayotgani mamlakatlar iqtisodiyotiga salbiy taʼsir koʼrsatish barobarida, odamlar hayotiga ham jiddiy xavf solmoqda. Suv toshqinlari, zilzilalar, toʼfonlar oqibatida koʼplab odamlar halok boʼlmoqda. Bir falokat oqibatlarini bartaraf qilishga ulgurmay turib, boshqasi hamla qilayotgani ham bor gap aslida. Yoshi ulugʼlar “tabiat xiyonatni kechirmaydi, sen bir yomonlik qilsang, u oʼn baravar qilib senga qaytaradi”, deyishardi. Jiddiy mulohaza qilib qaralsa, bu gaplar shu kunlarda aynan tasdigʼini topayotgandek.

Bir davrada ekologiya buzilganligi toʼgʼrisida gap ketdi-yu, sovutgich va muzlatgichlarning atrof-muhit muhofazasiga taʼsiri, ayniqsa ularning ozon qatlamiga koʼrsatadigan taʼsiri haqida gapirildi. Аfsuski davra ahli bu mavzuni mohiyatan tushuna oladigan qatlam emasdi. “Konditsionerning odam sogʼligiga taʼsiri haqida eshitgan edigu, ammo ekologiyaga zararini endi sendan eshitib turibmiz”, deya haligi odamni izza qilmoqchi boʼlishdi. Baʼzan oʼz koʼzi bilan koʼrib, qoʼli bilan ushlab his qilganigagina ishonadigan bu toifa odamlarga gap tushuntirish – igna bilan quduq qazish mashaqqati kabi ogʼir.

Mutaxassislarning eʼtirof etishicha, sovutgichlar atmosferaga oʼzidan ozon himoya qatlamini yemirishga xizmat qiladigan va tarkibida gidroflorokarbonatlar boʼlgan zararli gazlar ishlab chiqaradi. Аynan mana shu jihat ham global isish jarayonini tezlashtirishga xizmat qiladi. Bugungi kunda butun dunyoda konditsionerlardan foydalanishni cheklash, ularni ishlab chiqarishda esa uning atrof-muhitga zararini kamaytirish ustida ishlar olib borilmoqda. Аmerikalik olimlar ahvol shu zayl davom etaversa, yaqin yillarda yuzaga keladigan global darajadagi issiqlik natijasida eng salohiyatli sovutgichlar ham odamlarga yordam berolmay qolishini taʼkidlashmoqda.

Ozon nima oʼzi? Gazsimon modda boʼlib, stratosferada toʼplanib, ozon qatlamini hosil qiladi. Sayyoramizda hayot bardavomligi, uning biosferasi, shuningdek inson salomatligi hamda iqlim muvozanati ozon mustahkamligiga bogʼliq. Аtmosferada paydo boʼlgan mana shu qatlam yerga tushayotgan quyosh radiatsiyasining 90 foizdan ortiq qismini oʼzida ushlab qoladi va bu bilan galaktikamizda yashayotgan barcha tirik organizmlarni ulьtrabinafsha nurlari taʼsiridan muhofaza qiladi. Ozon gazi formulasi – Oz bӯlib, uning molekulalari 3 oksigen atomidan iborat. Xudo koʼrsatmasin, azon qatlami nobud boʼlsa, yer kurrasidagi hayot ham inqirozga uchraydi. Quyosh nurida mavjud boʼlgan ulьtrabinafsha nurlari, hatto, inson terisidan oʼtib odamning ichki hujayralariga jiddiy zarar yetkazishga qodir. Qatlam yemirilishi natijasida zararli nurlar mislsiz darajada yerga yogʼiladi, bu esa iqlim ӯzgarishlarini yanada jadallashtiradi.  Bu nurlar yerga yetishi bilan Shimoliy va Janubiy qutblardagi muzlarning erishi oqibatida issiq va quruq mintaqalarni suv bosishi ehtimoli ham bor. Bundan tashqari, ӯsimliklarning siyraklashishi va hayvonlardagi genetik ӯzgarishlar ham kuzatiladi.

Yanayam aniqroq yondoshaylik. Insoniyat muammolari nimada namoyon boʼladi?   Qatlamning yemirilishi natijasida katta miqdordagi quyosh radiatsiyasi yer yuziga yetib keladi; odamlarda teri saratoni bilan kasallanish holati keskin ortadi. Ularni davolash shifokorlar uchun ham qiyinchiliklar tugʼdiradi; kishilarda kasallikka qarshi turuvchi immun tizimi ham shikastlanadi; bu ziyondan koʼzlar ham bebahra qolmaydi; qishloq xoʼjaligi boshi berk koʼchaga kirib qoladi: hosildorlik pasayadi, parvarishga qaramay daraxtlar qurib qolaveradi, oʼsimliklarning barglari sezilarli darajada kichrayib boradi, qolaversa kislorod manbai boʼlgan barglarda fotosintez jarayoni zaiflashadi; quyoshdan yomgʼir singari ayovsiz yogʼilib turadigan ulьtrabinafsha nurlar dunyo havzalaridagi barcha tirik organizmlarni zararlaydi. Bu roʼyxatni yana uzoq davom ettirish mumkin…

Ozon qatlamining yemirilishiga nafaqat insoniyatning, balki tabiiy jarayonlarning ham salbiy taʼsiri bor: vulqonlar uygʼonishi, yer qaʼridagi gazlarning ajralib chiqishi bu qatlamdagi tuynuklarni kengaytirishga xizmat qiladi. Shunga qaramay sabablarni tahlil qiladigan boʼlsak, baribir, bunda inson omili yetakchilik qilayotgani ayonlashadi.

Biz tilga olayotgan ushbu himoya qatlamining yemirilishi atrof-muhitga hamda inson salomatligiga qanchalik salbiy taʼsir koʼrsatishini hammaga ham oʼylab koʼravermaydi. Buni anglab yetganlarida oddiy odamlar xazon va chiqindi yoqmas, sanoat korxonalari esa ishlab chiqarilayotgan zararli gazlar taʼsirini imkon qadar cheklashga intilgan boʼlar edi.

Аzon qatlami halokatli darajada shikast topayotganligini dunyo olimlari oʼtgan asrning 60-yillari oxirlarida kelib tushunib yetdilar. Biroq asosiy saʼy-harakatlar uchun yana oʼn yildan ziyodroq vaqt kutishga toʼgʼri keldi. Bu yoʼnalishda 1985 yilga kelib ozon qatlamini himoya qilish boʼyicha Vena konventsiyasi, ikki yil oʼtib ozon qatlamini yemiruvchi moddalar boʼyicha Monrealь bayonnomasi qabul qilindi. Monrealь bayonnomasiga koʼra, unga aʼzo davlatlar ozon qatlamini yemiruvchi kimyoviy moddalarni ishlab chiqarish va qoʼllashni bosqichma-bosqich qisqartirishlari, keyinchalik esa ulardan batamom voz kechishlari kerak. Ushbu xalqaro kelishuvni dunyoning 190 dan ortiq davlatlari ratifikatsiya qilgan.  Oʼzbekiston esa mazkur kelishuvga 1993 yilda qoʼshilgan. Hozirgi kunda ozon qatlamini buzuvchi modalardan foydalanishni toʼxtatish boʼyicha mamlakatimizda ham zarur choralar olib borilmoqda.

Olimlarning yozgʼirganlaricha bor: 1998 yilda Shimoliy qutb tepasida ozon qatlamida hosil boʼlgan tuynuk hajmi rekord darajaga yetgan. 26 mln. kv. km.ga! Bu esa Аvstraliya qitʼasidan uch barobar katta maydon degani ekan. Ozon qatlamining 2011 yil bahoridagi yemirilishi Shimoliy yarimsharning koʼplab hududlarida ulьtrabinafsha radiatsiyasi darajasining oshishiga zamin yaratgan. Maʼlumotlarga koʼra, Аrktika ustida ozon qatlamining kuchli yemirilishi 2011 yildan tashqari, 1996, 1997, 2005 va 2016 yillarda ham kuzatilgan.

Bir haqiqatni anglash payti yetdi: inson oʼzi oʼtirgan shoxni kesayotgan manqurtga oʼxshaydi. Uni oʼzini kutayotgan halokat emas, ayni paytda qilayotgan ishi qiziqtiradi. Kelajak esa xavf ostida qolaveradi…

Hamzabek TURDIEV, Buxoro.

This entry was posted in Yangiliklar. Bookmark the permalink.