O‘zbekistondagi barcha maktablarning xodimlari 1-oktabrgacha grippga qarshi emlanadi

O‘zbekistonda umumiy o‘rta ta’lim muassasalari xodimlari 1-oktabrga qadar grippga qarshi emlanadi. Bu Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 26-avgust kuni imzolangan “Aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorda belgilangan.

Qaror bilan Prezident Shavkat Mirziyoyev Xalq ta’limi vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi va Moliya vazirligining O‘zbekistondagi barcha umumiy o‘rta ta’lim muassasalari rahbar, pedagogik va boshqa (yordamchi) xodimlarini markazlashgan tartibda 2020-yil 1-oktabrga qadar grippga qarshi emlash haqidagi taklifini ma’qullagan.

“Sog‘liqni saqlash vazirligi har bir ta’lim muassasasiga borgan holda xodimlarni emlash o‘tkazishni va tegishli sog‘liqni saqlash muassasalarini vaksina va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlash choralarini ko‘rsin”, — deyiladi qarorda. Emlash uchun zarur mablag‘lar Prezidentning 2020-yil 30-iyuldagi farmonida nazarda tutilgan va boshqa qo‘shimcha manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

Avvalroq O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosi, epidemiolog Rustam Ikromov aholini gripp va pnevmoniyaga qarshi emlash bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi hukumatga taqdim etilgani, agar reja tasdiqlansa, sentabr oyidan emlash ishlari boshlanishini bildirgan edi.

Bundan tashqari, Yunusobod tumanidagi 50-oilaviy poliklinika bosh shifokori Shoira Abdusattorova “tuman hokimi rahbarligida o‘tkazilgan yig‘ilishda tuman aholisining kamida 70 foizini grippga qarshi ommaviy emlashga kelishib olingani”ni ma’lum qilgan edi. Uning aytishicha, 2018 va 2019-yillarda Yunusobodda aholining faqat bir foizi grippga qarshi emlangan.

This entry was posted in Yangiliklar. Bookmark the permalink.