MАHMUD OBIDOV ENDI ORАMIZDА YOʼQ…

* Qalbi boladek begʼubor edi

Yaxshi insonlar mevali daraxtga oʼxshaydilar. Ular davrasida boʼlgan kishilar oʼzlari uchun bir olam maʼnaviy zavq va bir umrga tatigulik saboq oladilar. Bunday kishilarni unutish oson emas. Sizni hatto, yillar va masofalar ajratib tursa-da, ular bilan bogʼliq goʼzal taassurotlar hamisha yaqinlashtirib turadi.
Buxoro viloyat hokimligi sogʼliqni saqlash boshqarmasi davolash – profilaktika va tibbiy statistikani tashkillashtirish boʼlimi bosh mutaxassisi Mahmud Ergashevich Obidov haqida ham mana shunday soʼzlarni aytish mumkin. Аfsuski, shafqatsiz oʼlim kim uchundir shogird, kim uchundir ustoz va yana koʼplar uchun qadrdon doʼst boʼlgan qalbi daryo bu insonni bugun oramizdan olib ketdi.

Viloyat sogʼliqni saqlash tizimi doirasidagi barcha tadbirlarda Mahmud aka bosh-qosh boʼlardi. Va albatta, har qanday ishning ustida birinchilardan boʼlib uning oʼzi turib, hamkasblariga namuna koʼrsatardi. Samimiyligi, hazil-mutoyibaga moyilligi va har qanday sharoitda yonidagilarni qoʼllab-quvvatlashga tayyorligi hamkasblari orasida obroʼ-eʼtiborini ziyoda qilib kelgan. Uning davrasida boʼlgan, uning oromijon suhbatini olgan va yaxshilik koʼrgan odam borki, bir yumush bilan boshqarmaga kelganida ham, albatta, shu insonni yoʼqlamasdan ketmas edi.

M.Obidov 1953 yilning 21 yanvarida Buxoro tumanida tavallud topgan.

Oʼrta maktabni aʼlo baholarga tamomlagach, 1976 yilda Oʼrta Osiyo meditsina pediatriya institutiga oʼqishga kirdi. Аynan bolajonligi, shoʼx tabiati uni tibbiyotning shu yoʼnalishini tanlashiga turtki bergan boʼlsa ajab emas. Tahsildan soʼng boʼlgʼusi shifokor Buxoro viloyat bolalar kasalxonasiga internaturani oʼtash uchun keldi. Bu yerda tajribali va oʼz davrining yetuk kadrlari boʼlgan ustoz-shifokorlar qoʼl ostida sohaning nozik sir-asrorlarini oʼrgandi.

Keyinchalik qunt bilan oʼrganganlari faoliyatida asqotdi. Yutuqlari ustozlar va rahbariyat nazariga tushdi. Shundan soʼng uning rahbarlik va yetakchilik qobiliyati amaliyotda oʼzini namoyon eta boshladi. Buxoro tuman markaziy kasalxonasida bolalar poliklinikasi mudiri, kasalxona bosh pediatri, bosh vrach oʼrinbosari hamda (1997-2000 yillar) kasalxona bosh vrachi lavozimlarida samarali mehnat qildi. U rahbarlik qilgan kezlar tuman tibbiyoti ancha rivojlandi. Sohaning qator yoʼnalishlari isloh qilindi. Kadrlar tayyorlash tizimiga alohida eʼtibor qaratildi. Bugun Buxoro tuman tibbiyot birlashmasi tasarrufida mehnat qilayotgan koʼplab tajribali shifokorlar uni oʼzlariga ustoz deb biladilar.

Mahmud Ergashevichning quyi boʼgʼindagi tajribasi viloyat markaziga koʼchdi. Dastlab viloyat hokimligi sogʼliqni saqlash boshqarmasi tashkiliy-uslubiy markazi boshligʼi, Salomatlik va tibbiy statistika instituti Buxoro filiali tibbiy statistika boʼlim mudiri lavozimlarida xizmat qildi. 2019 yildan boshlab Boshqarmaning davolash – profilaktika yordami va tibbiy statistikani tashkillashtirish boʼlimida bosh mutaxassis sifatida faoliyat yuritib kelayotgan edi.

Oʼlim haq. U koʼplar uchun qadrli boʼlgan inson – Mahmud Obidovni 67 yoshida oramizdan olib ketdi. Bunga uning olis-olislardagi doʼstlarining ishonmaganliklari ham bor gap. Аmmo, koʼhna dunyoning ishi shu: kelmoqlikning bir kun ketmoqligi bor!

Biz Mahmud Ergashevich Obidovning oila aʼzolariga va yaqinlariga shunday musibatli kunlarda Аllohdan sabr-bardosh tilagan holda oʼz hamdardligimizni bildirib qolamiz. Inna lillahi va inna ilayhi rojiʼun.

Joyingiz jannatda boʼlsin, Mahmud aka!

Buxoro viloyat hokimligi sogʼliqni saqlash boshqarmasi

This entry was posted in Yangiliklar. Bookmark the permalink.