Koronavirus tarqalishi tezlashayotgani haqida maʼlum qilindi

Koronavirus tarqalishi tezlashayotgani haqida maʼlum qilindi

Baʼzi mamlakatlarda vaziyat biroz yaxshilanayotganiga qaramay, COVID-19 pandemiyasining dunyoga tarqalishi tezlashmoqda, dedi Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti bosh direktori Tedros Adxanom Gebreyesus.

“Ayrim mamlakatlar oʻz iqtisodiyotini qayta ochgani va odatiy ijtimoiy hayotga qaytgani sababli takroran koronavirus xurujiga duch kelmoqda. Koʻplab odamlarning virus yuqtirish ehtimoli yuqoriligicha qolmoqda. Achchiq haqiqat shuki, vaziyat hali yaxshilangani yoʻq”, — dedi u.
JSST bosh direktorining taʼkidlashicha, 30-iyunda Tashkilot Xitoyda pnevmoniyaning hali maʼlum boʻlmagan yangi turi paydo boʻlgani haqdagi maʼlumotni olganiga roppa-rosa yarim yil toʻladi.
Olti oy oʻtib koronavirusga chalinganlar soni dunyo boʻyicha 10 million kishidan oshib ketdi, yarim million kishi ofat qurboniga aylandi.
Bundan avvalroq Tedros Adxanom Gebreyesus dunyoda pandemiyaning yangi, oʻta xavfli bosqichi boshlangani haqida bayonot bergandi. Uning taʼkidlashicha, bunga koʻp odamlarning uyda oʻtirib bezor boʻlgani sabab boʻldi. Shunga qaramay virus hali ham jadal surʼatda tarqalmoqda va juda xavfli boʻlib turibdi.
uza.uz
This entry was posted in Yangiliklar. Bookmark the permalink.