Koronavirusga qarshi kurashish ishlariga jalb qilingan tibbiyot xodimlari oylik maoshlariga ustama to‘lanadi – Prezident

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 19-mart kuni koronavirus pandemiyasining aholi turmush darajasi va iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta’sirini yumshatish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

– Bugungi sharoitda sanoat korxonalari, tadbirkorlar va eksportyorlar bizdan aniq va samarali choralar kutmoqda. Shu bois iqtisodiyotda hisob-kitob qilinayotgan yo‘qotishlar o‘rnini qoplash uchun zaxira yaratish va makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash hukumatning asosiy vazifasi bo‘lishi zarur, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bu boradagi ishlarni samarali tashkil etish maqsadida Prezident koronavirus pandemiyasi va global inqirozli hodisalarning iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta’sirini yumshatish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida farmon qabul qildi. Hujjatga asosan, Inqirozga qarshi jamg‘arma tuzilib, unda 10 trillion so‘m shakllantiriladi.
Yig‘ilishda farmonda belgilangan dolzarb vazifalarni amalga oshirish, pandemiyaning iqtisodiyotga salbiy ta’sirini yumshatish masalalari muhokama qilindi.

Koronavirus tarqalashining oldini olish, shifoxonalarni dori, himoya va diagnostika vositalari bilan ta’minlash, karantin xarajatlarini o‘z vaqtida moliyalashtirish zarurligi ta’kidlandi.
O‘zbekistonda koronavirusga qarshi kurashish ishlariga qariyb 5,5 ming nafar tibbiyot xodimi jalb etilgan. Ularni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlab, oylik maoshiga qo‘shimcha 120 foiz ustama to‘lash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Kasallanganlarni o‘z vaqtida aniqlash va profilaktikaga e’tiborni kuchaytirish, buning uchun barcha hududiy yuqumli kasalliklar shifoxonalarini ekspress-testlar bilan ta’minlash muhimligi qayd etildi.
Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiyaga karantinga olingan fuqarolar nazoratini ta’minlash yuklatildi.

http://xabardor.uz/

 

This entry was posted in Yangiliklar. Bookmark the permalink.