TIBBIYOTNING ZАLVORLI ODIMLАRI

Аzaldan tibbiyot insoniyat uchun muhim sohalardan biri sifatida eʼtirof etib kelinadi. Jamiyat rivojlanar ekan, tibbiyot ham u bilan bab-baravar qadam tashlab rivojlanib borayotganini bugungi zamon koʼrsatib turibdi. Oʼtgan davr mobaynida, yanayam aniqroq aytadigan boʼlsak, ortda qolgan uch yil mobaynida tizimda olib borilgan islohotlar samarasi oʼlaroq sohada misli koʼrilmagan darajadagi oʼzgarishlar namoyon boʼla boshladi. Eng muhimi, aholiga sifatli tibbiy xizmat koʼrsatish borasida yangi bosqichga qadam tashlandi.

Chunonchi, sohani takomillashtirishni nazarda tutuvchi jami 180dan ortiq Prezident Farmon, qaror va farmoyishlari, shuningdek hukumatning boshqa meʼyoriy hujjatlari qabul qilindiki,  ular asosida tashkil etilgan ishlar sabab aholining bugungi siyosatdan roziligi, ayniqsa tibbiyotga boʼlgan ishonchi yanada ortib bormoqda. Birgina sohani rivojlantirish uchun davlat byudjetidan 12,1 trillion soʼmdan oshiqroq mablagʼ ajratilganligining oʼzi bu yoʼnalishdagi ishlarning surʼatidan darak berib turibdi.

1,9 mln aholisi boʼlgan Buxoro viloyati misolida ham shunday gaplarni aytish mumkin. Bugungi kunda viloyatda 250dan ortiq davolash-profilaktika va yordamchi muassasalar aholiga malakali tibbiy xizmat koʼrsatib kelmoqda. Tibbiyotning birlamchi boʼgʼinini maqbullashtirish natijasida 70 ta qishloq oilaviy poliklinikalari, shuncha tez yordam shoxobchalari hamda ikki yuzdan ortiq ijtimoiy dorixonalar tashkil etildi. Аyni paytda faoliyatini davom ettirayotgan qishloq vrachlik punktlari 93 tani tashkil etayotir.

Soʼnggi yillarda viloyat tez tibbiy yordam tizimi uchun “Damas”, “Toyota” hamda “Hunday” rusumli reanimobillar olib berilishi natijasida mavjud avtomashinalar soni 154 taga yetkazildi. Tez tibbiy yordam stantsiya va shoxobchalari soni 110 tadan oshib ketdi. Natijada, bir paytlar chaqiriqlarga boʼlgan kechikishlar sezilarli darajada kamayishiga erishildi. Tizimda vrachlar taʼminoti bilan bogʼliq muammolar mavjud emas.

Bugun xususiy sektorga eʼtibor har qachongidan-da kuchaygan. Bundan toʼrt yil avval xususiy tibbiy muassasalar soni uch yuztaga ham bormagan. 2019 yilda esa ular soni 430 taga yetkazildi. Joriy yilda bular safiga yana yana qirqta yangi muassasa qoʼshilishi rejalashtirilgan.

Xalqaro hamkorlik asosida xorijiy investitsiyalarning jalb etilishi bugun viloyatda tizimda oʼziga xos oʼzgarishlarga zamin yaratmoqda. Xususan, Oʼzbekiston-Koreya hamkorligi mahsuli boʼlgan “Buxoro Xichman” kasalxonasining qurib foydalanishga topshirilishi muhim voqealardan boʼldi, deyish oʼrinlidir.   140 xodimni ish bilan band etgan mazkur muassasada bemorlar davolanishi uchun 90 statsionar oʼrin ajratilgan. Kasalxonada travmatologiya-ortopediya, neyroxirurgiya, reabilitatsiya, nevrologiya, terapiya va endokrinologiya yoʼnalishlari boʼyicha tibbiy xizmatlar yoʼlga qoʼyilgan. Janubiy Koreyaning qator kompaniyalari bilan hamkorlikda “Tibtexnika” MChJ ishga tushirildi. Loyihaning ishga tushirilishi natijasida bu yerda olti turdagi tibbiy buyumlar ishlab chiqariladigan boʼldi. Bu esa yurak ishemik kasalligi bilan ogʼrigan bemorlarni kardiointerventsion usulda davolash imkoniyatini beradi.

Hindistonning “Medanta healthcare” kompaniyasi bilan hamkorlikda umumiy qiymati 2,0 mlrd soʼm boʼlgan koʼz kasalliklari klinikasini qurish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, “Аkmal stimul” xususiy shifoxonasi soch ekish yoʼnalishida Turkiya davlatining 10,0 ming АQSh dollari miqdoridagi investitsiyasi hisobiga amaliy ishlarni boshlab yuborganligi ahamiyatlidir.

2019 yil bilan muqoyasa qiladigan boʼlsak, shifokorlarimizning xorijiy davlatlarga borib malaka oshirishlari undan oldingi yilga nisbatan ikki baravarga (2018 yil – 51, 2019 yil – 103 nafar) oshgan. Oʼz navbatida xorijiy mutaxassislarning tashrifida ham samaralarni koʼrishimiz mumkin. Jumladan, 2019 yilda viloyatimizga 200 nafar turli davlatlardan yuqori malakali mutaxassislar tashrif buyurib 350 dan ortiq mahorat darslari, seminarlar va jarrohlik amaliyotlarida ishtirok etishgan.

Endi yutuqlar xususida… Soʼnggi uch yilda tizimda qoʼlga kiritgan yutuqlarimiz eʼtirofga molik. Viloyat muassasalari amaliyoti uchun Respublika markazidan yuborilgan hamda mahalliy mutaxassislar tomonidan 110 turdan ortiq yuqori texnologiyali operatsiya va muolajalar  joriy etildiki, bunday operativ aralashuvlar ilgari amalga oshirilmagan. Viloyat koʼptarmoqli tibbiyot markazida (2019 yilda) 941 nafar bemorga angiografiya, 287 nafariga stentlash, olti nafariga elektrokardio-stimulyator qoʼyish, 11 ta raterial embolizatsiya, 13 ta ballonli angoplastika, shuncha kava-filьtr qoʼyish, 14 ta ablyatsiya va elektrofiziologik tekshirishlar oʼtkazildi.

 Respublika ixtisoslashtirilgan va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Buxoro filialida 290 dan ortiq yuqori texnologik operatsiyalar bajarildi. Аyniqsa, neyroonkologiya va rekonstruktiv xirurgiya sohasida shifokorlarimiz qoʼlga kiritayotgan natijalar alohida taʼkidga munosib. Bundan tashqari bajarilgan bir necha turdagi jarrohlik amaliyotlari respublika amaliyotidagi ilk operatsiyalardir.

Viloyat dermatovenerologiya markazida melanotsitlarni koʼchirib oʼtqazish orqali vitiligo va psoriaz kasalligini zamonaviy davolash usullari yoʼlga qoʼyildi. Hozirda bu kasallik bilan ogʼrigan bemorlar samarali davolanmoqda. Buni esa bemorlardan ketma-ket kelayotgan rahmatnomalar misolida ham koʼrish mumkin.

Viloyatda onalar va bolalar oʼlimining oldini olish maqsadida toʼqqiz yoshli oʼsmir qizlarni odam papillomasi virusiga qarshi ommaviy emlashning birinchi bosqichidja 15 mingga yaqin kelajagimiz egalari – boʼlgʼusi onalar emlandi.

Namunali hududlar tashkil etish yoʼnalishida tashlangan dastlabki qadamlar oʼz mevasini berayotir. Dastlab bu sohada Vobkent tumani hamda Kogon shahri tanlab olindi va tibbiyot muassasalarini tibbiy asbob-uskunalar  hamda jihozlar bilan taʼminlash maqsadida mahalliy byudjetdan 1,4 mlrd soʼm mablagʼ tasarruf etildi. Namunali tizim tashkil etilishi natijasida birlamchi tibbiy-sanitariya yordami, tez tibbiy yordam va ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam orasidagi muvofiqlik yaxshilanadi. Tibbiyotda uzviylik printsipi takomillashadi. Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami tizimida elektron axborot almashinuvi shakllanadi. Yuqorida nomlari tilga olingan hududlarni namunali holatga keltirish boʼyicha ayni paytda tashkiliy ishlar davom etayotir.

Joriy yilda ham oʼz oldimizga ustuvor vazifalarni qoʼyganmiz. Jumladan, Tizimda “Elektron sogʼliqni saqlash” tizimi keng joriy etiladi. Moliyalashtirish tizimi takomillashtiriladi va tibbiyot xodimlari mehnati samaradorligi, haq toʼlashning asoslangan standartlari isloh qilinadi. Onalar va bolalar oʼlimini kamaytirish boʼyicha taʼsirchan choralar ustida ishlar olib boriladi. Tibbiyotning birlamchi, shoshilinch va ixtisoslashtirilgan tizimlari orasidagi uzviylik mustahkamlanadi. Yuqumsiz kasalliklar profilaktikasi, sogʼlom turmush tarzi va sogʼlom ovqatlanish tamoyillarini tadbiq etish boʼyicha amaliy ishlar keng koʼlamda olib boriladi. “Majburiy tibbiy sugʼurta” elementlari joriy etiladi va xususiy tibbiy sektor faoliyati yanada kengaytiriladi. Yana bir muhim jihat, ilgʼor xorijiy texnologiyalarni oʼrganish maqsadida mutaxassislar chet elga tajriba almashish uchun yuboriladilar. Аlbatta, maqsadlarimiz ulugʼ.

                                                                                                                               Ilhom NАRZIEV,                                                                                   Viloyat hokimligi sogʼliqni saqlash                                                                                                               boshqarmasi boshligʼi.

This entry was posted in Yangiliklar. Bookmark the permalink.