OILADA AYOL HUQUQI

Oilada sog‘lom farzand tug‘ilishi uchun avvalo uni dunyoga keltiruvchi ona va ota jismonan va aqlan sog‘lom bo‘lishi, bolani dunyoga keltirish va voyaga yetkazishga har tomonlama tayyor bo‘lishi talab etiladi. Oila yigit va qizning o‘zaro ishonchi va hamjihatligi asosida quriladi. O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 13-moddasiga asosan nikohni qayd etish muddati ariza berilgan kundan keyin 1 oy etib belgilanganligi bejiz emaski, mustaqil hayotga qadam qo‘yishdan oldin har bir kelin-kuyov bir-birining tabiati, dunyoqarashi, oilaviy ahvoli va sog‘lig‘i to‘g‘risidagi ma’lumotlarga ega bo‘lishi kerak.

Oila kodeksiga muvofiq O‘zbekistonda nikoh yoshi ayollar uchun 17 yosh, erkaklar uchun 18 yosh etib belgilangan. Mazkur nikoh yoshi tuman, shahar hokimlarining qarori bilan uzrli sabablarga ko‘ra ko‘pi bilan 1 yilga qisqartirilishi mumkin. Respublikamizda nikoh yoshining bunday belgilanishiga ham huquqiy, ham tibbiy sabablar asos qilib olinganligiga sabab, aynan shu yoshda shaxs oila qurish, sog‘lom avlodni dunyoga keltirishga, uni voyaga yetkazishga salohiyati yetarli bo‘ladi. Bundan tashqari, Fuqarolik kodeksiga asosan 18 yoshda fuqaro to‘la muomala layoqatiga ega bo‘lib, voyaga yetgan shaxs hisoblanadi.

Respublikamiz aholisining 56,2 foizini ayollar tashkil etadi. Aholining aynan mana shu qatlamlari alohida ijtimoiy va huquqiy himoyaga muhtoj bo‘lib, jamiyatimizda demokratik islohotlarni chuqurlashtirish fuqarolarning, ayniqsa xotin-qizlarning huquqiy savodxonligini oshirish, bolalarimizni har jihatdan yetuk tarbiyalashni taqozo etadi.

Nikoh yoshiga yetmagan holda oila qurgan qizlarimizning huquqiy himoyasiga xizmat qiluvchi nikoh guvohnomasining mavjud emasligi amaliyotda juda ko‘plab muammolarni ham keltirib chiqaradiki, katta-katta orzu-havaslar bilan oila qurgan yosh oila arzimas muammolarga uchragandan keyin buzilib ketgan hollarda ayollarning huquqlarini himoya qilish, ularning yoki farzandlarning ta’minoti, uy-joy, mol-mulk va boshqa muammolar tug‘iladi.

Nikoh yoshiga yetmagan qiz bilan oila qurish boshqa salbiy huquqiy oqibatlarni ham keltirib chiqaradi. O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 49-moddasiga asosan nikoh yoshiga rioya qilinmagan holda tuzilgan nikoh haqiqiy emas deb topiladi. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 128-moddasiga kщra shaxsning o‘n olti yoshga to‘lmaganligi aybdorga ayon bo‘lgan holda u bilan jinsiy aloqa qilish yoki jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirish ham jinoyat hisoblanib, bunday qilmishni sodir etgan shaxs jinoiy javobgarlikka tortiladi.

Oilada huquqiy savodxonlikni oshirishda esa o‘ziga xos targ‘ibot usullaridan foydalanish zarur. Chunki aynan oilalarda turli ko‘rinishdagi huquqbuzarliklar, kelishmovchiliklar, muammolar, nizolar kelib chiqayotganligi oila a’zolarining nafaqat huquqiy savodsizligidan, balki ma’naviyatsizligidan, fuqarolarimizning o‘z huquq va majburiyatlarini bilmasligidan yoki mas’uliyatni his etmasligidan dalolat beradi.

Qonun ustuvorligini ta’minlashda oilaning har bir a’zosini qonunlarga itoatkorlik ruhida tarbiyalash, har bir shaxsda qonunga nisbatan hurmat tuyg‘usini shakllantirish, ayniqsa yoshlar va xotin-qizlarning huquqiy savodxonlik darajasini oshirishga alohida e’tibor qaratish joiz.

Firuza HAKIMOVA,

Buxoro tuman FHDYo bo‘limi mudirasi. 

This entry was posted in Yangiliklar. Bookmark the permalink.