HAMSHIRALAR ORASIDA TASHVIQOT

Xalqaro OITSga qarshi kurash kuni arafasida viloyat OITS markazi majlislar zalida sog‘liqni saqlash tizimida faoliyat olib borayotgan o‘rta tibbiyot xodimlari hamda bosh hamshiralar ishtirokida seminar-yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbirni o‘tkazishdan maqsad – tizimdagi o‘rta bo‘g‘in vakillarining orttirilgan immun tizimi sindromi kasalliklari profilaktikasida kasbiy xabardorlik darajasini oshirish, ularning xavfsizligi hamda ish samaradorligini mustahkamlashdan iborat bo‘ldi.

Unda viloyat OITSga qarshi kurashish markazi epidemiolog vrachi R.Bekmurodov, markazning laborant vrachi S.Omonov hamda markaz bosh vrachi vazifasini bajaruvchi M.Rahmatov so‘zga chiqib, mavzu yuzasidan ma’ruzalar o‘qidilar.

Dastlab to‘planganlarga yildan yilga dolzarb muammoga aylanib borayotgan va butun dunyo hamjamiyatini tashvishga solayotgan ushbu bedavo kasallik tarixi, o‘tgan yillar davomida uning dunyo miqyosida tarqalish ko‘rsatkichlari, mamlakatimiz, xususan, viloyatimizdagi epidemiologik vaziyat to‘g‘risida kengroq ma’lumotlar berildi.

Shundan so‘ng, ma’ruzalarda bemorlarga tashxis qo‘yish, donorlar qonini tekshirish, OIV infeksiyalarida diagnostik usullar, hujjatlar bilan ishlash, laborator tahlillar olish, hamshiralar ishtirokidagi jarayonlardagi xatoliklar va ularni bartaraf etish mexanizmlari hamda sohaga aloqador me’yoriy hujjatlar mazmun-mohiyati, ular bilan ishlash tartiblari to‘g‘risida so‘z bordi.

Seminar-yig‘ilish yakunida barcha o‘rta tibbiyot xodimlariga ushbu sohadagi faoliyat borasida tegishli topshiriqlar berildi va ularning kelgusidagi vazifalari belgilab olindi.

 

A.BOYMURODOV,

VHSSB Hamshiralik ishi bosh mutaxassisi.

This entry was posted in Yangiliklar. Bookmark the permalink.