SOG‘LOM AVLODNI TARBIYALASHDA OILADA SOG‘LOM MUHITNI YARATISH

Oila har bir xalqning, millatning davomiyligini saqlaydigan, milliy qadriyatlarning rivojini ta’minlaydigan, yangi avlodni dunyoga keltirib, uni ma’naviy va jismoniy barkamol qilib tarbiyalaydigan, jamiyatning asosiy negizi hisoblanuvchi muqaddas maskandir. Oila tabiatning eng go‘zal mo‘‘jizalaridan biri bo‘lib, u insonlarga xos “tabiiy-biologik”, iqtisodiy, huquqiy, ma’naviy munosabatlariga asoslangan ijtimoiy birlikdir. Yashash tarzini shakllantirishdagi birinchi va eng kuchli omil bu oila, oilaviy tadbirlar, oilaning yashash uslubi hisoblanadi.

Jamiyat taraqqiyotini harakatga keltiruvchi hujjat bo‘lgan Qomusimiz– Konstitutsiyamizda oila masalasiga ham alohida urg‘u berilgan. Unda: “Oila jamiyatning asosiy bo‘g‘inidur hamda jamiyat va davlat muhofazasida bo‘lish huquqiga ega”, – deb yozilgan.

Sog‘lom va uzoq umr ko‘rish insoniyatning azaliy orzusi bo‘lgani tarixdan ma’lum. Shu nuqtai nazardan har qanday jamiyatning oldida turgan asosiy vazifa insoniyatning ana shu orzusini ro‘yobga chiqarishdan, ya’ni kishilar sog‘lig‘i va uzoq umr ko‘rishlari uchun sharoit yaratishdan iborat.

Salomatlik har bir inson uchun bebaho boylik sifatida jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning muhim shartlaridan biri bo‘lib kelmoqda. Aholi salomatligini saqlash, tibbiy xizmat sifatini oshirish borasida yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish, tibbiy madaniyatni rivojlantirish maqsadida o‘tkazilayotgan qator madaniy-ma’rifiy tadbirlar alohida ahamiyat kasb etadi.

Bola tarbiyasida sog‘lom nasl masalasi ham muhim rol o‘ynashini inkor etib bo‘lmaydi. Aqli raso har qaysi inson yaxshi anglaydiki, bu yorug‘ dunyoda hayot bor ekan, oila bor. Oila bor ekan, farzand deb atalmish bebaho ne’mat bor. Farzand bor ekan, odamzod hamisha ezgu orzu va intilishlar bilan yashaydi.

Sog‘lom turmush tarzi inson salomatligini yaxshilash va muhofaza qilishga qaratilgan faol harakatdir.Unumli mehnat, faol dam olish, badantarbiya va sport bilan shug‘ullanish, organizmni chiniqtirish, shaxsiy gigiyenaga rioya qilish, tartibli ovqatlanish, zararli odatlardan o‘zini tiyish, ruhiy va ma’naviy oziqlanish, muntazam shifokor ko‘rigidan o‘tib turish kabi tushunchalarni o‘z ichiga oladi.

            Aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish tadbirlari orasida barcha aholi qatlamlarini ommaviy ravishda gigiyenik bilimlar bilan qurollantirish va gigiyenik ko‘nikmalarni o‘zlashtirish uchun o‘qitish muhim o‘rin egallaydi. Yoshlikdan faol turmush tarzini olib borish, chiniqish, jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanish, sog‘lom turmush tarzi talablariga amal qilish orqali salomatlikka to‘liq erishish mumkin.

Salomatlik darajasi qanday aniqlanadi?

Aholi salomatligining holati yoki jamiyat salomatligini darajasini baholash uchun turli hil ko‘rsatkichlardan foydalaniladi: demografik (tug‘ilish, o‘lish, o‘rtacha yosh), kasallanish, kasallanuvchanlik, nogironlashtirish va boshqa ko‘rsatkichlar. Salomatlik nimalarga bog‘liq? Irsiyat – 20%. Atrof-muhit – 20%. Tibbiy yordam saviyasi – 10%. Turmush tarzi – 50%.

Hozirgi vaqtda salomatlikni baxolash uchun asos bo‘ladigan belgilar quyidagi guruhlarga ajratiladi:

  1. Jismoniy-garmonik rivojlanish darajasi;
  2. Asosiy funksional tizimlar va butun organizmning rezerv imkoniyatlari;
  3. Organizmning immunitet himoyasi va nospetsifik rezistentlik darajasi;
  4. Surunkali va tug‘ma kasalliklar, rivojlanish nuqsonlari bor-yo‘qligi;
  5. Inson salomatligini ruhiy va ijtimoiy qulayliklarni aks ettiruvchi shaxsiy xususiyatlar darajasi.

Xalq sog‘lig‘ini mustahkamlash muhim vazifalardan biridir, yosh avlodning sog‘lig‘i haqida qayg‘urish ham davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Bularning, yosh avlodning sog‘lig‘iga ta’sir qiluvchi asosiy omillarni bilishni, faol  harakat bilan bog‘liq hayot kechirish, chiniqish, jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanish sog‘lom turmush tarzining muhim omillaridir.

Inson mustahkam salomatlikka ega bo‘lgandagina baxtli bo‘lib yashashi mumkin. Zero, salomatlikdek bebaho boylikni asrab-avaylash xotirjam hayot kafolati ekanligini har bir kishi chuqur anglab yetsagina, xastalik va u bilan bog‘liq muammoli holatlar kelib chiqishining oldini olishga muvaffaq bo‘lish mumkin. Shu bois, har bir inson eng avvalo o‘zi, oilasi va yaqinlarining salomatligi uchun mas’ul bo‘lishi lozim. Bunda har qanday kasallikni davolashdan ko‘ra uni  oldini olish oson va samarali ekanligini unutmaslik lozim.

INOYATOV,

Buxoro davlat tibbiyot instituti rektori, tibbiyot fanlari doktori.

A.MAVLONOV,

  “Ichki kasalliklar propedivtikasi” kafedrasi assistenti, tibbiyot fanlari bo‘yicha falsafa doktori.

G.JUMAYEVA, D.SHONAZAROVA, M.ABBOSOVA,

 institut 3-kurs talabalari.

This entry was posted in Yangiliklar. Bookmark the permalink.