TEZ TIBBIY YORDАM XODIMLАRINI BODI KАMERАLАR BILАN TА’MINLАSH BOʼYICHА TАJRIBА-SINOV ISHLАRI BOSHLАNDI

Shu kunlarda tez tibbiy yordam imkoniyatlarini yanada kengaytirish maqsadida shu soha tibbiyot xodimlarini bodi kameralar bilan taʼminlashning tibbiy-huquqiy jihatlarini oʼrganish boʼyicha tajriba-sinov ishlari boshlandi. Bundan maqsad tibbiy xizmat koʼrsatishda ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash, bemor huquqi va manfaatlari himoyasini kuchaytirish, tibbiy xizmat sifatini yanada oshirishdir. Ushbu bodi kameralar tibbiyot xodimlarining tahdid va tajovuzga uchrashi ehtimolining oldini olishda ham muhim oʼrin tutadi.

Bundan tashqari, Sanitar aviatsiya xizmati uchun zamonaviy vertolyotlar xarid qilinishi rejalashtirilgan. Ushbu yoʼnalishdagi ishlarni tashkil etish maqsadida sanitar aviatsiya xizmatidan foydalanish tartibi tasdiqlanib, sanitar vertolyotni tibbiy anjomlar bilan jihozlash spetsifikatsiyasi ishlab chiqildi.
Eʼtiborli jihati, keng qamrovli islohotlar natijasida aholining tez tibbiy yordam xizmatiga boʼlgan ishonchi ortmoqda, murojaatlar yil sayin oshib boryapti. Masalan, taqqoslash uchun aytadigan boʼlsak, 2016 yilda chaqiriqlar soni 7,2 millionni tashkil qilgan boʼlsa, 2017 yilda – 8,7 million. 2018 yilda esa 9,8 millionga yetgan. Oʼtgan yilda esa murojaatlar soni oʼn milliondan oshgan.
Shu bilan birga, shoshilinch tibbiy yordam xizmatining statsionar muassasalariga ham murojaatlar koʼpaymoqda. Jumladan, 2017 – 2019 yillarda ushbu shifo maskanlariga 7,5 milliondan ziyod bemor murojaat qilgan. Ulardan 2,5 million nafari statsionar, 5 milliondan ortigʼi esa ambulator tibbiy yordamdan bahramand boʼlgan. Statsionarda davolangan bemorlarning 500 mingdan ortigʼiga yuqori texnologiyali murakkab xirurgik amaliyotlar bajarilgan.
This entry was posted in Yangiliklar. Bookmark the permalink.