BEMOR QАRINDOSHINING TАJOVUZI OQIBАTIDА SHIFOKOR KOʼRISH QOBILIYATINI TOʼLIQ YOʼQOTDI

Namangan viloyati Uchqoʼrgʼon tuman shoshilinch tibbiy yordam boʼlimi jarrohi O. Q.ga bemorning togʼasi tomonidan tajovuz qilinib, tiklanib boʼlmas jarohat yetkazildi. Sogʼliqni saqlash vazirligi tomonidan ushbu vaziyat atroflicha oʼrganildi.
Dastlabki maʼlumotlarga qaraganda, 2020 yil 2 yanvarь kuni 18.30 larda Namangan viloyati Uchqoʼrgʼon tuman shoshilinch tibbiy yordam boʼlimi bolalar boʼlimiga ambulator murojaat qilgan bemorga zudlik bilan vaqtida yordam koʼrsatilgan. Bemor bolani togʼasi, Farovon MFY da yashovchi 1990 yil tugʼilgan B. T. muolaja xonasi oldida janjal koʼtarib turgan paytda tuman shoshilinch tibbiy yordam boʼlimi bolalar boʼlimi navbatchi jarrohi, 1960 yil tugʼilgan O. Q. borgan. Shundan soʼng u B.T.ni qoʼlidan yetaklab, tinchlantirishga harakat qilib, zina oldidagi eshikka olib borgan va tashqariga chiqarib, eshikni yopadi. Vrach orqaga qaytayotgan paytda B. T. eshikni tepib, buzib ichkariga kiradi va navbatchi jarrohga qoʼqqisdan oʼng koʼzi sohasiga kuchli zarba bergan.

Oqibatda O. Qoʼldashevning oʼng koʼz olmasini posttravmatik yorilishi kuzatilgan. Ushbu voqea paytida terapiya boʼlimi navbatchi hamshiralari va xirurgiya post navbatchi hamshirasi oʼsha yerda boʼlgan. Shundan soʼng navbatchi vrachga tan jarohati yetkazgan B. T. voqea joyidan qochgan. Yolgʼiz qolgan jabrlanuvchiga terapiya boʼlimida davolanayotgan bemor D. I qonayotgan sohaga paxta qoʼyib yordam koʼrsatgan. Boʼlim navbatchi farroshi reanimatsiya boʼlimidagi navbatchi vrachlarni chaqirgan.
Jabrlanuvchi bogʼlov xonasiga olib kirilgan va shoshilinch ravishda okulist Z. Valiev chaqirilgan hamda “102” navbatchilik qismiga xabar berilgan. Okulist tomonidan bemor koʼrilgan va birlamchi tibbiy yordam berilib, tez yordam aviatsiyaga xabar berilgan. Bemor zudlik bilan Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi Namangan filialiga yetkazilgan. Bu yerda shifokorlar tomonidan zudlik bilan tekshiruvdan oʼtkazilib, “Yopiq kalla bosh miya jarohati. Oʼng koʼz olmasining travmatik katta yorilishi, koʼz gavharini chiqishi” dastlabki tashxisi bilan yotqizilgan. Va,shu kunning oʼzida Sogʼliqni saqlash vazirligi tomonidan viloyatga tajribali mutaxassislar yuborilgan.
Joriy yil 3 yanvar tongda, soat 05.00da shoshilinch ravishda Respublika ixtisoslashtirilgan koʼz kasalliklari shifoxonasi boʼlim boshligʼi Muhabbat Ibragimova va boʼlim shifokori Аsqar Husanov tomonidan bemordagi oʼng koʼz olmasi shakli buzilishi va yumshoq toʼqimalar shikastlanishiga birlamchi murakkab xirurgik ishlov berish operatsiyasi oʼtkazilgan.
Аyni paytda tajribali shifokorlar tomonidan bemorga malakali tibbiy yordam koʼrsatilmoqda. Biroq jabrlanuvchi shifokorning koʼzi qayta tiklanmaydigan darajada koʼrish qobiliyatini yoʼqotgan.
Аfsuski, bemorning yaqinlari tomonidan tibbiyot xodimlariga gʼayriqonuniy ravishda tajovuz va tahdid qilinishi bilan bogʼliq holatlar kundan kunga koʼpayish bilan birga ularning zoʼrovonliklari shifokorlarning sogʼligʼini qayta tiklab boʼlmas darajasigacha ham yetishiga sabab boʼlmoqda. Bu esa soha xodimlari himoyasini har qachongidan-da yanada kuchaytirish, huquq tartibot organlari tomonidan aybdorlarga keskin choralar koʼrishni, bunday holatlarga murosasiz boʼlishni kun tartibiga qayta qayta qoʼymoqda.
Shundan kelib chiqib, avval xabar qilganimizdek, Sogʼliqni saqlash vazirligi yuqoridagi kabi noqonuniy xatti-harakatlar uchun javobgarlikni kuchaytirish maqsadida Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi koʼmagida “Oʼzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga qoʼshimcha kiritish toʼgʼrisida”gi qonun loyihasini ishlab chiqib, Qonunchilik palatasiga kiritgan va u birinchi oʼqishda qabul qilingan edi. Sogʼliqni saqlash vazirligi yangi yilda yangidan shakllanayotgan parlamentimiz bilan hamkorlikda ishlab, tibbiyot xodimlariga fuqarolar tomonidan muntazam davom etayotgan bunday tajovuz qilish holatlariga nisbatan jazo choralarini kuchaytirishga qaratilgan ushbu qonun loyihasini qabul qilinishi uchun qatʼiy harakat qiladi.
Oʼz navbatida biz fuqarolarimizdan ham zimmalariga zalvorli masʼuliyat yukini olib, insonlar salomatligi yoʼlida kunu tun xizmat qilayotgan shifokorlar mehnatini qadrlashini oʼzlarining vijdoniy burchlari, deb bilishlari va bu borada qonun ustuvorligini taʼminlashga hamda qatʼiy jamoatchilik nazoratini oʼrnatishga oʼz hissalarini qoʼshishlarini soʼrab qolamiz.
Manba minzdrav.uz
This entry was posted in Yangiliklar. Bookmark the permalink.