Oʼzbekistonda Yangi yilning birinchi kuni qancha chaqaloq tugʼilgani maʼlum boʼldi

Ilgari xabar berganimizdek, 2020 yilning 1 yanvarь kuni, soat 18 00 holatiga koʼra, mamlakatimizda 1111 nafar chaqaloq tugʼilgan edi. Soʼnggi maʼlumotlarga qaraganda, yangi yilning ilk kuni davomida 1974 nafar chaqaloq dunyoga kelgan. Bu soʼnggi uch yildagi eng yuqori koʼrsatgich hisoblanadi. Chunki, 2018 yilning xuddi shu kuni bu boradagi koʼrsatkich 1961 nafar, 2019 yilning 1 yanvarь kuni esa 1708 nafarni tashkil etgan edi.

2020 yilning 1 yanvarь kuni tugʼilgan chaqaloqlarning 970 nafari qiz, 1004 nafari esa oʼgʼil bola boʼlib, eng koʼp bola Samarqand viloyatida (235 nafar), ikkinchi oʼrinda Аndijon viloyati (212 nafar) va uchinchi oʼrinda esa Fargʼona viloyati (196 nafar)da tugʼildi. Shuningdek, yangi tugʼilgan chaqaloqlar reytingining soʼnggi oʼrinlaridan Navoiy viloyati 46 nafar, Sirdaryo viloyati 51 nafar va Jizzax viloyati 75 nafar koʼrsatkich bilan joy olishdi. Dunyoga kelgan chaqaloqlarning 10 nafarini egizaklar tashkil qiladi.
Yurtimizda shu kunlari bayram munosabati bilan davom etayotgan dam olish kunlarida yurtimizdagi mavjud 218 ta tugʼruq kompleksida 2593 nafar tibbiyot xodimlari, jumladan, 389 nafar akusher ginekolog, 276 nafar neonatolog, 1928 nafar doya va hamshiralar tunu kun faoliyat koʼrsatishmoqda.
Shuni ham ayti kerakki, oxirgi yillarda homilador ayollar va chaqaloqlarni perinatal hamda neonatal skriningdan oʼtkazish orqali ularda tugʼma va irsiy kasalliklarni erta aniqlash tizimi yoʼlga qoʼyildi. Hududlarimizdagi bolalar davolash muassasalarida oldinlari mavjud boʼlmagan neonatal xirurgiya, kardioxirurgiya, invaziv xirurgiya, qizlar ginekologiyasi kabi koʼplab yangi boʼlimlar tashkil etilib, eng qiyin amaliyotlar viloyatlarning oʼzida muvaffaqiyatli oʼtkazilmoqda.
Manba minzdrav.uz
This entry was posted in Yangiliklar. Bookmark the permalink.