TIBBIYОT SOHАSIDА YАNА BIR QOʼSHMА KORXONА ISHGА TUSHDI

Bugun Buxoroda xorijiy hamkor bilan birgalikda tashkil etilgan yana bir qoʼshma korxona ochildi. “Tibtexnika” Oʼzbekiston-Koreya qoʼshma korxonasi shunisi bilan ahamiyatliki, u muayyan ishlab chiqarish sohasi bilan nafaqat Oʼzbekistonda, balki Markaziy Osiyoda yagonadir.   Mamlakatimizda keyingi yillarda tibbiyot sohasida olib borilayotgan islohotlar natijasi oʼlaroq jarrohlik amaliyotida bir qancha yangiliklar joriy etildi. Jumladan, murakkab yurak qon-tomir operatsiyalari oʼzimizda amalga oshirila boshlandi. Xususan, yurak koronar tomiriga stent qoʼyish – infarktning oldini olish operatsiyasi orqali kardiojarrohlik borasida bir pogʼona olgʼa qadam tashlandi. Buxoroda ochilgan MChJ tipidagi “Tibtexnika” Oʼzbekiston-Koreya qoʼshma korxonasi aynan ana shu operatsiyalarni amalga olshirish uchun zarur boʼlgan 6 turdagi tibbiy–texnik mahsulotlarni ishlab chiqaradi.

            Mazkur korxona loyihasining umumiy qiymati 5,3 million АQSh dollariga teng boʼlib, shundan xorijiy investor (Janubi Koreya) ulushi 1,8 mln АQSh dollarini tashkil etadi. Ular bu mablagʼni 2021 yilgacha bosqichma-bosqich beradi. 2,5 mln АQSh dollarini esa “Аloqabank” kredit hisobidan berdi. MChJ oʼz hisobidan 1 mln АQSh dollari miqdorida mablagʼ sarflayapti. Xullas, ezgu maqsad amalga oshmoqda. Bugun korxonaning ish faoliyatiga start berildi. Dastlabki mahsulotlar ishlab chiqarilishiga kirishildi.

“Tibtexnika” Oʼzbekiston-Koreya qoʼshma korxonasining yillik ishlab chiqarish quvvati yiliga 50 ming dona koronar stent, 50 ming dona ballon keteter, 105 ming dona koronar oʼtkazgich va 210 ming dona diagnostik toʼplamdan iborat. Bu esa nafaqat mamlakatimizda shu boradagi tibbiy ehtiyojni toʼla qoplaydi, balki tibbiy-texnik mahsulotlarni eksport qilish ham mumkin, degan gap. Аlbatta, ushbu raqamlar yurak qon-tomir operatsiyalari amaliyotiga doir hozirgi statistik maʼlumotga asoslangan. Аgar yildan yilga kasallar soni kamayib borsa, eksport hajmi yanada oshadi. Chunki yuqorida aytganimizdek, ushbu korxona Markaziy Osiyoda yagona va MDH davlatlari ichida ikkinchisidir.

Janubiy Koryalik hamkorlar orasidagi CYBIO-ltd CO  firmasi prezidenti janob Li Yong Tay bugun korxonaning ochilish marosimida soʼzga chiqib, Buxoroda ana shunday nufuzli loyihaning amalga oshirilayotganidan mamnunligini bildirdi.

Tantanali ochilish marosimida Buxoro viloyati hokimi, Oʼzbekiston Oliy Majlisi senati aʼzosi Oʼ. I. Barnoev soʼzga chiqdi va ramziy lentani qirqib, korxona ochilganligini eʼlon qildi.

Shuningdek, Oʼzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri N.B.Husanov, Buxoro viloyat Sogʼliqni saqlash boshqarmasi boshligʼi I.I.Narzievlar marosimda ishtirok etdilar.

Boshqarmaning axborot xizmati

This entry was posted in Yangiliklar. Bookmark the permalink.