SHIFOKORLAR SHARAFLANDI

2006 yil 12 sentyabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi tibbiyot xodimlari kunini belgilash to‘g‘risida” qonunga muvofiq mamlakatimizda noyabr’ oyining ikkinchi yakshanbasi shifokorlarning kasb bayrami kuni sifatida har yili tantanali nishonlanib kelinadi. Shu munosabat bilan bugun, 9 noyabr’ kuni Buxoro shahridagi “Shirbudin” tantanalar saroyi viloyatimizdagi davolash-profilaktika muassasalarida faoliyat ko‘rsatayotgan shifokorlar, hamshiralar va kichik tibbiy xodimlar, mehnat faxriylari, keng jamoatchilik bilan gavjum bo‘ldi. Ular ishtirokida bu yerda Tibbiyot xodimlari kuni nishonlandi.
Bayram tadbirida viloyat hokimi, Oliy Majlis Senati a’zosi O‘ktam Barnoev ishtirok etdi va tibbiyot sohasi xodimlarini bayram bilan qutladi.

Ta’kidlanganidek, tizimda yuritilayotgan islohotlar natijasida xalq salomatligini, onalik va bolalikni muhofaza qilish, jismonan sog‘lom, ma’nan yetuk avlodlarni tarbiyalash, tibbiy xizmat ko‘rsatishni yangi bosqichlarga ko‘tarish, farmasevtika mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish, davolash muassasalarini zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan ta’minlash borasida keng ko‘lamli ishlar bajarilmoqda. Bularning samarasini shahar va tumanlarimizda, olis hududlarda faoliyat ko‘rsatayotgan 30 ta stasionar, 186 ta ambulatoriya-poliklinika muassasalari, shu jumladan, tibbiyotning birlamchi tizimini maqbullashtirish ishlari natijasida tashkil etilgan 70 ta qishloq oilaviy poliklinikalari tomonidan ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar misolida ko‘rishimiz mumkin.

Muhtaram Prezidentimiz tomonidan sog‘liqni saqlash tizimiga qaratilayotgan alohida e’tibor natijasida birgina joriy yilning o‘zida Investisiya dasturi asosida 26 ta davolash muassasalarida 50 milliard so‘mga yaqin mablag‘ hisobiga yangi qurilish va rekonstruksiya ishlari olib borilmoqda. Bundan tashqari, “Obod mahalla” dasturi bo‘yicha 9,3 mlrd so‘mlik, mahalliy byudjetning qo‘shimcha mablag‘lari hisobidan viloyat ko‘z kasalliklari shifoxonasi uchun 5,2 mlrd so‘m, viloyat tibbiy diagnostika markazi uchun
4,4 mlrd so‘m, “Obod qishloq” dasturiga qo‘shimcha ravishda 8,2 mlrd so‘m, umumiy hisobda 17,7 mlrd so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari yakuniga yetkazildi.

2019 yilning o‘tgan davri davomida 38 ta xususiy tibbiyot muassasalari tashkil etilib, ularning soni 419 taga yetdi.

E’tiborlisi, bu kabi ijobiy o‘zgarishlar xalqning turmush sharoitini yaxshilashga, shahar va qishloqlarimizni obod qilishga, bugunning kechagidan, ertangi kunimizning bugungidan yaxshiroq bo‘lishiga mustahkam asos yaratmoqda.

Zamon talablariga to‘la javob beradigan, rivojlangan mamlakatlarning eng so‘nggi texnologiyalari bilan jihozlangan davolash-profilaktika muassasalarida bugungi kunda 5 ming nafardan ortiq shifokorlar va 23 mingga yaqin o‘rta bo‘g‘in tibbiyot xodimlari kuni-tun xalqimizga tibbiy xizmat ko‘rsatyapti.

Yana bir muhim jihat, soha vakillarining moddiy manfaatdorligini oshirish, samarali ishlashi uchun munosib shart-sharoitlar yaratishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, Prezidentimizning 2018 yil 7 noyabrdagi “Davlat tibbiyot muassasalari va sog‘liqni saqlashni boshqarish organlari xodimlarini moddiy rag‘batlantirishni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, soha xodimlarining mehnatiga haq to‘lash miqdorlari bosqichma-bosqich oshirilishi ana shu e’tibor samarasidir.

Soha tubdan isloh qilinayotgani barobarida qo‘lga kiritilayotgan yutuqlar salmog‘i ham oshib bormoqda. Xususan, viloyatdagi tibbiyot markazlarida kardioxirurgiya, neyroonkologiya va rekonstruktiv xirurgiya, ftizioxirurgiya, dermatovenerologiya, shoshilinch yordam va pediatriya sohalarida nafaqat viloyatda, balki Respublikada ilk marotaba 110 turdan ortiq avvaldan bajarilmagan yuqori texnologiyali muolajalar va operativ amaliyotlar bajarildi.

Tadbir davomida aholi sog‘lig‘ini saqlash borasida fidokorlik ko‘rsatgan bir guruh soha xodimlariga viloyat hokimligining diplomlari va qimmatbaho sovg‘alari topshirildi.

Ўзбекистонда хизмат кўрсатган артист Меҳмонали Салимов томонидан ижро этилган Эркин Воҳидовнинг “Руҳлар исёни” достонидаги “Жаҳолат ҳақида ривоят” монологи йиғилганлар олқишига сазовор бўлди.

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Mehmonali Salimov tomonidan ijro etilgan Erkin Vohidovning “Ruhlar isyoni” dostonidagi “Jaholat haqida rivoyat” monologi yig‘ilganlar olqishiga sazovor bo‘ldi.

Shifo ahlini Buxoro san’atkorlari o‘z qo‘shiq va kuylari, raqslari bilan muborakbod etdilar. “San’at” guruhi, xonandalar Erkin Ismoilov, Ilhom Ismoilov, Jamshid Niyozov,  “Buxoro go‘zallari” raqs ansambli a’zolarining chiqishlari yig‘ilganlarga jo‘shqin kayfiyat va zavq bag‘ishladi.

Manba buxoro.uz

This entry was posted in Yangiliklar. Bookmark the permalink.