“Keksalar haftaligi”

YOSHI ULUG‘LARGA E’TIBOR

 Jamiyatimizda yoshi ulug‘larga e’tibor hamisha ustuvorlik kasb etib kelgan. O‘tgan davr mobaynida ularni e’zozlash, ehtirom ko‘rsatish, hayotdan roziligiga erishish borasida hukumatimiz tomonidan qator ishlar amalga oshirildiki, ularni sanab adog‘iga yetish amrimahol. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 1990 yil 14 dekabrdagi rezolyutsiyasiga binoan 1 oktabr “Xalqaro keksalar kuni” sifatida nishonlanadi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining   “Keksa avlod vakillarining jamiyatdagi o‘rni va ijtimoiy faolligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 816-son qarori qabul qilindi. Qarorga muvofiq, har yili mamlakatimizda ushbu kunni munosib  nishonlash maqsadida oktabr oyining birinchi haftasi “Keksalar haftaligi” etib belgilandi.

Vazirlar Mahkamasining yuqoridagi qarorida ushbu “Keksalar maslahati” guruhlari to‘g‘risidagi namunaviy nizomning tasdiqlanishi keksalarning muammolarini manzilli o‘rganish va bartaraf etish, keksa avlod vakillariinng boy hayotiy tajribasidan oilalar va mahallalarda ijtimoiy-ma’naviy muhitni barqarorlashtirishda keng foydalanish, ularning yurtimizda kechayotgan jadal islohotlar jarayonida faol ishtirok etishlarini ta’minlash kabi vazifalar o‘rin egallagan. Haftalik doirasida keksalar hamda faxriylar uchun bayram tadbirlari tashkil etilmoqda. Ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamga muhtoj qatlam uchun tor mutaxassislar hamda qishloq vrachlik punktlari va oilaviy poliklinikalarning umumiy amaliyot shifokorlaridan iborat tarkibda “Tibbiyot avtobusi” tashkil etilib, ular keksalarni chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazmoqda. Bundan tashqari, keksa avlod vakillarini imtiyozli ravishda teatr va muzeylarga, tarixiy shaharlar va ziyoratgohlarga tashriflari tashkil etilmoqda.

Mahallalarda keksalar salomatligini saqlashda muhim omil bo‘lgan “Har kuni 5 ming qadam” shiori ostida piyoda yurish marafonlari o‘tkazilmoqda. Loyihalar qatorida “Bobom, buvim va men kitobxon” shiori ostidagi uyushtirilayotgan kitobxonlik aksiyalari ham sermazmun o‘tmoqda. Bu orqali kitobxon oilalar aniqlanib, ular munosib rag‘batlantirilmoqda.

Buxoro shahar tibbiyot birlashmasi tomonidan haftalik doirasida tibbiyot sohasida uzoq yillardan buyon fidoyilik bilan mehnat qilib kelayotgan 75 nafar nafaqadagi ustozlarga kasaba uyushmasining sovg‘alari topshirildi.

Birlashma tasarrufida xizmat qilayotgan yoshi ulug‘ keksa tibbiyot xodimlarining 6 oktabr kuni “Yetti pir” yo‘nalishlari bo‘yicha bepul sayohatlari uyushtirildi. Shuningdek, haftalik munosabati bilan shahar tibbiyot birlashmasida ayni paytda faoliyatda bo‘lgan hamda nafaqada keksalik gashtini surayotgan yoshi ulug‘ ustoz-shifokorlar bir joyga jamlanib, ular uchun fayzli dasturxon yozildi.

Xuddi shunday tadbir 6-OP jamoasi tomonidan tashkillashtirildi. Unga tibbiyot faxriylari taklif etildilar. Ustoz shifokorlar hamkasblari va shogirdlari davrasida o‘tirib, jamoa bilan o‘tgan shirin xotiralarni esga oldilar. O‘zbekona osh totilgan davrada o‘tganlar haqiga duo o‘qilib, qur’on tilovat qilindi.

Sitora SAIDOVA,

Buxoro shahar KTMP kasaba uyushmasi vakili.

This entry was posted in Yangiliklar. Bookmark the permalink.