ODAMLARGA YAQINLASHAYOTGAN TIBBIYOT:

Fuqarolarning sohaga bo‘lgan ishonchi tobora mustahkamlanmoqda

Sanoat shahri sifatida tilga olinadigan Qorovulbozorni adadsiz qumlik bag‘rida ochilgan banafshaga o‘xshatish mumkin. To‘g‘ri, binafsha cho‘lda emas, aslida tog‘da o‘sadi. Ammo, inson matonatini sinaydigan, kezi kelganda tog‘day irodalarni ega olishga qodir bepoyon sahro yuragida guliston paydo bo‘lib, kundan-kunga obod manzilga aylanib borayotganligi – ana shunday qiyosga, e’tirofga munosib deyish mumkin. “Obod mahalla”, “Obod qishloq” davlat dasturlarining samarali ijrosi natijasida endilikda tumanning infratuzilmasi tubdan o‘zgarmoqda. Eng olis qishloqlar ham chiroy ochib, ularda yashayotgan odamlar uchun qulay sharoitlar yaratilmoqda. Bu islohotlar shabadasi, tabiiyki, tuman tibbiyot birlashmasini ham chetlab o‘tgani yo‘q.

Yaqin o‘tmishda odamlar salomatligida muammolar sezsa davolanish uchun bir necha chaqirim yo‘l bosib bo‘lsa-da viloyat markaziga borishni lozim ko‘rardi. Bu esa fuqarolarning o‘sha paytda tibbiyotga bo‘lgan ishonchi qay darajada bo‘lganligini ifodalaydi. Meditsinaga qaratilayotgan e’tibor samarasi o‘laroq, bugun tizimning barcha yo‘nalishilarida islohotlar bo‘y ko‘rsatdi. Hatto, o‘zaro raqobatni oshirish orqali tizimni eng ilg‘or pog‘onalarga olib chiqish, nafaqat davlat, balki xususiy tibbiy sektorlar faoliyatini jonlantirish, eng quyi bo‘g‘in hisoblangan qishloq vrachlik punktlarida ham markazdagidan qolishmaydigan shart-sharoitlarning yaratilishi, tez tibbiy yordam brigadalarining operativ faoliyatini yo‘lga qo‘yish kutilgan samarani berdi, deyish o‘rinlidir. Adolat mezonlariga tayanib muqoyasa qiladigan bo‘lsak, biz tizimda kechagidan ko‘ra sezilarli o‘zgarishlar va yutuqlar qo‘lga kiritilayotganligiga guvoh bo‘lamiz.

Tumanning 20 400 nafarga yaqin aholisiga tibbiyot birlashma tasarrufidagi olti davolash muassasasi xizmat ko‘rsatmoqda. Bular – 225 qatnovga mo‘ljallangan ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika, sakson o‘rinli markaziy kasalxona hamda ellik qatnovli qishloq vrachlik punklaridir.

Birlashmada (rahbari Ilhom Bozorov) 50 nafarga yaqin vrach faoliyat olib boradi,  shundan 5 nafari QVPlarda mehnat qilmoqda. Vrachlarning  7 tasi oliy, 2 tasi birinchi toifali, 4 nafari 2-toifali. 300 nafarga yaqin o‘rta tibbiyot xodimlari shifokorlarga qo‘l-qonot. Ularning 54 nafari oliy, 23 nafari birinchi,  42 nafari ikkinchi toifaga ega hamshiralardir. Bolalar o‘limi o‘tgan davr mobaynida keskin kamaygan bo‘lsa-da, tibbiyot xodimlari bunday noxush statistikaning vujudga kelmasligi yo‘lida bor imkoniyatlarini ishga solmoqdalar.

Tuman markaziy kasalxonasi  ikki qavatli bo‘lib, uning birinchi qavatida qabulxona, rentgen, UZI, labaratoriya, tibbiy statistika, sterilizatsiya, tibbiy-ijtimoiy bo‘lim, qon banki, ma’muriyat, dorixona xamda bolalar bo‘limi joylashgan. Ikkinchi qavatida esa Shoshilinch tibbiy yordam bo‘limi, tug‘ruq kompleksi faoliyat ko‘rsatmoqda. Shuningdek, Birlashmaning eski kasalxona hududida kirxona, oshxona, ichki kasalliklar, yuqumli kasalliklar, tuman markaziy poliklinikasining ftiziatriya, rentgen – flyura xonalari hamda Salomatlik markazlari joylashgan.

Ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasi 12072 nafar axoliga tibbiy xizmat ko‘rsatadi. Tumanda (joriy yilning 30 oktyabrigacha bo‘lgan holat) 5796 nafar tug‘ruq yoshidagi ayollar mavjud bo‘lib, shulardan 324 nafari homiladorlik bilan ro‘yxatga olingan. Homiladorlikning 12-haftasiga o‘tgan ayollar 260 nafardan ortiqni va tug‘ruqlar soni 248 nafarni tashkil etmoqda. Targ‘ibot-tashviqot ishlarining samarasi o‘laroq, so‘nggi paytlarda perenatal o‘limlar kuzatilmadi. Uch yuzdan ortiq ayollar VMS, 194 nafari OK, o‘ntasi IK, yana shuncha nafari IJK kontratseptiv vositalari bilan ta’minlangan. Tug‘ruq kompleksida shu davr ichida 130 ortiq chaqaloq dunyoga kelgan va ularning barchasi “K” vitaminiga  qamralgan.

Tuman markaziy kasalxonasi uchun joriy yilning uchinchi choragi davomida 57748763 so‘m mablag‘ga dori-darmon, 35119754 so‘mga tibbiy buyum, 18042000 so‘m mablag‘ga reaktivlar sotib olingan. Tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli “Bo‘zachi” QVPga 840750 so‘mga dori-darmon, 275450 so‘mlik tibbiy buyumlar olib berilgan. “Do‘stlik”, “Jarqoq”  hamda “Yangi-hayot” qishloq vrachlik punktlariga ham ana shunday maqsadlar uchun tegishlicha mablag‘lar ajratilgan va ular maqsadli ishlatilgan. Birlashma tez yordam bo‘limiga yil boshida alkogolli mastlikni aniqlovchi (24 mln 350 ming so‘mlik) “MYeTA” analizatori olib berildi. Ushbu apparatni ishlatish uchun birlashmaning besh nafar shifokori viloyat narkologiya dispanserida malaka oshirib, sertifikatga ega bo‘ldi.

Onalik va bolalikni muhofaza qilish, reproduktiv salomatlikni mustahkamlash, nuqsonli bolalar tug‘ilishining oldini olish maqsadida tuman markaziy kasalxonasiga (29 500 AQSh dollarilik) “Salomatlik-3” loyihasi asosida skrining UZI apparati keltirildi. Mazkur apparat bilan hozirgi kunda homilador ayollar yuz foiz skrining tekshiruvidan o‘tkazilmoqda. Markaziy kasalxonaning reanimatsiya xonalari uchun 47 mln so‘mga mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan Defibrillyator apparati olindi.Tuman ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasi ham “Salomatlik-3” dasturi asosida Kalposkop va boshqa tibbiy jamlanmalar bilan ta’minlandi. Tuman tibbiyot birlashmasining eski kasalxona hududida joylashgan ichki kasalliklar bo‘limida mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan 200 mln so‘mlik joriy ta’mirlash ishlari olib borildi. Ftiziatriya va Rentgen-Flyura xonalarining isitish tizimini to‘liq yangilash maqsadida alohida ixcham qozonxona o‘rnatish kabi ishlar uchun jami  139 185 500 so‘m budjet mablag‘lari sarf qilindi. Tuman markaziy kasalxonasining Shoshilinch tibbiy yordam bo‘limidagi jarrohlik stoli ma’nan eskirganligini inobatga olib, yangi jarrohlik stoli sotib olindi.

Bundan tashqari tuman markaziy kasalxonasining tug‘ruq kompleksi hamda shoshilinch tibbiy yordam bo‘limlari BNQIZ xomiyligida joriy ta’mirdan chiqarildi. 2019 yilga mo‘ljallangan Investitsiya dasturi doirasida tuman tibbiyot birlashmasida qurilish ta’mirlash ishlari, rekonstruksiya, joriy va kapital ta’mirlash xamda eski kasalxona xududi devor bilan o‘rash ishlari davom etmoqda. Ta’mirlash ishlari davom etmoqda.  Ichki kasalliklar bo‘limining fasad qismi homiylik asosida 300 mln so‘m mablag‘ xisobidan ta’mirlanmoqda.

 “Salomatlik-3” dasturi asosida yangi tug‘ilgan chaqaloqlar uchun Neoterm apparati, 5 dona kattalar va 4 dona bolalar uchun Ambu qopchasi, 30 dona tibbiy latoklar,  4 dona aspiratorlar,  tuman markaziy poliklinikasi uchun Fetalnыy dopler, dori shkafi, tug‘ruq kompleksiga bolalar parvarishi uchun Kyuvez apparati va boshqa jihoz hamda anjomlar olib berildi. Ushbu dastur asosida to‘rtta mavjud QVPga ham zarur apparat va tibbiy anjomlar yetkazilgan.

Xususiy tibbiyot xizmati sohasini yanada rivojlantirish va sohaga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish rejalashtirilgan bo‘lib, tumanda ichki kasalliklari bor bo‘lgan bemorlarga mo‘ljallangan klinika qurilishi boshlab yuborilgan.  Klinika 2020 yilda o‘z faoliyatini boshlaydi.

Tumanda onkologik tibbiy xizmat ko‘rsatish bo‘yicha mutaxassisning yo‘qligi sababli har oyda viloyat kasalxonalaridan onkolog chaqiriladi.   O‘tgan to‘qqiz oy davomida ayollar orasida onkologik kasalliklarning oldini olish maqsadida  2519 ta  tsitologiyaga va 2728 nafar ayoldan surtma(mazok)  olib tekshirilgan. 3748 ta aholi flyura tekshiruvidan, 1324 ta ayollar UZI tekshiruvidan o‘tkazilgan. Onkologiyada  yil boshida 65 ta bemor “D” nazoratida turgan. Oxirgi 3 oy mobaynida 9 nafar bemor hisobga olingan. Har oyda viloyat onkologiya dispanseridan  mutaxassis B.Latipov boshchiligida tibbiy ko‘rik tashkil etiladi. Tumanda mavjud ayollar bachadon bo‘yni va ko‘krak bezi saratoni kabi onkologik kasalliklar bilan kasallanganlarni doimiy nazoratini olib borish maqsadida har haftaning juma kuni viloyat onkologiya dispanseridan mutaxassisning kelib bir kun bemorlarni to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishi yo‘lga qo‘yildi. Ularga kerak bo‘ladigan zaruriy onkologik dori vositalari bilan bepul ta’minlash uchun barcha sharoitlar yaratildi.

Tibbiy ijtimoiy bo‘lim tomonidan nogironligi bo‘lgan fuqarolarga ham e’tibor qaratilmoqda. Ularga 4 ta qo‘ltiq hassa, 3 ta hassa, 4 ta kattalar aravachasi, 1 ta bolalar aravachasi, 2 ta eshitish moslamasi olib berilgan. Shuningdek, mahallalar kesimida ham nogironlarni nafaqa yoshidagi keksalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasida e’tiborga molik ishlar amalga oshirib kelinmoqda.

Tizimda faoliyat yuritayotgan shifokorlardan – Bahriddin Nurullayev, Anvar To‘xtayev, Umid Qosimov, hamshiralardan – Shahlo Niyozova, Lola Bozorova, Gulzira Tangrberdiyeva, Nasiba Achilova, Nigora Karasheva, Shahnoza Ahmedova hamda Yulduz Nurovalar xizmati bugun hamkasblariga ibrat bo‘layotir.

Hamzabek TURDIYEV

This entry was posted in Yangiliklar. Bookmark the permalink.