Ko‘ngil xazinasining qulfi  –  til

“Tilga e’tibor, elga e’tibor”deb bejiz aytmagan bobokalonimiz A.Navoiy. Uzoq moziydan boshlangan tilga e’tibor ayni paytlarda ham o‘z obro‘sini yo‘qotmagan. Har bir millatning, davlatning o‘z tili bo‘lgani kabi, jonajon O‘zbekistonimizning ham o‘ziga mos va xos bo‘lgan tili bor bo‘lib, yurtimiz unga istiqloldan ham ilgari erishdi. Mamlakatimiz o‘zi davlat tilini qo‘lga kiritishi, istiqlolning daragi edi. Keling, bizni shunday ne’matlarga yetishishda vosita (sabab) bo‘lgan tilimiz haqida suhbatlashaylik. Qolaversa, tilga tarbiya berish borasida ham to‘xtalib o‘tib, til ofatlarini va ularning ziyonlarini bilib olaylik.

Erkinlik, mustaqillik uchun kurashning ilk g‘alabasi, nishonasi sifatida 1989 yilning 21 oktabr kuni o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berildi. Shu kundan e’tiboran tilimizning rivojlanish yo‘llaridagi barcha sun’iy to‘siqlar olib tashlandi, u davlat tomonidan qonun himoyasiga olinib, shu kundan e’tiboran mamlakatimizda o‘z ona tilida ish yuritish va o‘zaro muloqotlarda o‘zbekona suhbatni erkinligi boshlandi.

Dunyoda tillar ko‘p, ayrim manbaalarda ta’kidlanishicha, jahon xalqlari 6700 dan ziyod tilda muloqot qilishadi. Hozirgi davrda asosan ularning yettita: ingliz, nemis, fransuz, rus, xitoy, ispan, hind tillari so‘zlashuvchilarining ko‘pligi jihatidan boshqa tillarga qaraganda yer shari aholisi o‘rtasida ustunlik qilmoqda. Sababi, ushbu tillarda gaplashuvchi davlatlar iqtisodiyot, ilm-fan, texnika rivoji borasida boshqa mamlakatlarga qaraganda ancha oldinlab ketdi. Shu bois ham, mazkur tillarni o‘rganishga bo‘lgan qiziqish ham katta hisoblanadi.

Chet tillarini o‘rganish haqida buyuk nemis adibi Iogann Volfgang Gyote: «Kimki o‘zga tillarni bilmasa, o‘z tilini ham yaxshi tushunmaydi»,-deb yozgan edi.

Astoydil harakat qilinsa, boshqa tillarni mukammal o‘rganish hech narsa emas ekan. Masalan, Avstraliyalik olim Stiven Vurm 500 ta, rus olimi S.A.Starostin 400 ta, Germaniyalik Shyuts 270 ta, Daniyalik tilshunos Rasmus Rask 230 ta, mashhur nemis olimi Vilgelm Gumboltd 117 ta, nemis olimi Emil Krebs 60 ta, Italiyalik kardinal Juzeppe Metssofanti 72 ta, rus tilshunosi Ye.D.Polivanov 70 dan ortiq, BMT ning bosh tarjimoni Jorj Smit 69 ta tilda gaplasha olgan. Bularning barchasi biz-bugungi avlod uchun ibrat namunasidir.

Axir, bir paytlari ilm-fanda, san’at va adabiyotda, til o‘rganishda, fahm-farosatda, aql-zakovatda ota-bobolarimiz dunyo xalqlarining peshqadamlaridan, eng oldinda turgan e’tiborli vakillaridan sanalgan-ku?!.

Masalan, buyuk qomusiy olim Abu Rayhon Beruniy 150 dan ortiq tilni bilgan. Shulardan 20 tasi «unutilgan tillar» sanalgan. Abu Nasr Farobiy o‘zlashtirgan tillarning miqdori 100 dan ortiq bo‘lgan va ularning 10 ga yaqini «unutilgan tillar» qatoriga kirgan. Dunyo tabobat ilmiga asos solgan olimlardan biri Abu Ali ibn Sino arab, fors, turk, lotin, so‘g‘d tillarida bemalol suhbatlasha olgan. Sohibqiron Amir Temur arab, fors, mo‘g‘ul, turkiy tillarni o‘ziga yarasha o‘zlashtirganligini tarixdan barchamizga ma’lum.

Tarixiy manbaalarda ta’kidlanishicha, azal-azallardan ilm-fan hamda uning sirlarini, tillarni o‘rganishda xalqimizda o‘ziga xos an’ana va boshqalarga qaysidir ma’noda, namuna bo‘la oladigan hislatlar bo‘lgan. O‘zini ziyoli, o‘qimishli sanagan har bir inson arab, fors-tojik va albatta ona tilimiz hisoblangan o‘zbek tilini mukammal bilgan. Ona tilidan tashqari, boshqa tillarni ham bilish zamonasining ilg‘or kishilari o‘zlari uchun bu narsani qat’iy vazifa deb hisoblaganlar. Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Xorazmiy, Nodira kabi yurtdoshlarimizning asarlarini dunyoga dovrug‘ taratishida ham mana shu narsa muhim omil bo‘lib xizmat qilgan deyishimiz mumkin. Negaki, ularning barchasi turkiy – o‘zbek tilidan tashqari, forsiy tilda ham ajoyib she’rlar, asarlar bitishgan.

Darhaqiqat, o‘z ona tilimiz hisoblanmish o‘zbek tilini mukammal bilish bilan chegaralanib qolmasdan, o‘tmish ajdodlarimizdan o‘rnak olib, jahondagi boshqa tillarni ham izchil o‘rganishimiz, ilm-fan, texnika sohalarida dunyo xalqlari erishgan ulkan muvaffaqiyatlarni o‘rganib, ulardan o‘zbek xalqining ravnaqi, mamlakatimiz taraqqiyoti yo‘lida unumli foydalanishimiz zarur.

Lug‘at boyligi, unda yaratilgan ilmiy, badiiy, tarixiy asarlarning salmog‘i nuqtai nazaridan o‘zbek tili dunyodagi manaman degan tillardan qolishmaydi. Buni quyidagi misol yordamida ham isbotlashimiz mumkin. Alisher Navoiy o‘z asarlarida 26035 ta, Aleksandr Pushkin 21193 ta, Uilyam Shekspir 20000 dan ortiq, Migel de Servantes 18000 dan ortiq, Abdurahmon Jomiy 17600 ta, Abdulla To‘qay 4000 dan ortiq so‘zlarni ishlatgan.

Endi tildan foydalanish va undan olinadigan foyda va aksincha holatlar borasida fikr yuritib o‘tsak maqsadli bo‘lardi.

Inson uchun bu ulug‘ va bebaho ne’mat hisoblanadi. Til esa insonni yuksak hazinasidir. Bu borada bobakalonimiz A.Navoiy ham “ko‘ngil hazinasin qulfi til, kaliti so‘z”, deydilar. Qolaversa til, odobning boshi hisoblanadi. Bunga isbot tariqasida alloma Mahmud Qoshg‘ariyning “Odobning boshi – til”, degan ta’kidlarini keltirib o‘tish kifoya.

Tilning yordamida insonlar ichki fikrlarini yuzaga chiqarib, o‘z navbatida boshqalar bilan o‘zaro muloqot olib borishi, o‘zining fikrini kimlargadir yetkazishi mumkin. Tildan to‘g‘ri va aqlli ravishda foydalanilsa, maqsadga erishish oson bo‘lishadi. Shu oliy ne’matdan ba’zida noto‘g‘ri foydalanib, turli muammolarni orttirib olinishi mumkin. Bu muammolar aksariyat hollarda kishini boshiga kulfatlar olib kelishi mumkin. Shuning uchun ham bunga “til ofatlari” deyiladi. Tilning ofatlari borasida juda ko‘plab misollarni keltirish mumkin. Ammo undan ko‘ra tilning ofatlarini qismlarga ajratgan holda keltirib o‘tilsa, ko‘proq manfaatli bo‘ladi.

Tildan keladigan ofatlar ko‘p va turli-tuman bo‘lib, ular qalbni sarxush qiladi. Odam tabiatida ham ularga moyillik bor. Mazkur ofatlardan qutulishning eng oson yo‘li jim turish orqali bo‘ladi. Bu juda katta faziylatdir. Jim turish himmatni jamlaydi va fikrni soflaydi. Bu haqda bir qancha hadislar kelgan.

Tilni tiyish borasida ko‘plab tavsiyalar, ma’lumotlar va ulamolarimizni bizga ko‘rsatmalari bor. Jumladan, taniqli alloma Muhammad Zohid Qo‘tqu “Tilni tiyish – bu xoinlik, tuxmat, yolg‘on, g‘iybat,chaqimchilik, istehzo, birovni masxaralash, yolg‘on qasam ichishdan tiyilish, azon va iqomat aytilayotganda, masjidlarda, Qur’oni Karim tilovat qilinayotganda, xutba paytida, xojatxonada, jimo paytida so‘zlashmoqdan tiyilish, Qur’oni Karimni o‘z ra’yiga ko‘ra tafsir qilish, omonat so‘z va sirlarni fosh etish, gunohkorlarni himoya qilish, birodarlar uzrini qabul etmaslik, mo‘minlarni qo‘rqitish va shunga o‘xshash til vositasida bajariladigan behuda va yomon amallardan o‘zini saqlashdir”, – ta’kidlangan.

Ko‘pincha so‘z aytib, bo‘ldim pushaymon,

Aytmagan so‘zimdan – doimo shonmon.[4]

Abu Abdulloh Rudakiy

Bizga ajdodlarimizdan qolgan milliy meroslarning adadi bir talaygina. Ma’naviy va madaniy hayot uyg‘unligiga chorlovchi asarlar, ilmiy va madaniy meroslar biz avlodni barkamollikka, yakdillik va oliyjanoblikka undaydi. Shuning uchun ham ularga e’tiborliroq bo‘lishimiz, ularda biz uchun ko‘rsatilgan ko‘rsatmalar orqali vatanimiz mustaqilligini mustahkamlab, milliy madaniyatimiz poydevorini mustahkamlab borishimiz lozim bo‘ladi.

Ro‘zali Qurbonov

This entry was posted in Yangiliklar. Bookmark the permalink.