Yuqumli bo‘lmagan kasalliklar profilaktikasida tibbiyot xodimlarining xabardorligi va faolligi nihoyatda muhim

*Seminar

Tibbiyotda miyadagi qon aylanishining to‘satdan buzilishiga insult deyiladi. Uning oqibatda miya to‘qimalarida o‘zgarishlar yuzaga keladi va uning shikastlanishi tufayli turg‘un belgilar paydo bo‘ladi. Insultning ikki ko‘rinishi gemorragik (miyaga qon quyilishi) va ishemik holatda (miya infarkti) farqlanadi. Bu – miya qon aylanishining o‘tkir buzilishi bo‘lib, miya funksiyasining bir necha kun davom etuvchi xastaligiga olib keladi. Insult insonning mehnatga layoqatini pasaytiruvchi, uzoq muddat davolanishga, uning oiladagi hayot sifatining pasayishi va iqtisodiy xarajatlarga sabab bo‘luvchi kasallikdir. Insult o‘lim sababchisi sifatida yurak qon-tomir va onkologik kasalliklardan so‘ng uchinchi o‘rinda turadi. O‘zbekistonda miya insulti bilan xastalanish ming nafar aholiga nisbatan 9 foizdan 14 foizgacha to‘g‘ri keladi. Ishemik insult miyaning to‘liq yoki qisman qon bilan ta’minlanishining to‘xtashi oqibatida yuzaga keladi.

Xastalik keksa yoshlilar, ko‘pincha yurak kasalliklari va qon ivishi ortgan kishilarda uchraydi. Umuman olganda bu kasallikka qarshi kurash olib borishda aholi o‘rtasida, birinchi o‘rinda sog‘lom turmush tarzi tamoyillarini kengroq yoyish eng ustuvor vazifalardan biridir.

O‘zbekiston hukumati ham butun dunyoda dolzarb ahamiyat kasb etib turgan ushbu kasalliklar profilaktikasini samarali tashkil etish borasida qator chora-tadbirlarni amalga oshirib kelmoqda. Xususan, Prezidentning 2018 yil 18 dekabrdagi “Yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning profilaktikasi, sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va aholining jismoniy faolligi darajasini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4063-sonli qaroriga asosan, joylarda nafaqat tibbiyot xodimlari, balki qator hamkor tashkilotlar, korxona va muassasalar tomonidan sog‘om turmush tarzini targ‘ib etuvchi tadbirlar, seminarlar, sport musabaqalari uyutirib kelinmoqda. Targ‘ibot tadbirlarida aholi vakillariga sog‘lom turmush tarziga rioya qilish bo‘yicha yo‘l-yo‘riqlar berilib, ularni kelgusida sog‘lom hayotga da’va etish choralari ko‘rilmoqda.

Ushbu qaror hamda O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligining joriy yil 10 oktyabrdagi 10-5/2716-sonli xati ijrosini ta’minlash maqsadida Buxoro shahridagi “Edem” mehmonxonasida seminar o‘tkazildi. Seminardan ko‘zlangan maqsad aholi orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, noinfeksion kasalliklar, jumladan insult kasalligining profilaktikasi va xavf omillarini aniqlash bo‘yicha ommaviy skrining tadbirlarini tashkillashtirish, bu boradagi ishlarni yuqori saviyada amalga oshirishda tibbiyot xodimlarining faolligini oshirishdan iboratdir.

“Yurak qon-tomir kasalliklarining oldini olish. Amaliyotda tibbiy profilaktika masalalari” mavzusida o‘tkazilgan seminarga Aholining sog‘lom turmush tarzini shakllantirish va jismoniy faolligini oshirish markazlari tuman-shahar bo‘limlari vrachlari, tegishli davolash profilaktika muassasalarida faoliyat yuritayotgan nevrolog, endikrinolog, psixiatr va umumiy amaliyot shifokorlari hamda mamlakatimizdagi farmakologik hamda tibbiy texnikalar bo‘yicha faoliyat yuritayotgan firmalar vakillari jalb etildilar.

Mazkur muhim tadbirda Aholining sog‘lom turmush tarzini quvvatlash va jismoniy faolligini oshirish markazi direktori B.T Odilova hamda Sog‘liqni  saqlash vazirligi bosh nevrologi, O‘zbekiston nevrologlari birlashmasi jamoasining raisi muovini, professor Yo.N.Majidova kun tartibidagi mavzular yuzasidan ma’ruzalar o‘qidilar. Notiqlar yuqumli bo‘lmagan kasalliklar profilaktikasida tibbiyot xodimi amalga oshirishi kerak bo‘lgan chora-tadbirlar, insultning oldini olish va nevrologik kasalliklarning skriningi, shuningdek yurak xastaliklari profilaktikasi haqida to‘planganlarga kengroq ma’lumot berdilar.

Seminar yakunida bu yerda jam bo‘lgan barcha tibbiyot xodimlari shu yerning o‘zida tashkillashtirilgan skrining tekshiruvlaridan o‘tdilar.

 

Boshqarmaning axborot xizmati

 

This entry was posted in Yangiliklar. Bookmark the permalink.