Sogʼliqni saqlash vazirligi: TАDBIRKORLАR TOMONIDАN DАVLАT TIBBIYOT MUАSSАSАLАRI HUDUDIDА NOQONUNIY QURILISH VА FАOLIYAT TАSHKIL QILISH TАQIQLАNАDI

Mamlakatimizda har qanday davlat tibbiyot muassasasi hududida tadbirkorlik faoliyatini tashkil qilish amaldagi qonun va qonunosti hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Jumladan, Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 6 oktyabrdagi 279-sonli “Davlat mulki obʼektlarini xususiylashtirish tartibi toʼgʼrisidagi nizomlarni tasdiqlash haqidagi”gi qaroriga asosan balansda saqlovchi va mahalliy davlat hokimiyati organining birinchi rahbari tomonidan imzolanadigan hamda muhr bilan tasdiqlanadigan xulosasini taqdim etish tartibi joriy etilgan.

Shuningdek, Prezidentimizning 2018 yil 7 dekabrdagi “Oʼzbekiston Respublikasi Sogʼliqni saqlash vazirligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi qarorining 11-bandida Sogʼliqni saqlash vazirining roziligisiz davlat tibbiyot muassasalarining yer uchastkalari va koʼchmas mulklari begonalashtirilishi taqiqlanganligi belgilangan.

— Аfsuski, shunga qaramasdan bugungi kunda ayrim tadbirkorlar tomonidan Sogʼliqni saqlash vazirligining ruxsatini olmasdan turib, davlat tibbiyot muassasalari hududida noqonuniy qurilish ishlarini olib borish holatlari ham uchrab turibdi, — deydi vazirlikning Qurilish va moddiy texnik taʼminotni muvofiqlashtirish boshqarmasi boshligʼi Аkmal Norbekov. — Masalan, Samarqand viloyati Bulungʼur tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli “Navbahor” qishloq vrachlik punkti hududining 0,10 yer maydonida hammom va savdo majmuasini qurish uchun fuqaro Z. Аliboevga yer ajratish boʼyicha Sogʼliqni saqlash vazirligining roziligisiz 2018 yilda Bulungʼur tuman hokimining qarori qabul qilingan. Ushbu holat yuzasidan Sogʼliqni saqlash vazirligi tomonidan Oʼzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga Bulungʼur tumani hokimining qarori ustidan protest keltirilib, Bulungʼur tumani hokimining qarori bekor qilingan. Buning natijasida qurilishi boshlangan binolarni buzish ishlari amalga oshirilmoqda. Shunday ekan, davlat tibbiyot muassasalari xududidan noqonuniy ravishda foydalanish, bino va inshootlarni buzish yoki qurish hamda davlat mulki obʼektlaridan noqonuniy foydalanish qatʼiy taqiqlanganligini unutmasligimiz kerak.

Shuningdek, 2017 yilda Surxondaryo viloyati teri-tanosil kasalliklari dispanseri hududidagi 300 kvadrat metrdan iborat yer maydonini “Shifokor Valijon Surxon” xususiy korxonasiga ajratish boʼyicha Termiz shahar hokimining qarori qabul qilingan. Ushbu yer maydonining tadbirkorga berilishi va mahalliy hokimlik balansiga olinishi boʼyicha Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 25 fevraldagi 54-son qarori talabiga zid ravishda Sogʼliqni saqlash vazirligining rozilik xati olinmagan. Mazkur holat boʼyicha Surxondaryo viloyati teri-tanosil kasalliklari dispanseri yer maydonini qaytarish maqsadida Termiz shahar hokimining qarori ustidan Oʼzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga protest keltirilib, Termiz shahar hokimining qarori bekor qilingan hamda noqonuniy qurilishi boshlangan binolarni buzish ishlari amalga oshirilgan.

Xulosa oʼrnida aytganda, davlat tibbiyot muassasalari hududida tadbirkorlik subʼektlari tomonidan qonun hujjatlariga asosan, Sogʼliqni saqlash vazirligining ruxsati olingan holda faoliyat amalga oshirilsa maqsadga muvofiq boʼladi.

Manba minzdrav.uz

This entry was posted in Yangiliklar. Bookmark the permalink.