Tibbiy xizmat sohasida Buxoro tajribasidan keng foydalanish tavsiya etildi

Aholiga tibbiy xizmat koʻrsatish borasidagi ishlarning taʼsirchan parlament nazoratiga olinishi, tizim qonunchilik bazasining mustahkamlanayotgani sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning izchilligini taʼminlamoqda.Buxoroda aholiga birinchi tibbiy sanitariya yordami koʻrsatishni namunali tashkil etish borasidagi ishlar tahliliga bagʻishlab oʻtkazilgan respublika seminarida ana shu alohida taʼkidlandi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Sogʻliqni saqlash vazirligi va viloyat hokimligi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda Vobkent tumani hamda Kogon shahri misolida birlamchi tibbiy xizmat hamda shoshilinch tibbiy yordam faoliyatini ilgʻor usullar asosida namunali  yoʻlga qoʻyishning afzalliklari haqida soʻz bordi.

-Bu oʻrinda eng avvalo tizimda innovatsion texnologiyalarni qoʻllash masalasi koʻzda tutilayapti,-deydi viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari I. Abdulhakov.  –Asosiy maqsad elektron sogʻliqni saqlash tizimini bosqichma bosqich joriy etishdan iborat.Deylik, masofadan turib shifokor qabuliga yozilish tizimining yoʻlga qoʻyilishi aholiga qulayliklar yaratadi.Bugina emas, yangi tizim  birlamchi boʻgʻin, ixtisoslashgan tibbiy xizmat hamda shoshilinch tibbiy yordam oʻrtasidagi  uzviylikni taʼminlashga xizmat qiladi.Yana bir muhim jihati shundaki,  elektron dastur tizimi yaratildi. Uning vositasida  chekka hududlarda faoliyat yuritayotgan shifokorlar viloyat markazidagi mutaxassisdan istalgan vaqtda zarur maslahatlar olishlari mumkin.

Aytish oʻrinliki, Vobkent tumani hamda Kogon shahrida ijtimoiy jihatdan muhim sanalgan loyihalarni amalga oshirish uchun mahalliy byudjetdan 600 million soʻm mablagʻ ajratilib, 72 kilometr uzunlikda optik kabellar oʻtqazildi.Muassasalar 100 dan ziyod zamonaviy kompyuter va boshqa jihozlar bilan taʼminlandi.

Seminarda tibbiy xizmat sohasidagi boshqa bir qator dolzarb masalalar ham muhokama qilindi.Vobkent tumani hamda Kogon shahrida toʻplangan ilgʻor tajribani viloyatning boshqa hududlarida, shuningdek respublikamizda tadbiq etish yuzasidan tavsiyalar berildi.

Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri N.Ismoilov ishtirok etdi.

Manba xs.uz

This entry was posted in Yangiliklar. Bookmark the permalink.